Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Sentabr, 2026   |   6 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:45
Quyosh
06:05
Peshin
12:18
Asr
16:40
Shom
18:33
Xufton
19:49
Bismillah
17 Sentabr, 2026, 6 Rabi`us soni, 1448

Bir hadisda o‘nta foyda...

30.01.2018   26149   3 min.
Bir hadisda o‘nta foyda...

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam  qabr oldida yig‘layotgan bir ayolni ko‘rib: Allohdan qo‘rq va sabr qil, dedilar. Shunda ayol: “Nari tur, chunki senga mendagi musibat yetmagandir va uni bilmaysan ham”, dedi. Sahobalar unga: “Bu kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdirlar”, deb aytdilar.

U ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning    darvozalariga keldi. Lekin u zot huzurlarida qo‘riqchilarni topmadi. Ayol: “Yo Rasululloh sizni tanimabman”, dedi. Shunda Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam: Haqiqiy sabr avvalgi zarba paytdagisidir, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Imom Muslimning rivoyatida: “U ayol go‘dak bolasiga yig‘layotgan edi”, deb keltirilgan.

Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:

  • Musibat yetganda sabrsiz bo‘lish, taqvosizlikka olib keladi.
  • Islomda madh qilingan sabr – musibatning avvalida kilinganidir. Boshida besabrlik qilib, keyin ilojsizlikdan qilingan sabr – sabr emas...

Chunki kunlar o‘tgan sayin inson ovunib tinchlanishi tabiiy hol. Bunday vaqtda qilingan sabrdan esa foyda yo‘q.

Ulamolar musibatga chiroyli sabr qilishning uchta sharti borligini zikr qiladilar. Ixlos. Musibatni avvalida qilingan sabr. Jazavaga tushib, Allohga shikoyat qilmaslik.

  • Shariat ahkomlariga nomuvofiq holatga shohid bo‘lgan kishi, amru ma’ruf, nahiy munkar (yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarish) qilishi lozimligi.
  • Inson o‘ziga yetgan musibatga, chiroyli sabr qilish, Allohning qazoi–qadariga rozi bo‘lish, niyati va sobitqadamligini yaxshi qilib, ajr savobga erishadi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadisda zikr qilingan ayolni taqvoga (Allohning amriga bo‘ysunish, qaytargan narsalaridan tiyilish) va sabr qilishga amr qildilar.
  • Musibatdan azob chekayotgan kishini avf etish va uning uzrini qabul qilish. Boisi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga “Nari tur, chunki senga mendagi musibat yetmagandir va uni bilmaysan ham”, degan ayolning oldidan ketganliklari...
  • Nasihat qiluvchi, nasihat va mav’iza qilinganda, o‘ziga yetgan ozorlarni ko‘tarishi va sabr qilishi lozim. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haligi ayolning yoqimsiz muomalasini ko‘tardilar. Aslida, bu gaplari uchun unga muomalasiga yarasha, qo‘pol muomala munosib edi.
  • Hokim, qozi kabi xalq ishlariga mas’ul shaxslar, eshiklari oldiga kishilarni kirishini man qiladigan qoravullarni qo‘yib olmasligi.

Chunki ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelganda eshiklari oldida qoravulni ko‘rmadi.

  • Hokim va musulmonlarning ishlaridan biror ish zimmasiga yuklatilgan shaxslar, e’tiborlarini tortgan har bir narsani, shaxsan o‘zlari borib ko‘rishi, yaxshilikka buyurishi, yomonlikdan qaytarishi, xatosini kechirishi, hojat istaklarini bajo keltirishi, kamchiliklarini to‘ldirishi, uzrlarini qabul etishi lozim.
  • Hokim va musulmonlarning ishlariga mas’ul shaxslar xalqdan ajralib turadigan holatda bo‘lmasliklari lozim. Chunki ayol kishining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tanimaganining sababi ul zoti bobarakotning oddiy odamlardan ajralib turadigan alohida belgi, alomatlari yo‘q edi.
  • Ushbu xadisi sharifdan, ayollar ham erkaklar kabi qabrlarni ziyorat qilishlari joizligi ma’lum bo‘ladi. Chunki bu ish mumkin bo‘lmaganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haligi ayolni yig‘lashdan qaytarganlaridek, kabrni ziyorat qilishdan ham qaytargan bo‘lar edilar.

 

Toshkent tumani “Xolmuhammad ota” jome masjidi imom-xatibi Avazxo‘ja BAXROMOV

manbalar asosida tayyorladi  

O‘MI Matbuot xizmati

Hadisi sharif
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muftiy hazrat Saudiya Arabistonidagi nufuzli xalqaro anjumanda ishtirok etmoqdalar

07.09.2026   33919   1 min.
Muftiy hazrat Saudiya Arabistonidagi nufuzli xalqaro anjumanda ishtirok etmoqdalar

Bugun, 7 sentyabr kuni musulmon dunyosining eng nufuzli ilmiy muassasalaridan biri — Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi tomonidan Jidda shahrida xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.

Ushbu nufuzli anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari mazkur davlatlararo maqomga ega tashkilot a’zosi sifatida ishtirok etmoqdalar.

Ilmiy-fiqhiy kengashda musulmon olamining ko‘zga ko‘ringan ulamolari, akademiyaga a’zo davlatlarning muftiylari, yetakchi fatvo kengashlari rahbarlari, Al-Azhar singari yirik ilm dargohlarining olimlari hamda nufuzli tadqiqot markazlari professorlari qatnashmoqda.

So‘zga chiqqan notiqlar xotin-qizlarni har qanday shakldagi tazyiq, zo‘ravonlik va kamsitishlardan himoya qilishda din peshvolari hamda ulamolarning o‘rnini oshirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda zo‘ravonlikka qarshi murosasiz muhitni shakllantirishda ilmiy-shar’iy manbalarning ahamiyati haqida nutq qilmoqdalar. Shuningdek, Islom dini ayollar huquqlari, sha’ni va qadr-qimmatini yuksak darajada qadrlashini targ‘ib qilishga alohida urg‘u qaratmoqdalar.

Anjuman tafsilotlarini tarmoqlarimizda kuzatib boring.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari