Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

Bir oyat tafsiri ruknidan: mo‘minlarga mag‘firat so‘rang

28.01.2018   11018   3 min.
Bir oyat tafsiri ruknidan: mo‘minlarga mag‘firat so‘rang

“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar ayturlar: “Parvardigoro, bizlarni va bizlardan ilgari imon bilan o‘tganlarning gunohlarini kechir. Qalblarimizda imon keltirganlarga nisbatan nafrat paydo qilma! Parvardigoro, Sen mehribon va rahmlisan!” (Hashr, 10)

Bu oyati karimadan oldingi oyatlarda muhojir va ansorlarning sifatlari zikr etilgan. Bu oyatda esa ulardan so‘ng qiyomatgacha dunyoga keladigan musulmonlarning sifatlari qanday bo‘lishi lozimligi bayon etilgan.

“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar”dan murod tobeinlar va qiyomatgacha keladigan musulmonlardir.

Mus’ab ibn Sa’d aytadi: “Musulmonlar uch rutbadadir. Ikki rutba o‘tgan, faqat oxirgi bir rutba qolgan – ana shu rutbada bo‘lishingiz siz erisha oladigan eng katta yutuqdir”.

Bu oyat sahobalarni yaxshi ko‘rish vojibligiga dalildir. Shuning uchun ahli sunnat val jamoatda bo‘lgan kishi sahobalardan birortasini so‘kmaydi, ularni yomon ko‘rmaydi va ahli qibladan hech kimni kofirga chiqarmaydi.

“Parvardigoro! Bizlarni va bizlardan ilgari imon bilan o‘tganlarning gunohlarini kechir!”

Oysha onamiz roziyallohu anho bunday degan ekanlar: «Men Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: “Bu ummat keyingilari oldingilarini la’natlamagunicha yo‘q bo‘lmaydi” deganlarini eshitganman» (Ibn Kasir bu hadisni Bag‘aviydan rivoyat qilib keltirgan).

Demak, o‘tgan buyuk zotlar allomai zamonlarni behurmat qilish, ularni la’natlash ummatning halokatiga sabab bo‘lar ekan.

«Ibn Umar roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini eshitganman: “Sahobiylarimni so‘kayotganlarni ko‘rsangiz “Sizlarning yomonlaringizni Alloh la’natlasin!” deb ayting (Imom Termiziy rivoyati).

Sha’biy aytadi: “Yahudiylar va nasroniylar rofiziylardan* bitta xislati bilan ustun turishadi – yahudiydan “millatingizning eng yaxshilari kimlar?” deb so‘rasangiz, darhol “Musoning (alayhissalom) as'hobi”, deb javob berishadi. Nasroniylarga shu savol berilsa, hech ikkilanmay “Isoning (alayhissalom) as'hobi”, deyishadi.

Rofiziylardan “Millatingiz orasida eng yomonlari kimlar?” deb so‘rasangiz, “Muhammadning (alayhissalom) as'hobi”, deb javob berishadi. Holbuki, ular sahobiylar haqiga mag‘firat so‘rashga buyurilgan”.

“Qalblarimizda imon keltirganlarga nisbatan nafrat paydo qilma!” Oyati karimada hozirgi kunimizda g‘oyat dolzarb bo‘lib turgan masala yechimi bayon qilingan. Bu nafrat har qanday kelishmaslik, fitna, parokandalik bois qalbda paydo bo‘ladigan nafratdir.

Bu oyat mo‘minlarni bir-birlariga nafrat qilmaslikka buyuradi. Bu ilohiy farmonga to‘liq amal qilinsa, insonlar orasida do‘stlik, birodarlik qaror topadi.

Alloh taolo qalbimizda mo‘minlarga nisbatan nafrat paydo bo‘lishidan saqlasin.

Qurtubiy tafsiri asosida

No‘mon ABDULMAJID

 tayyorladi.

O‘MI Matbuot xizmati

 

* Rofiziylar (arabcha “rofiz” – tark etish, rad etish, maslagidan qaytish ma’nolarida) – o‘rta asrlarda izchil Islom yo‘lidan chetga chiqqan oqimlar, xususan, shialar (Abu Bakr va Umarning (roziyallohu anhum) xalifalik huquqini rad etganlari uchun) rofiziylar deb atalgan. Keyinchalik hazrat Alini (roziyallohu anhu) ilohiylashtirish tarafdorlari bo‘lgan firqalar (xususan, ismoiliylar) shu nom bilan atalgan. Umumiy ma’noda “rofiziylar” atamasi imomiylar, alaviylar va zaydiylarga nisbat beriladi (“Islom ensiklopediyasi”).

 

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Videolar

“JUMADAN JUMAGACHA” (14.08.2026)

16.08.2026   30359   1 min.

00:00 Xabarlar

00:56 “Network News Pakistan”: 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi

01:25 “Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

01:57 Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

04:45 Toshkentda Malayziya xalqaro halol ko‘rgazmasi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda

05:20 Har bir xonadonga bayramona kayfiyat kirib bormoqda

06:00 Istiqlol shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda

06:34 Xonadonlarga mehr, ko‘ngillarga umid ulashib...

07:08 Bir guruh imom-xatiblar Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lishdi

07:43 Xorazmda yangi o‘quv yili oldidan xayriya tadbiri o‘tkazildi

#yangiliklar

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

ISHONCHLI VA RASMIY MANBA

 YouTube | Instagram |  Facebook

VIDEO