Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Fevral, 2026   |   26 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:00
Quyosh
07:20
Peshin
12:42
Asr
16:13
Shom
17:59
Xufton
19:12
Bismillah
14 Fevral, 2026, 26 Sha`bon, 1447

29.01.2018   35391   1 min.
Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Allohning borligiga aqliy dalillar - 5 qism

12.02.2026   2683   3 min.
Allohning borligiga aqliy dalillar - 5 qism

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Faylasuflar: “Doimiy bir xil qonuniyatlarga bo‘yinsunish Yaratuvchining qudratini cheklab qo‘yadi. Chunki yagona iloh bo‘lgan Zot o‘zi o‘rnatgan qonunlarga o‘zgartirish kiritishga haqqi bor va aynan shu narsa qudratning davomiyligi va erkinligini ko‘rsatib beradi. Doimiylik ba’zan mukammalik va betakrorlikka ishora qilishi mumkin. Lekin bu qudrat erkinligini cheklab qo‘yadi”, deydilar.

(Bu bilan falsafachilar koinotdagi qonuniyatlarning o‘zgarmasligini inkor qilishmoqda va uni ojizlik belgisi sifatida baholashmoqda. Tarjimon).

Alloh taolo O‘z qudartining erkinligini shu borliq misolida ham ko‘rsatgan. Lekin aynan koinot misolida uning o‘zgarmasligini bitib qo‘ygan. Chunki koinotdagi qonunlarning o‘zgarishi mumkinligini bitib qo‘yganida quyosh bir kun chiqib, bir kun chiqmasligi, yer bir muddat aylanib, bir muddat to‘xtab turishi tabiiy bir holga aylanib qolardi. Agar yulduzlar harakatida tartibsizlik bo‘lganida koinot buzilib ketardi.

Demak, koinotdagi asosiy qonuniyatlar o‘zgarmas bo‘lib qoladi va doimiydir. Aks holda tartib yo‘qoladi. Tartib yo‘qolganda esa borliq ham yo‘q bo‘lib ketadi. Shunday ekan, “koinotdagi qonunlar o‘zgarmasligi qudrat erkinligini cheklab qo‘yadi” degan gap noto‘g‘ridir. Aksincha, doimiylik va o‘zgarmaslik ilohiy qudrat erkinligini ifodalaydi. Doimiylik esa borliqning mavjud bo‘lishi uchun kerak.

Alloh taolo tartibsiz borliq yaratishni maqsad qilishi mumkin emas. Aksincha, buyuk qudratiga munosib bir borliqni yaratgan. Ayni erkin qudratining ta’sirida bu borliqdagi qonuniyatlar o‘zgarishsiz qoladi. Borliqdagi hayotni buzmagan holda ayrim noodatiy hodislarni ham O‘z qudrati ila ko‘rsatib turadi. Bu narsani esa qudrati erkinligini ko‘rsatish uchun qiladi.

Allohning qudrati erkinligiga dalil bo‘ladigan narsalarga misol keltirsak. Ana shunday yorqin misollardan biri bu payg‘ambarlarga berilgan mo‘jizalardir. Lekin bu haqda uzoq gaplashmoqchi emasmiz. Chunki biz faqat aqliy dalillar keltirishni maqsad qilganmiz. Ma’lumki, borliqdagi barcha narsalar Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga dalil bo‘la oladi. Shuningdek, Allohning qudrati cheksizligiga dalolat qiladi.

Insonning paydo bo‘lishiga nazar solaylik. Inson ham boshqa narsalar kabi juft bo‘lgandagina paydo bo‘ladi. Bu sababiyat qonuni deyiladi. Lekin ba’zida sog‘lom erkak va ayol turmush qursalar ham farzand bo‘lmaydi. Chunki barcha narsa Allohning xohishi bilangina amalga oshadi. Alloh taolo bunday marhamat qilgan:

﴿لِلَّهِ مُلْكُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ يَخْلُقُ مَا يَشَاءُ يَهَبُ لِمَنْ يَشَاءُ إِنَاثًا وَيَهَبُ لِمَنْ يَشَاءُ الذُّكُورَ أَوْ يُزَوِّجُهُمْ ذُكْرَانًا وَإِنَاثًا وَيَجْعَلُ مَنْ يَشَاءُ عَقِيمًا إِنَّهُ عَلِيمٌ قَدِيرٌ﴾

“Osmonlar-u yerning mulki Allohnikidir. U Zot xohlagan narsasini yaratur. U Zot xohlagan kishisiga qizlar hadya etur va xohlagan kishisiga o‘g‘illar hadya etur. Yoki ularni juftlab – o‘g‘il-qiz berur va xohlagan kishisini tug‘mas qilur. Albatta, U Zot o‘ta biluvchi va o‘ta qodirdir” (Shuro surasi, 49-50-oyatlar).

Erkak va ayol juftlashganda farzand paydo bo‘ladi. Biroq, sababiyat olamida Allohning qudratigina amalga oshishini hisobga olsak, yillar birga yashasa ham er-xotindan farzand dunyoga kelmas ekan. Sababiyat qonunlari bor bo‘lsa-da, Allohning qudrati erkindir va sababiyat unga qarshi chiqishi mumkin emas. Alloh taolo doimo bu qonuniyatni buzavermaydi. Aksincha, ba’zida shu sababiyat qonunlarini buzib turadi va qudrati erkin ekanligini ko‘rsatadi. Chunki bunday qilmasa biz sabablarni hamma narsadan ustun bilib qolishimiz mumkin.

Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan

Maqolalar