Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyun, 2026   |   20 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:07
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:58
Xufton
21:34
Bismillah
07 Iyun, 2026, 20 Zulhijja, 1447

Markaziy Osiyo davlatlarida chaqaloqlarga qo‘yilayotgan eng mashhur ismlar

28.01.2018   10892   7 min.
Markaziy Osiyo davlatlarida chaqaloqlarga qo‘yilayotgan eng mashhur ismlar

Farzand tavalludi — juda quvonchli voqea. Shu bilan birga o‘ta mas’uliyatli ham. Dastlabki murakkab palla chaqaloqqa ism tanlashda yuzaga keladi. Ayrim hollarda yosh ota-ona farzandiga ism qo‘yishni oilasidagi eng hurmatli keksalarga (odatda, ota tomondan bobosiga) ishonib topshirishadi, ayrimlar esa qandaydir yozilmagan qoidalar va irim-sirimlarga murojaat qilishadi. Eng so‘nggi modadagi ismlar ham borligiga nima deysiz? «Ochiq Osiyo onlayn» 2017 yilda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikistonda qaysi ismlar ko‘proq qo‘yilganini aniqlashga harakat qilib ko‘rdi.

Qirg‘iziston. Sof musulmoncha ismlar

«Ochiq Osiyo onlayn» hamkori — kaktus.media'ga bunday ma’lumotlarni davlat qayd etish xizmati bergan. Ularning bergan ma’lumotiga ko‘ra, o‘g‘il bolalarga qo‘yilgan ismlar ichra eng mashhuri Umar bo‘lgan. Qirg‘izistonda 2017 yilda 2886 ta chaqaloqqa shu ism qo‘yilgan.

O‘g‘il bolalarga qo‘yiluvchi Umar ismi arab tilidan tarjima qilinsa «hayot» ma’nosini beradi. Islom olamidagi ikkinchi xalifaning ismi shunday bo‘lgan.

Qiz bolalar ismi ichra eng mashhuri Rayana bo‘lgani qayd etilgan. 2017 yilda 1860 qizaloqqa shu ism qo‘yilgan.

Rayana ismi ham arabcha. Talqinlarning biriga ko‘ra u «to‘latilgan, to‘yintirib sug‘orilgan» ma’nosini beradi.

2017 yilda jami 155 ming 36 chaqaloq tug‘ilgan. 2016 yilda ularning soni 159 ming 584 nafar bo‘lgan. 2015 yilda eng mashhur ismlar Umar va Oybeka (Aybiyke) bo‘lgan. So‘nggi o‘n yil ichida eng mashhur ismlar Azamat, Aleksandr, Nurbek, Nurlan va Oybek singarilari bo‘lgan. Qiz bolalar ismi ichra Oynura (Aynura), Nargiza, Tatyana, Dinara va Aida ko‘proq uchragan.

Qozog‘iston. Urf o‘zgarmayapti

Alixon va Ayzere (Oyzara) Ostonadagi eng ko‘p qo‘yilgan ismlar bo‘lgan, deb xabar beradi shahar hokimiyatining rasmiy sayti. 2017 yilda Ayzere ismi Qozog‘iston poytaxtida 405 ta chaqaloqqa qo‘yilgan. Ikkinchi o‘rinda Aylin — 354 marta. Uchinchi o‘rinda Amina ismi bormoqda — 353 marta. O‘tgan yili Ayaru, Oysha, Rayana, Ayala, Kausar, Madina, Dariya kabi ismlar ham ko‘p qo‘yilgan. Dastlabki o‘nlikdan tashqarida Adiya, Aysana, Inju, Ayim va To‘maris kabi ismlar bor.

O‘g‘il bolalar ichra eng mashhur ismlar uchligiga Alixon, Amir va Ali kirgan. O‘tgan 12 oy ichida bu ismlar bilan mos ravishda 328, 255 va 222 chaqaloq nomlangan. Bulardan tashqari o‘g‘ilchalarga Oysulton, Sanjar, Oldiyor, Erasil, Arlan, Arsen, Nurislom, Alan, Mansur, Ramazon, Meros va Alinur kabi ismlar qo‘yilgan.

Poytaxtda yil bo‘yi jami 34.087 ta chaqaloq tug‘ilgan. Bu esa 2016 yilga nisbatan 2031 taga ko‘pdir.

Qozog‘iston bo‘yicha to‘liq ma’lumotlar yo‘q. Lekin yarim yillik ma’lumotlarga tayanilsa, butun mamlakat bo‘ylab ahvol poytaxtdagiga juda o‘xshash: Ayzere va Alixon yetakchilik qilmoqda. Ayzere tug‘ilgan qizaloqlarga qo‘yilayotgan ismlar ichra yetakchilikni qatorasiga uchinchi yildirki bermayapti.

Ayzere — turkiycha-forscha ism. «Ay» turkiy tillarda «oy» degani, «zer» esa forscha «zar» (oltin) ma’nosini beradi. Ko‘chma ma’noda bu ismga «vafodor», «go‘zal», «ziyrak» ma’nosini yuklashadi.

Umuman olganda, uchlikda qizlar ismi ichra Ayzere, Ayaru va Rayana, o‘g‘il bolalarning ismlari orasida Alixon, Oysulton va Nurislom yetakchilik qilmoqda.

Alixon ismi arab-turk tillaridan kelib chiqqan bir bir necha tarjimaga ega. Talqinlardan biriga ko‘ra, Alixon — «Xudoning sheri» ma’nosini beradi. Ikkinchi talqinga ko‘ra Ali so‘ziga ko‘ra va turk yoki mo‘g‘ullarning xon, podshoh, hukmdor titullariga binoan «buyuk xon» yoki «ilohiy hukmdor» ma’nosini beradi.

O‘zbekiston. Barchasi an’analar doirasida

O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi o‘zining Telegram kanalida mamlakatning 2017 yildagi tug‘ilishga oid fuqarolik holatini qayd etish bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, respublikada 722.094 nafar chaqaloq tug‘ilgan. Bu bir yil avvalgiga nisbatan 10.490 bolaga kam. O‘g‘il bolalar qizaloqlarga nisbatan ko‘proq tug‘ilgan.

2017 yilda qizaloqlarga qo‘yilgan ismlar ichra Madina ismi yetakchilik qilgan. Mamlakatda 5678 ta qizaloqqa shu ism qo‘yilgan. O‘g‘il bolalar ichra eng mashhur ism Azizbek bo‘lgan — 5674 marta. Umuman, www.factorname.ru sayti ma’lumotlariga ko‘ra, Aziz ismi (uning Azizbek, Azizjon variantlari) 17 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan yigitlarning mashhur ismlari yigirmataligiga kiradi. Biroq 25 yoshgacha bo‘lgan o‘zbekistonlik o‘g‘il bolalar ismi ichra eng mashhuri Sardor ismidir. Rossiyaliklar negadir o‘zbeklarda eng ko‘p tarqalgan ism Rustam yoki Anvar deb hisoblashar ekan.

Adliya vazirligi tug‘ilgan chaqaloqlar bo‘yicha yana bir qiziq ma’lumotni bayon qilgan. O‘tgan yili O‘zbekistonda og‘irligi qariyb 10 kilogram, aniqrog‘i 9870 gramm bo‘lgan qizaloq dunyoga kelgan. Eng daroz chaqaloqning bo‘yi 70 santimetrni tashkil etgan. Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida esa ona o‘zining 9-farzandini dunyoga keltirgan.

Tojikiston. Hech qanday o‘zboshimchaliksiz

Tojikistondagi mashhur ismlar haqidagi ma’lumot oshkor etilmaydi. Lekin u yerda yangi tug‘ilayotgan chaqaloqlarga qo‘yilishi lozim bo‘lgan ismlardan iborat, qat’iyat bilan tavsiya etilayotgan katalog bor. Uning tuzilishi haqida gap-so‘zlar 2015 yildan boshlangan bo‘lsa-da, u faqat o‘tgan yilga kelib chop etildi. Ilgariroq, chaqaloqlarni milliy madaniyatga xos bo‘lmagan ismlar bilan atashni taqiqlovchi qonun qabul qilingan. To‘plamga 3 mingdan ziyod ismlar kiritilib, ularning tojikcha, ruscha va inglizcha yozilish variantlari ko‘rsatib o‘tilgan. Nashrning umumiy tiraji 10 ming nusxani tashkil etgan.

Lekin ota-onalar farzandiga tasdiqlangan «Milliy ismlar reyestri»dan tanlashga majbur emas. Nima bo‘lganda ham, Tojikiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Milliy qonunchilik markazi direktori Mahmad Rahimzoda shunday degan, — deb yozadi Sputnik Tojikiston. Amaldor nafaqat bunday huquq mavjudligini ta’kidlagan, o‘zi ham reyestoriga qarshi borgan. U nevarasiga Ashkinoz deb ism qo‘ygan, bu ism «Milliy ismlar reyestri»da yo‘q. «Barcha ota-onalar o‘z farzandi uchun o‘zlari chiroyli nom tanlashga haqli. Masalan, men nevaramga Ashkinoz deb ism qo‘ydim. Bu ism katalogda yo‘q. Lekin men maxsus komissiyaga xat bilan murojaat qildim, ular mening tanlovimni ma’qullashdi», — degan Rahimzoda.

Mulozim o‘z farzandiga noodatiy ismlar qo‘ymoqchi bo‘lgan yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning ota-onalariga o‘z takliflari bilan maxsus komissiyaga murojaat qilishni maslahat bergan.

Manba: http://kun.uz

 

 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Hadislar ham Alloh muhofazasidadir

04.06.2026   6617   12 min.
Hadislar ham Alloh muhofazasidadir

Hadislarning islomdagi yuksak ahamiyati va asosiy yo‘riqnoma ekani, muqaddas dinimizning barcha jihatlari Sunnatga bog‘liqligi xuddi Qur’oni kabi hadislarni ham Alloh himoya qilishini taqozo etadi. Buni quyidagi dalillar misolida ko‘rish mumkin.

Birinchidan, Muhammad sollallohu alayhi vasallam – oxirgi Payg‘ambar, u zot keltirgan shariat qiyomatgacha qoluvchi so‘nggi shariatdir. Bu shariat hadislar bilangina mukammal bo‘lib, unga faqat Sunnat orqali komil amal qilish mumkin. Demak, shariat qiyomatgacha o‘zgarishlarga uchramay saqlanishi uchun uning ikki asosi bo‘lmish Qur’on ham, hadislar ham muhofaza qilingan bo‘lishi shart.

Ikkinchidan, Alloh taoloning quyidagi so‘zlarida buning tasdig‘i yaqqol namoyon bo‘ladi: «Ular Allohning nurini og‘izlari bilan o‘chirmoqchi bo‘lurlar. Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasa ham, o‘z nurini batamom qilishdan boshqa har narsadan bosh tortadir. U garchi mushriklar yoqtirmasa ham, O‘z Rasulini hidoyat va haq din bilan hamma dindan ustun qilish uchun yuborgan Zotdir» [Tavba surasi, 32-33-oyatlar].

«Allohning nuri» – Rasuliga yuborgan hidoyat va haq din. Bunga ham vahiyning ikki turi – Qur’on va hadis kiradi. Bu nurni faqat Qur’on bilan cheklashga hech qanday asos yo‘q, chunki islom dini hadissiz to‘liq bo‘lmaydi. Chunki, uni hadislardan ayro holda tasavvur qilish imkonsizdir.

Yuqoridagi oyatning ma’nosini quyidagicha tushunish mumkin: «Kofirlar Allohning dinini yolg‘on va urushlar bilan yo‘q qilmoqchi bo‘ladi, lekin buni uddalay olmaydi. Ular quyosh nurini puflab o‘chirmoqchi bo‘lgan nodonlarga o‘xshaydi. Alloh taolo O‘z dinini muqarrar g‘olib qiladi».

Uchinchidan, Alloh taoloning mana bu kalomi: «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» [Hijr surasi, 9- oyat].

Ushbu dalil “zikr” so‘zining ma’nosiga bog‘liq. Lug‘at kitoblarida, xususan, «Al-Qomus»da bu kalima “din tafsilotlari va qonun-qoidalari bayon qilingan kitob” deb ta’riflangan. Imom Rog‘ibning «Mufradot» asarida: «Har bir haq so‘z zikr deyiladi», deb aytilgan.

Ibn Foris “kitob” so‘zining asli bir narsani boshqasida jamlashni anglatishini aytib o‘tgan. Imom Rog‘ib esa, yozuvda harflarni bir-biriga qo‘shib tizish «kitobat» (yozish) deyilishini, bu so‘z ba’zan og‘zaki nutqqa nisbatan ham ishlatilishini qo‘shimcha qilgan. Shuning uchun ham Alloh taoloning kalomi, garchi o‘sha kezlari hali qog‘ozga tushirilmagan bo‘lsa-da, oyatlarda «kitob» deb nomlangan.

«Din tafsilotlari bayon qilingan kitob» so‘zlariga ko‘ra, «Albatta, zikrni Biz nozil qildik» oyatidagi “zikr” Qur’oni karim ekani ayon bo‘ladi. Ko‘pchilik ulamo va mufassirlar shu fikrda yakdildir. Biroq “zikr” so‘zi faqat Qur’onga xos emas, balki keng ma’noli bo‘lib, u boshqa narsalarga nisbatan ham ishlatiladi. Masalan, «Bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rangiz» oyatidagi «zikr ahli» olimlardir.

Shunga ko‘ra, «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» oyati Qur’oni karimning o‘zgarishdan saqlanishini ochiq-oydin bildiradi. Lekin faqat Qur’onni saqlashini anglatmaydi. Chunki Haq taolo boshqa narsalarni ham saqlagan, masalan, Payg‘ambarimizni dushmanlar suiqasdidan asragan, shuningdek, Arshni, osmonlar va yerni zavolga yuz tutishdan saqlab turadi.

Oyatdagi muhofaza qilish va’dasi avvalgi ilohiy kitoblarga nisbatan qo‘llangan bo‘lishi ham mumkin. Chunki Alloh taolo avvalgi kitoblarni saqlashni o‘sha qavmlarning o‘ziga topshirgan, ular esa buni uddalay olmagan edi. Oqibatda oldingi ilohiy kitoblar o‘zgartirib yuborilgandi. Qur’onni saqlashni esa Alloh taolo O‘z zimmasiga oldi.

Oyatning ma’no va maqsadiga qaralsa, u islomni barcha jihatlari bilan saqlashni o‘z ichiga oladi. Muqaddas dinimizning ikkinchi asosi bo‘lgan hadislar ham shular jumlasidandir. Chunki Qur’onni saqlashdan maqsad islomni muhofaza qilish ekan, u hadissiz to‘liq saqlanib qolmaydi.

Qur’oni karimni muhofaza qilishdan asosiy maqsad bandalarning unga amal qilishidir. Mus'hafi sharifdagi ko‘plab hukmlar umumiy va qisqa berilgan, ularni ularga hadis orqali batafsil tushungachgina amal qilish mumkin. Masalan, Alloh azza va jalla: «Va sizga (ey Muhammad!) odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishingiz uchun zikrni nozil qildik», degan. Bu Qur’on bilan birga uning “bayoni”ni – ma’nosini, tafsilotlarini, ya’ni hadislarni ham Alloh saqlanishini tasdiqlaydi.

Aynan shuning uchun ham ulug‘ imom Abdulloh ibn Muborak hadisning muhofaza qilinishiga mana shu oyatni dalil qilib keltirgan. U kezlarda uydirma hadislar ko‘payib ketgan edi. Bir kuni odamlar: «Bu to‘qilgan hadislar nima bo‘ladi?» deb so‘rashganida, u: «Ular uchun bilimdon mutaxassislar bor», deb javob berib, «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» oyatini qiroat qilgan.

Bu bilan ulug‘ imom hadislar ham xuddi Qur’oni karim kabi Alloh taoloning himoyasida ekanini tushuntirgan. Hadislar majmuidan tashkil topgan Sunnatni saqlash esa bilimdon muhaddis olimlar orqali amalga oshiriladi. Ular hadislarni ilm elagidan o‘tkazib, saralab, sahihini zaifidan, aslini uydirmasidan ajratib beradi. Islom tarixi davomida muhaddislar aynan shu ishni qildi va bu Allohning hadisni saqlash haqidagi va’dasining isboti bo‘ldi.

Sunnatning muhofaza qilinishiga boshqa dalillar ham bor.

Muhammad sollallohu alayhi vasallamning so‘nggi payg‘ambar ekanlari, u zotning dini qiyomatgacha boqiy bo‘lishi uchun islomning asosi bo‘lgan hadislar ham saqlanishi shart.

Dinning mukammal qilingani Alloh taoloning «Bugun diningizni mukammal qilib berdim» [Moida surasi, 3-oyat] degan so‘zlari bilan sobit bo‘lgan. Bu xitob qiyomatgacha bo‘ladigan barcha zamonlarga tegishli. Dinning mukammalligi esa hadislar saqlangandagina tamomiga yetadi.

Alloh O‘z nurini batamom qilishi – «Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasa ham, o‘z nurini batamom qilishdan boshqa har narsadan bosh tortadir» [Tavba surasi, 32-oyat] oyati ham islomning barcha asoslari saqlanishini anglatadi.

Hadisning vahiy ekani bunday tasdiqlanadi. Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: «Men sizlarni faqat vahiy orqaligina ogohlantirurman. Gunglar ogohlantirilgan vaqtda da’vatni eshitmaslar den [Anbiyo surasi, 45-oyat], degan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam odamlarni ham Qur’on, ham hadis bilan ogohlantirganlar. Demak, hadis ham Qur’on kabi vahiydir. Sunnatdan esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu so‘zlari dalil bo‘ladi: “Menga Qur’on bilan birga uning mislicha berildi”.

Qur’oni karimdagi ko‘plab hukmlar umumiy bo‘lib, ular hadislarda kelgan tafsilotlarga muhtoj. Sunnat muhofaza qilinmaganida, Qur’on hukmlariga amal qilib bo‘lmas edi.

Alloh taolo: «Va sizga (ey Muhammad!) odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishingiz uchun zikrni nozil qildik», degan. Bu oyat ham hadisning saqlanishini taqozo qiladi, chunki tushuntiruvchi manba yo‘qolsa, Qur’oni karimning maqsadi amalga oshmay qoladi.

Haq taolo bunday marhamat qilgan: «Kim islomdan boshqa dinni xohlasa, bas, undan bu hargiz qabul qilinmas va u oxiratda ziyon ko‘rguvchilardan bo‘ladir» [Oli Imron surasi, 85-oyat]. Bu hukm qiyomatgacha yashaydigan barcha insonlarga taalluqli. Ularning din bo‘yicha hujjati to‘liq bo‘lishi uchun u avvalo o‘sha avlodlarga to‘liq holida yetib borishi kerak. Islom dini esa hadissiz to‘liq yetib bormaydi. Demak, qiyomatgacha din saqlanishi uchun hadislar muhofaza qilinishi shart.

Hadisning ilohiy muhofazasi faraznamo ta’kid emas, balki olimlar, ayniqsa, hadis ilmi va roviylar bo‘yicha mutaxassislar aniq biladigan hayotiy haqiqatdir. Islom ummati hadislarni saqlashga, to‘g‘risini xatosidan ajratishga misli ko‘rilmagan darajada katta ahamiyat bergan. Hadislarning mukammal saqlanganiga faqat bu ilmlardan bexabar bo‘lgan johillar yo islomga zarar yetkazishni ko‘zlagan g‘alamislargina shubha qiladi. Bu shubha zamirida aslida ilmiy-mantiqiy shubha-gumon emas, g‘araz yotgan bo‘ladi.

Islom ulamolari yuqoridagilardan kelib chiqib, Sunnat ham xuddi Qur’oni karim kabi Allohning himoyasida, degan xulosaga kelgan.

Imom Shofeiy ta’kidlaganidek, Sunnat ulamolar orasida to‘laligicha saqlangan. To‘g‘ri, bir olim barcha hadislarni bilmasligi mumkin, lekin u bexabar bo‘lgan rivoyatdan boshqa bir olim, albatta, boxabar bo‘ladi. Shu tariqa barcha olimlarning bilganlari jamlansa, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlari to‘la-to‘kis namoyon bo‘ladi. Hech bir hadis butunlay yo‘qolib ketmaydi.

Imom Ibn Hazm hadislarning Qur’oni karim kabi Alloh tomonidan saqlanishiga bir qancha oyatlarni dalil qilib keltirgan. Avvalo aytish kerakki, u ham «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» oyatidagi zikr so‘zini barcha vahiylarga tegishli deb biladi.

Olimning fikricha, Qur’on va hadislar bir-birini to‘ldiradi. Ikkalasi ham Alloh taoloning huzuridan kelgani uchun ham shunday. Mana shundan kelib chiqib, ikkisidagi hukmlarga birdek itoat qilish lozim.

Men sizlarni faqat vahiy orqaligina ogohlantirurman. Haq taolo insonlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, payg‘ambarlar orqali ogohlantiradi. Payg‘ambarlar, xususan, Nabiy alayhissalom insonlarni nafaqat oyatlar bilan, balki hadislar bilan ham ogohlantirganlar. Demak, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning so‘zlari vahiydir. Vahiy (zikr) esa Qur’ondagi ilohiy va’da bilan muhofazaga olingan.

Alloh taolo bir narsani saqlashni o‘z zimmasiga oldimi, demak, u yo‘qolib ham ketmaydi, o‘zgarib ham qolmaydi. Dinning qaysidir bir jihati yo‘q bo‘lib ketsa yoki u haq bilan botilni ajratib bo‘lmaydigan darajaga tushib qolsa, ilohiy va’da quruq gap bo‘lib qolar edi. Vaholanki, Qodir Parvardigordan Uning O‘ziga malomat keltiradigan kalom nozil bo‘lishi har qanday mantiqqa ziddir.

Shuning uchun Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan din qanday bo‘lgan esa, qiyomatga qadar shundayligicha qoladi. U zot aytgan dinga oid biror so‘z yo‘qolishi yoki unga bironta uydirma gap mutlaqo ajralmaydigan bo‘lib aralashib qolishi aslo mumkin emas.

Yana bir muhim jihat shuki, Alloh taolo Mus'hafi sharifda namoz, zakot va haj kabi amallar qisqa tarzda aytilgan, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga Qur’onni odamlarga tushuntirib berishni buyurgan. E’tibor bersak, ularning qanday bajarilishi faqat hadislar orqali ma’lum bo‘ladi. Bu ko‘rsatmalar saqlanmaganida, ishonchli bo‘lmaganida edi, din arkonlariga amal qilishning imkoni qolmas, farz amallar qat’iy qoidalar asosida emas, pala-partish va betartib bajariladigan bo‘lardi. Ba’zilari hatto bekor bo‘lib yo unutilib, yo‘qolib ham ketishi ham hech gap emasdi.

Bu shuni anglatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning din borasida aytgan har bir so‘zlari Alloh taoloning himoyasida bo‘lib, unga hech qachon yot narsalar ajratib bo‘lmaydigan darajada aralashib ketmaydi.

So‘z so‘ngida xalq orasidagi “jo‘n gap”ga ham murojaat qilsak. Islomda “Qur’onda zikr qilingan narsa qiyomatgacha yo‘qolmaydi” degan tushuncha bor. Buning ma’nosi shuki, Qur’oni karim muhofazada ekan, unda qayd etilgan narsalar kelgusi avlodlar uchun tushunarsiz, mavhum, unutilgan bo‘lib qolmaydi, balki Mus'hafi sharifdek saqlanadi. Shunga muvofiq fikr yuritadigan bo‘lsak, Qur’oni karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish – buyurganlarini bajarish, nimadan qaytargan bo‘lsalar, ularni tark qilish – amri bor. Bu ilohiy amr ham – Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlari qiyomatgacha saqlanishini anglatadi. Negaki, Sunnat saqlanmasa, unga amal qilishni amr etishda ma’no va mantiq qolmasdi. Haq taoloning amri esa, boya ta’kidlanganidek, Uning O‘ziga malomat keltiradigan gap emas, balki ilohiy hikmatdir.

Nurmuhammad MATKARIMOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi