Bugun, 25 yanvar kuni O‘zbekiston Milliy universitetida Islom akademiyasi Ilmiy kengashining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda akademiklar, olimlar, professor o‘qituvchilar, fan doktorlari, ilmiy kengash a’zolari va din peshvolari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Islom akademiyasi rektori N.Ibrohimov, Prezidentimizning “O‘zbekiston Islom akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ilm sohasida mehnat qilayotgan olimlar, ayniqsa, diniy sohada ilmiy ishlar bilan shug‘ullanayotgan mutaxassislar uchun juda ham katta quvonchli voqea bo‘lganini ta’kidladi. Shuningdek, rektor shu yil 16 yanvar kuni Islom akademiyasi davlat ro‘yxatiga olinib, o‘z faoliyatini boshlagani, akademiya oldiga qo‘yilgan maqsad-vazifalar haqida batafsil ma’lumot berdi. Jumladan, ushbu akademiya huzurida ikki yillik magistratura, uch yillik tayanch doktorantura tashkil etilgani mamlakatimiz hayotida ulkan yangilik bo‘lganini ta’kidlab, bunday ulug‘vor ishlarda muhtaram Prezidentimizning juda ham katta rahnamoliklari borligini alohida qayd etildi.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan tashkil qilingan ushbu Akademiyada “Qur’onshunoslik”, “Fiqh ilmi”, “Hadisshunoslik” va “Kalom ilmi” mutaxassisliklari bo‘yicha magistrlar, shuningdek, ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlanishi mo‘min-musulmonlarimiz, ayniqsa, ulamolar, imom-xatiblar va mudarrislar uchun juda katta tuhfa bo‘lganini ta’kidlab, yurtimizdan yana Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalar yetishib chiqishiga asosiy omil ekanini bildirdilar.
Shuningdek, muftiy hazratlari Islom akademiyasi o‘z faoliyatini boshlashi bilan qutlab, uning kelgusidagi rejalarida ulkan zafarlar tiladilar.

Bundan tashqari Islom akademiyasining Ilmiy kengashi vakolatiga kiruvchi turli masalalar muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Akademiya diniy idora muassisligidagi diniy va dunyoviy ta’lim beruvchi nodavlat ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi. Uning asosiy maqsadlari – respublikada faoliyat olib borayotgan oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarini yuqori malakali ilmiy kadrlar bilan ta’minlash hamda tayyorlanayotgan mutaxassislarning ilmiy va kasbiy salohiyatini oshirish, shuningdek, qur’onshunoslik, tafsir va fikh, hadisshunoslik, kalom ilmi yo‘nalishlari bo‘yicha magistrlarni, yetuk ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlashdan iboratdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Toshkent islom instituti magistratura bosqichi hamda Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan talabgorlar uchun joriy yilning 11 avgust kuni ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
Talabgorlar tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi fanlardan imtihon topshiradilar:
Teologiya (Tafsir va Qur’on ilmlari): Qur’oni karim va tajvid, Tafsir;
Teologiya (Hanafiylik va fiqh ilmlari): Fiqh, Usulul-fiqh;
Hadis ilmi maktabi: Hadis va mustalahul hadis.
Imtihonlar 11 avgust kuni soat 8:00 da Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida boshlanadi. Talabgorlarni ro‘yxatga olish jarayoni soat 7:30 dan start oladi.
Muhim eslatma: Abituriyentlar imtihonga pasport (yoki ID-karta) asli hamda «Imtihon ruxsatnomasi» bilan kelishlari shart. Ushbu hujjatlardan biri bo‘lmagan talabgorlar imtihonga kiritilmaydi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47-uy.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati