Cho‘pon va bo‘ri voqeasi Payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom)ning mo‘jizalaridan biridir.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Bir bo‘ri cho‘ponning oldiga keldi va uning qo‘ylaridan birini olib qochdi. Cho‘pon bo‘rining orqasidan yetib olib, qo‘yini tortib oldi. Shunda yirtqich jonivor (ya’ni, bo‘ri) bir tepalikka chiqib dumini oyoqlari orasiga qisib cho‘nqayib o‘tirdi va: “Sen Alloh taolo bergan rizqni mendan tortib olding”, dedi cho‘ponga qarab.
“Allohga qasam, men bo‘rining bunday gapirganini hech eshitmagan edim!”, deb hayratlandi cho‘pon. “Bundan ham ajablanarliroq narsa bor”, deya so‘zlashda davom etdi bo‘ri: “Ikki (vulqon o‘chganidan keyin hosil bo‘lgan) toshloq yer o‘rtasidagi xurmozorda bir odam sizlarga bo‘lib o‘tgan va sizlardan keyin bo‘ladigan ishlar haqida xabar bermoqda!” Haligi cho‘pon yahudiy edi. U Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib, Islomni qabul qildi va bo‘ri bilan bo‘lgan voqeani aytib berdi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) uni tasdiqladilar va: “Bu Qiyomat oldidan bo‘ladigan alomatlarning biridir”, dedilar. Birov (uyidan) chiqib ketadi. Qaytib kelsa, u ketganidan so‘ng oilasining nima bilan mashg‘ul bo‘lganini hatto oyoq kiyimlari va qamchisi so‘zlab berishiga yaqin qoladi”, dedilar” (Imom Ahmad).
Bu va bunga o‘xshash g‘aroyib hodisalar Rasululloh (alayhissalom)ning ulug‘ mo‘jizalari bo‘lgani uchun barchamiz so‘zsiz ularga imon keltirishimiz kerak.
“So‘ragan edingiz” kitobi asosida tayyorlandi
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Shayx Nuriddin Xoliqnazar tashabbuslari bilan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyati va qoziyotga qarashli barcha masjid imom-xatiblari tomonidan nuroniy keksalar, mehnat faxriylari hamda yordamga muhtoj oilalarning holidan xabar olindi. Tadbir doirasida muhtoj oilalarning turmushini yengillashtirish maqsadida bir oilaga zamonaviy quyosh paneli o‘rnatib berilib, qo‘shimcha bayram sovg‘alari topshirildi. Bunday xayriya tashabbuslari jamiyatda o‘zaro ahillik, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti