Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Avgust, 2026   |   5 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:08
Quyosh
05:35
Peshin
12:27
Asr
17:17
Shom
19:22
Xufton
20:45
Bismillah
18 Avgust, 2026, 5 Rabi`ul avval, 1448

Sog'lom aqidaning mo'min hayotidagi ahamiyati

08.05.2023   3002   5 min.
Sog'lom aqidaning mo'min hayotidagi ahamiyati

Har bir balog'atga etgan aqli raso musulmon uchun dastlab sog'lom aqidani o'rganishi farz bo'ladi. Shuningdek, Islomni qabul qilgan kishiga ham amaliy hukmlarni o'rgatishdan oldin sog'lom aqida hukmlari o'rgatiladi. Bunga Imom Muslim rivoyat qilgan quyidagi hadis dalildir. Payg'ambarimiz sollalllohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga yuborayotganlarida bunday deganlar:

إِنَّكَ تَقْدَمُ عَلَى قَوْمٍ أَهْلِ كِتَابٍ فَلْيَكُنْ أَوَّل مَا تَدْعُوهُمْ إِلَيْهِ عِبَادَة اللَّهِ عَزَّ وَجَلَّ فَإِذَا عَرَفُوا اللَّهَ فَأَخْبِرْهُمْ أَنَّ اللَّهَ فَرَضَ عَلَيْهِمْ خَمْسَ صَلَوَاتٍ فِى يَوْمِهِمْ وَلَيْلَتِهِمْ

“Siz ahli kitob bo'lgan qavmga boryapsiz, ularni avval chaqiradigan narsangiz Alloh azza va jallaga ibodat qilish bo'lsin. Qachon Allohni tanisalar, Alloh ularga bir kecha-kunduzda besh vaqt namoz farz qilganini xabar bering”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu hadislarida musulmon kishi eng avval to'g'ri aqidani o'rganishi lozimligini xabar berganlar.

Sog'lom aqida Islom dinining asosi bo'lgani uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg'ambar etib yuborilganlaridan so'ng deyarli o'n uch yil davomida u zotga, asosan, aqidaga taalluqli hukmlar vahiy qilingan.

Ulamolar “Sog'lom aqidani qisqacha qilib Alloh taologa, farishtalariga, kitoblariga, payg'ambarlariga, oxirat kuniga, qadarning yaxshisi ham, yomoni ham Allohdan ekaniga va o'lgandan so'ng qayta tirilishga iymon keltirishdir”, deb tushunish mumkin, deganlar.

Mazkur narsalarga qat'iy ravishda ishonish sog'lom aqidaning asoslari bo'lib, iymon keltirish lozim bo'lgan barcha narsalar mazkur asoslardan kelib chiqadi.

Bayon qilingan ushbu aqida turli zamonlar va makonlar tufayli o'zgarmagan,  yuborilgan barcha payg'ambarlarda farqlanmagan yagona qat'iy e'tiqoddir.

Sog'lom aqidaning avvali Alloh taoloning borligiga, birligiga va komil sifatlar bilan sifatlanganiga iymon keltirish hisoblanadi. Musulmon kishi nomusulmon kishidan “Ashhadu an la ilaha illalloh” (Allohdan o'zga ma'bud yo'qligiga guvohlik beraman) deb shahodat kalimalarini aytishi va ularning taqozosiga ko'ra hayot kechirishi bilan ajralib turadi. Ushbu guvohlik berish musulmonlikning asosi hisoblanib, musulmon kishining hamma qarashlari mazkur asos ustiga quriladi.

Shunga ko'ra, sog'lom aqida mo'minning hayotida mislsiz ahamiyatga egadir:

– sog'lom aqida mo'min banda va Alloh taolo o'rtasidagi aloqaning mohiyati nimadan iboratligini tushuntirib beradi. Ulamolar sog'lom aqidali musulmonning tasarrufi qanday bo'lishiga quyidagicha misol keltirganlar. “Bir kishiga do'sti ma'lum miqdorda mablag' berib uni qayerlarga sarflashini tayinlasa, do'sti mazkur joylarga ortiqcha qiynalmasdan, ichi achishmasdan sarflaydi. Chunki unda qo'lidagi mablag' to'g'risida “bu mablag' mening shaxsiy molim emas, mening qo'limda turgan omonatdir, men uni faqatgina egasi tayinlagan joylarga sarflovchiman xolos” degan sog'lom aqidasi bo'ladi. Shu ma'noda sog'lom aqidali mo'min kishi o'zidagi barcha narsalarni Alloh taoloning unga bergan omonati deb biladi. Molidan zakot yo ushr yoki etim-esirlarga biror ehson qilar ekan, o'z yonidan berayotgandek og'rinib emas, balki zimmasidagi omonatini ado etayotganidan xursand bo'lib sarflaydi. Bu esa undagi sog'lom aqidaning samarasi hisoblanadi;

  • sog'lom aqida qilingan ibdatlarning qabul bo'lishiga sabab bo'ladi. Chunki sog'lom aqidasiz qilingan amallar qabul bo'lmaydi;
  • dunyoda saodatli hayot kechirish sog'lom aqidaga bog'liq;
  • sog'lom aqida kishini nafsi talpinayotgan harom ishlardan to'sib turadi;
  • sog'lom aqida kishini doimo Alloh taologa ibodat qilishga chorlab turadi. Chunki e'tiqodiy hukmlar va amaliy hukmlar poydevor va uning ustiga qurilgan binodek bir-biriga chambarchas bog'liqdir. Shuning uchun ham e'tiqodiy hukmlarga qalb bog'lanmasdan turib amaliy hukmlarni hayotga to'g'ri tatbiq etib bo'lmaydi.
  • oxiratda najot topish sog'lom aqidaga bog'liq.

Demak, dunyoda baxtli hayot kechirib, oxiratda jannatga kirishni  xohlagan inson, albatta, sog'lom aqidani o'rganishi va uning taqozosiga ko'ra yashashi lozimdir.

Imom Buxoriy nomidagi

Toshkent islom instituti

“Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi

katta o'qituvchisi Abdulqodir domla Pardayev

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mustaqillik shukuhi — ezgulik va saxovat timsoli

14.08.2026   21199   1 min.
Mustaqillik shukuhi — ezgulik va saxovat timsoli

Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda tinchlik, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan,13 avgust kuni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, otinoyilar, «Haj–2026» ziyoratidan qaytgan hoji otalar va hoji onalar hamda mahalla faollari ishtirokida Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari R.Sobitov ishtirok etdi. Tadbir doirasida    «Mustaqillik shukuhi» shiori ostida Urganch shahridagi boquvchisini yo‘qotgan, yetim, nochor va kam ta’minlangan oilalardan 100 nafariga VAQF jamoat fondi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu xayrli amal orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak va samimiy mehr-e’tibor ulashildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi matbuot xizmati