Alloh taolo Qur’oni karimning Ahqof surasida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib: «Bas, (ey Muhammad!) Siz ham matonatli payg‘ambarlar sabr qilganlaridek sabr qiling...» degan (35-oyat).
«Ulul azm», ya’ni azmu matonat sohibi bo‘lgan payg‘ambarlar:
Bu buyuk payg‘ambarlar har birlarining boshlariga imon yo‘lida, dinu diyonat yo‘lida qanchadan-qancha kulfatlar yog‘ilgan. Lekin ular sabr-matonatda zarbulmasal bo‘lganlar. Bu haqiqatni ko‘pchilik, jumladan, Muhammad alayhissalom va u zotning ummatlari ham yaxshi bilishadi. Shuning uchun o‘z davrida Makka mushriklarining qarshiliklariga uchrab qiyin holga tushganlarida «ulul azm» nomini olgan buyuk payg‘ambarlardan o‘rnak olishga chaqirilyaptilar.
«Bas, (ey Muhammad!) Siz ham matonatli payg‘ambarlar sabr qilganlaridek sabr qiling...» U zoti bobarakot bu ilohiy amrga amal qildilar va o‘zlari ham «ulul azm» payg‘ambarlar safidan o‘rin olishga muyassar bo‘ldilar.
«Sunniy aqiydalar»dan olindi
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun, 9 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Indoneziyaning Haj va umra ishlari vaziri Muhammad Irfon Yusuf hamda mamlakatimizdagi elchisi Siti Ruhaini Juhayatin boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Diniy idora raisi o‘rinbosari, "Vaqf" xayriya jamoat fondi raisi Zayniddin domla Eshonqulov va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Suhbat avvalida ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan hamkorlik munosabatlari yuqori darajaga ko‘tarilgani ta’kidlanib, mehmonlar Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi yonida yangi barpo etilgan "Hadis" mehmonxonasi ochilishi bilan qutlandi. Shuningdek, delegatsiyaga yurtimizdagi diniy-ma’rifiy islohotlar, Diniy idora, Ulamolar Kengashi va Fatvo markazi faoliyati haqida so‘zlab berildi.
Muloqot davomida XIV asr oxiri XV asr boshlarida Indoneziyada Islom ma’rifati yoyilishiga hissa qo‘shgan Ibrohim Samarqandiy va boshqa ulamolar merosi xalqlarimizni chambarchas bog‘lab turishi qayd etildi. Yaqin o‘tmishda Indoneziyaning birinchi Prezidenti Ahmad Sukarnoning Samarqanddagi Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilgani iliq xotirlandi.
Uchrashuvda Haj va Umra safarlarini yuqori saviyada tashkil etish hamda bu boradagi ilg‘or tajribalarni almashish masalalari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, Islom moliyasi va bank ishi yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash, yurtimizdagi "Vaqf" xayriya jamoat fondi va Indoneziya vaqf tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Yakunda mazkur tashabbus va takliflarni hayotga tatbiq etish uchun mas’ullar belgilandi. Mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati