Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Kiyimni kiyishda “Bismillah” (Allohning nomi bilan) deyish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohning zikri va “Bismillahir rohmanir rohiym” bilan boshlanmagan ahamiyatli har bir ishning orqasi kesikdir», deganlar.
2. Libosni kiyishda o‘ng tarafdan boshlash.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Agar kiyinsangiz, o‘ngdan boshlang”, deganlar (Imom Termiziy, Imom Abu Dovud, Imom Ibn Moja rivoyati).
Boshqa hadisda: “Sizlardan birortangiz poyabzal kiysa, o‘ngdan, yechganda chapdan boshlasin. Kiyganda har ikkisini kiysin, yechganda har ikkisini yechsin”, deyiladi (Imom Muslim rivoyati).
3. Libosni kiyganda quyidagi duoni qilish:
الْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي كَسَانِي هَذَا وَرَزَقَنِيهِ مِنْ غَيْرِ حَوْلٍ مِنِّي وَلا قُوَّةٍ
“Alhamdu lillahi allaziy kasaniy haza va rozoqoniyhi min g‘oyri havlin minniy va laa quvvatin”
“Menga ushbu libosni mening tarafimdan hech qanday kuch-qudratsiz kiydirgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin”.
4. Kiyimni yechishda chap tarafdan boshlash.
5. Yechganda ham “Bismillah” ni aytib yechish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Odam bolalarining avrati bilan jinlarning ko‘zlari o‘rtasidagi parda kiyimni yechganda “Bismillah” deyishdir» (Imom Tobaroniy rivoyati).
6. Yangi libos kiyganda duo qilish.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam ishton, ko‘ylak, rido yoki salla kiysalar, quyidagi duoni o‘qir edilar:
اللَّهُمَّ لَكَ الْحَمْدُ أَنْتَ كَسَوْتَنِيه أَسْأَلُكَ مِنْ خَيْرِهِ وَخَيْرِ مَا صُنِعَ لَهُ وَأَعُوذُ بِكَ مِنْ شَرِّهِ وَشَرِّ مَا صُنِعَ لَهُ
“Allohumma lakal hamdu anta kasavtaniyhi asaluka min xoyrihi va xoyri ma sunia’ lahu va a’uzu bika min sharrihi va sharri ma sunia’ lahu”
“Allohim, men sendan ushbu libosdagi yaxshilikni va unga bog‘liq yaxshilikni so‘rayman. Men sendan undagi yomonlikdan va unga bog‘liq yomonlikdan panoh so‘rayman” (Imom Termiziy, Imom Abu Dovud, Imom Ahmad rivoyati).
7. Yangi libos kiygan kishining haqqiga duo qilish:
“Baxtli hayot kechiring, shahodat bilan vafot eting” (Imom Termiziy rivoyati).
“Kiyib eskirtiravering, Alloh o‘rniga boshqasini beraversin” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD