Inson asabiylashsa miya, jigar, buyrak va yurakka ozuqa tashuvchi yo‘llar bo‘g‘iladi. Ko‘z qorachig‘i kengayib, yurak urishi tezlashadi. Bunday vaqtda jigardan uglevodlar (zararli suyuqlik) ajrala boshlaydi. A’zolarning bunday pala-partish ishlashi ko‘p kasalliklarning (stenokardiya, infarkt, insult) kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.
Ochiq chehrali, bosiq, vazmin odamlar ruhan va jismonan tetik bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam g‘azablangan paytda o‘tirib olishni, yana bosilmasa, yotib olishni yoki tahorat yangilab, ikki rakat namoz o‘qishni tavsiya qilganlar.
Asab tolalarining uzilishi a’zolarimizdagi oziq moddalar kamayishiga, holsizlikka olib keladi. Masalan, jismimizda kalsiy moddasi yetishmasa, mushaklarimiz og‘rib, suyaklarimiz mo‘rt bo‘lib qolishi mumkin. Yuzimizga tabassum qaytishi bilanoq, miyamiz tajanglikni so‘ndiruvchi moddalar ishlab chiqara boshlaydi.
Muntazam badantarbiya qilish, ochiq havoda aylanish, ayniqsa, uyquga yotishdan oldin besh-o‘n daqiqa yurish juda foydali. Tabiat qo‘yniga chiqib zavqlanish, vaqti-vaqti bilan toza suv havzalarida cho‘milib turish ham kerak. Shuningdek, ozuqaga boy ovqatlarni me’yorida yeyish yaxshi. Ezgu niyat, chiroyli so‘z, yaxshi amal, ota-ona, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar bilan yaxshi munosabat ham asablarimizga tinchlik beradi, mustahkamlaydi. Demak, imkon boricha turli asabbuzarliklarning oldini olishga intilishimiz, yaxshilikka ishonch, kelajakka umid bilan yashashga o‘rganishimiz zarur.
Parda JO‘RAyev,
kardiolog
Avstriyaning “OTS” axborot servisida O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini saqlash va ommalashtirish sohasidagi xalqaro hamkorligiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada “Universal Art Group” kompaniyasi vakillarining Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh va yangi kashfiyotlar” mavzusidagi Xalqaro mediaforumdagi ishtiroki haqida so‘z yuritilgan.
Alohida e’tibor Markaziy Osiyo va islom dunyosining boy madaniy merosi bilan bog‘liq qo‘shma nashriyot tashabbuslariga qaratildi.
Yana bir muhim yo‘nalish Amir Temur davridagi Samarqandga oid tarixiy manbalarga murojaat qilish bo‘ldi. Xususan, Kastiliya qiroli tomonidan Temur saroyiga yuborilgan ispan diplomati Ruy Gonsales de Klavixoning esdaliklariga e’tibor qaratildi. Uning tavsiflari XV asr boshlaridagi Samarqand va Markaziy Osiyoni yevropalik sayohatchi nigohi bilan ko‘rish imkonini beruvchi qimmatli manba hisoblanadi.
“Universal Art Group” asoschisi va bosh direktori Sharlotta Kramerning ta’kidlashicha, tarixiy hujjatlar nafaqat o‘tmish, balki bugungi kunga ta’sir o‘tkazishda davom etayotgan insonlar, g‘oyalar va uchrashuvlar haqida hikoya qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muhim vazifa bunday manbalarni avaylab-asrash va keng xalqaro jamoatchilikni ular bilan tanishtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishdan iborat.
Tashrif doirasida “UAG” vakillari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ta’lim uchrashuvlari o‘tkazdi. Unda madaniy merosni saqlash, o‘rganish va targ‘ib qilishda zamonaviy nashriyot sanoatining roli muhokama qilindi. “Universal Art Group” operatsion direktori Aleksandr Vilgelmning so‘zlariga ko‘ra, talabalar bilan o‘tkazilgan muloqotlar yosh avlodning tarixiy xotirani saqlash va madaniy qadriyatlarni kelajak avlodlarga yetkazish masalalariga bo‘lgan yuqori qiziqishini ko‘rsatdi.
“Kompaniyaning Toshkent va Samarqanddagi tadbirlarda ishtirok etishi O‘zbekistonning madaniyat, ta’lim va kreativ industriya sohalarida xalqaro hamkorligi kengayayotganining yana bir isboti bo‘ldi. Zamonaviy nashriyot texnologiyalari, tarixiy manbalar bilan ilmiy ishlash va raqamli formatlar mamlakatning o‘ziga xos merosini xalqaro auditoriya uchun yanada ochiq qilishga xizmat qiladi va O‘zbekiston hamda xorijiy hamkorlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi”, — deyiladi xulosada.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati