Kishi imon kalimasini aytib musulmon bo'lganidan so'ng shirk, kufr amalini qilmasa, halolni harom yoki haromni halol demasa, shu bilan birga, Alloh taolo buyurgan ishlarni bajarib, qaytariqlaridan qaytsa, najot topadi. Imomi A'zam rahmatullohi alayh: «Banda, shubhasiz, ishongach, unga: “Alloh taologa, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg'ambarlariga, vafot etgandan so'ng qayta tirilishga, yaxshilik ham, yomonlik ham Allohning taqdiri bilan bo'lishiga imon keltirdim, hisob, mezon, jannat va do'zax – hammasi haqdir”, deyishi vojib bo'ladi», deganlar (“Al-fiqhul akbar”).
Imonimiz taqozosiga ko'ra, insonni zohiriga e'tibor qaratamiz. Uning qalbini tekshirib ko'rishga imkonimiz yo'q va bunga mas'ul ham emasmiz. Demak, bir kishi imon kalimasini aytsa, biz, albatta, uning jonini, obro'sini, molini, dinini, naslini daxlsiz, deb bilamiz. Ya'ni, uning obro'sini to'kishga, moliga tajovuz qilishga haqimiz yo'q. U tilida imon kalimasini aytdimi, demak, u musulmondir.
Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu aytadi: «Bizni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Huroqa qabilasiga jo'natdilar. Biz ularni yanchib tashladik. Men va ansorlardan bir kishi dushmanlardan biriga ro'baro' kelib, uni qurshab oldik. U: “Laa ilaha illalloh”, dedi. Ansoriy uni tutib oldi. Men uni nayzam bilan o'ldirdim. Ortga qaytib kelganimizda, bo'lib o'tgan voqea Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning quloqlariga etib bordi. U zot yana: «Ey Usoma, “Laa ilaha illalloh”, degandan keyin ham uni o'ldirdingmi?» dedilar. Usoma: “U o'zini himoya qilish uchun shunday dedi”, dedi. U zot: “Laa ilaha illalloh”, degandan keyin ham uni o'ldirdingmi?” dedilar. Men Rasululloh bu gapni takrorlayverganidan, koshki shu kungacha musulmon bo'lmasam edi, deb orzu qildim».
Nurulloh Imamov,
To'raqo'rg'on tumani Honaqoh jome masjidi imom xatibi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan vohamiz aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayrli ishlar davom etmoqda.
Bugun, O‘MI Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov boshchiliklarida homiylar jalb etilgan holda mahalla hududidagi xonadonlarga tashrif buyurib, xonadon ahillari bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sovg‘a-salomlar va xayr-ehson qutilari tarqatildi.
Bunday xayrli tashabbuslar xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lib, ehtiyojmand oilalarga ma’naviy dalda va ko‘mak berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarimizda fayzu baraka bardavom bo‘lsin!
O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati