Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

Qaysarlikning oqibati

03.02.2018   8039   2 min.
Qaysarlikning oqibati

Hozir sizdan: “Oyog‘ingiz tagida yer bormi?” yoki “Tepangizda osmon bormi?” deb so‘rashsa siz hech ikkilanmay: “Ha”, deb javob berasiz. Alloh taologa ishonchimiz ham shunday kuchli bo‘lishi kerak. Kimdir sizdan: “Alloh taolo sizni ko‘rib turibdimi?” deb so‘rasa, ishonch va qat’iylik bilan “Ha” deb javob bera olishingiz kerak.

Keling, sizga misol tariqasida bir hikoya so‘zlab beray. Bir kuni ikki do‘st sayohatga chiqishibdi. Ulardan birining ko‘zi ojiz ekan. Kech kirganida ular dam olish uchun bir yerda to‘xtashibdi. U yer havosi huddi dengiz bo‘yidagidek kunduzi juda issiq, kechasi esa sezilarli darajada sovuq bo‘lar ekan. Tong otgach, do‘stlarning sog‘lomi yegulik topib kelgani ketibdi. Ko‘zi ojizi esa yon-atrofni qo‘li bilan paypaslab, qattiq narsani tutibdi. Sovuqda toshday qotib yotgan ilon ekan. Haligi odam ajoyib tayoq topib oldim deb o‘zida yo‘q xursand bo‘lib turgan paytda do‘sti biroz yegulik olib kelibdi. U ilonni ushlab o‘tirgan do‘stiga baqirib, qo‘lidagi ilonni  darhol tashlashini so‘rabdi. Ko‘zi ojiz kishi esa do‘stim menga hasad qilyapti deb o‘ylab ilonni mahkam ushlab olib bermayman deb turib olibdi. Do‘sti uning qo‘lidagi tayoq emas, ilon ekanini va uni zudlik bilan tashlab yuborishga harchand undasa ham, ko‘ndira olmabdi.

Xullas, ikkalasi yana yo‘lga chiqishibdi. Kun chiqib harorat ko‘tarilgach, ko‘zi ojiz kishining qo‘lidagi “tayoq” sekin o‘ziga kela boshlabdi. Nihoyat  yetarlicha isinib, kuchga kirgach, ko‘zi ojizni chaqibdi...

Olamlarga rahmat bo‘lib kelgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Merojga ko‘tarilganlarida do‘zaxning dahshati-yu, jannatning go‘zalligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganlar. Bizni do‘zax sari yetaklaydigan ishlardan qaytarganlar. Afsus, ba’zilar o‘zi ko‘rmagani bois qaysarlik qiladi, oqibatini o‘ylamaydi. Alloh taolo kech bo‘lmasidan ko‘zlarimizni ochsin, hidoyatga boshlasin, yaxshi, ezgu amallarni bardavom qilishga muvaffaq aylasin.

Dilafro‘z SALOHIDDIN qizi tayyorladi.

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Turkiy davlatlar muftiylari 10 ga yaqin muhim bayonot va fatvolarni imzoladilar

14.09.2026   9752   1 min.
Turkiy davlatlar muftiylari 10 ga yaqin muhim bayonot va fatvolarni imzoladilar

Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.

Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.

«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.

«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.

Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari