Avtobusda yonimdagi bo‘sh joyga anchadan buyon ko‘rishmagan dugonam o‘tirdi. Ikkimiz ham xursand bo‘ldik. O‘tgan vaqtlarni esladik. O‘sha kezlar u o‘z uyi bo‘lishini juda orzu qilardi. Gap orasida bu haqda ham so‘radim. U esa bir boshidan gapira ketdi:
“O‘qishni bitirib ishga kirdim, kunduzi ishladim, kechqurunlari tikish qildim. Ukam yosh bo‘lsa-da, ustachilik qilib, pul topdi. Onam ham qarab turmadilar. Xullas, birgalashib kerakli mablag‘ni yig‘dik. Sebzordan bir uyni mo‘ljalladim. Uy egasi bilan kelishdik. Uyni ko‘rdim, yaxshi, xonalari keng, shahar markazida joylashgan, ta’mirga muxtoj emas. Ammo qo‘shnilari yaxshi emas ekan deb, onam ko‘nmadilar. Onamga: “Ko‘pqavatli uy bo‘lsa, qo‘shnilarni ham onda-sonda ko‘rsak, ular bilan nima ishimiz bor. Hovli bo‘lsa, boshqa gap edi”, dedim. “Yomon hamrohdan ajralib qutulish mumkin, ammo yomon qo‘shnidan ko‘chib ketmasdan qutulib bo‘lmaydi. Qizim, hali yoshsan, ko‘p narsani bilmaysan. Yaqiningdagi insonlar yaxshi bo‘lsa, xotirjam yashaysan”, dedilar. Keyin boshqa uy topdim. Uy shahar markazidan uncha uzoq emas, ammo biroz ta’mirtalab edi. Asosiysi, qo‘shnilar vijdonli, insofli juda yaxshi insonlar ekan. Onam shu uyni olamiz deb turib oldilar. Hozir yangi uyimizni onamning nomiga rasmiylashtirib kelyapmiz”, dedi.
Dugonam yangi manzilini aytib, borishimni tayinlagancha, bekatda tushib qoldi.
Ota-bobolarimiz safarga chiqishdan oldin yo‘ldosh, uy sotib olishdan burun qo‘shni tanla, deb bejiz aytishmagan. Gohida uzoq qarindoshdan yaqindagi yaxshi qo‘shni ming chandon afzal bo‘ladi, kuniga yaraydi. Bu fikrni tasdiqdlovchi misollar hayotda ko‘p. Yaxshi qo‘shni yo‘g‘ingizni to‘ldiradi. Eshigingizga sovchi kelsa, aybingizni yashirib, fazlingizni oshiradi. Yomon qo‘shni esa tinimsiz urush-janjal qiladi, hovlingizdan bir gap qulog‘iga chalinsa, ko‘chaga yoyadi. G‘iybat qilib obro‘yingizni to‘kadi. “Hovli olma, qo‘shni ol” deganlari naqadar to‘g‘ri. Alloh barchamizni yaxshi qo‘shnilarga ro‘para qilsin.
Feruza SOLIYEVA
Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi "Kulol-Qo‘rg‘on" jome masjidi imom noibi Bahodir domla Muhammadiyev O‘zbekiston – Buyuk Britaniya hamkorligida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya doirasidagi «Buyuk xizmat – Oliy sharaf» ilmiy-amaliy ko‘rik-tanlovida g‘olib deb topildi.
Imom-domlamizning ilmiy faoliyati, ta’lim sohasidagi tashabbuslari hamda fidokorona mehnatlari yuqori baholanib, u kishi «Buyuk xizmat – Oliy sharaf» xalqaro esdalik va sharaf nishonlari hamda maxsus guvohnoma bilan taqdirlandilar.
Bahodir domlani ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy qutlaymiz!
Alloh taolo domlamizning ilmlarini bundan-da ziyoda qilsin, dinimiz va el-yurtimiz rivoji yo‘lidagi ijodiy va ilmiy faoliyatlariga baraka bersin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati