O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy
Usmonxon Alimovga
TABRIK XATI
Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi, Rossiya muftiylar kengashining raisi, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Diniy birlashmalar bilan aloqalar Kengashi a’zosi, muftiy shayx Ravil G‘aynutdin O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Alimov Usmonxonni Islom akademiyasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomani olishi munosabati bilan tabrikladi:
Butun dunyo ulamolari kengashi uyushmasi va
Butunjahon musulmonlar birlashmasining Ta’sis kengashi a’zosi,
O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy
Alimov Usmonxonga
Hurmatli muftiy!
Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi, Rossiya muftiylar kengashi va shaxsan o‘z nomimdan Sizni Islom akademiyasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomani olishi munosabati bilan chin dildan tabriklayman.
Allohga beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, xuddi bizning buyuk o‘tmishdoshlarimiz Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abdulholiq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshbandiy davrida bo‘lgani kabi bugungi kunda ham muhtaram Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning qo‘llab-quvvatlovi va sizning rahbarligingiz ostidagi O‘zbekiston musulmonlar idorasining ulkan ishlari natijasida O‘zbekistondagi oliy islomiy ta’limning shonli an’analari qayta tiklanmoqda.
Men Islom akademiyasining O‘zbekiston va islom manfaati yo‘lida muvaffaqiyatli va samarali faoliyat olib borishiga tilakdoshman. O‘z dini va ummatiga fidokorona xizmat qilib kelayotgan inson sifatida Siz aziz birodarimning barcha ezgu ishlaringizga Allohning o‘zi madadkor bo‘lishini chin dildan tilab qolaman!
Hurmat va ezgu duolar ila,
Muftiy shayx Ravil Gaynutdin,
Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi
va Rossiya muftiylar kengashining raisi,
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi
Diniy birlashmalar bilan aloqalar Kengashi a’zosi
Rossiya diniy tashkilotlarning xalqaro hamkorlik faoliyati yuqori baholandi
Hozirgi kunda Rossiya Federatsiyasida musulmonlarning davlat va jamiyat hayotiga ta’siri ortib borayotgani soha mutaxassislari tomonidan e’tirof etilmoqda. Barcha fuqarolar singari musulmonlar ham mamlakat rivoji va osoyishtaligi uchun bor imkoniyatlarini ishga solib, jiddu jahd qilishmoqda. Barcha din vakillari qatori ularning ham haq-huquqlari konstitutsion ta’minlangani, ayniqsa, ijobiy samaralar bermoqda. Jumladan, minglab yangi masjidlar qurilib, hojilarning soni oshmoqda. Diniy adabiyotlar minglab nusxada nashr etilib, ko‘p sonli diniy o‘quv muassasalari, shuningdek, o‘nlab diniy idoralar ro‘yxatdan o‘tmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Rossiyada Islom faqatgina diniy omil, ma’naviy-madaniy qadriyatlar tarqatuvchi yoki ijtimoiy dasturlarni amalga oshiruvchi sifatida emas, balki jamiyat hayotidagi jarayonlarning muhim tarkibiy qismiga aylanganini ko‘rsata boshladi. Misol uchun, mamlakatda istiqomat qiluvchi musulmonlar orasida sof islom ma’rifatini tarqatish, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurashda Rossiya diniy idoralari va boshqa mamlakatlarning diniy boshqarmalari o‘rtasidagi hamkorliklar – jamiyat osoyishtaligi uchun muhim ahamiyat kasb eta boshladi. Hatto, bu boradagi ishlar Davlat rahbari tomonidan ham yuqori baholanmoqda.
Kuni kecha Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Rossiya musulmonlarining markazlashgan diniy tashkilotlari olib borayotgan xalqaro faoliyatga yuqori baho berdi, deb xabar qildi kun.uz internet-nashri.
Vladimir Putin bu haqda Rossiya musulmonlari markazlashgan diniy tashkilotlari muftiylari hamda Bolgariya islom akademiyasi rahbarlari bilan uchrashuvda aytib o‘tgan.
«Xalqaro faoliyatga keladigan bo‘lsak, mening fikrimcha, bu juda qiziqarli, juda to‘g‘ri yo‘nalish. Sizlarga yordam va qo‘llab-quvvatlov borasida bekorga murojaat qilmayman, bu bizning boshqa davlatlardagi ma’rifiy ishlarimizga aloqador», - deya aytib o‘tdi u.
O‘z navbatida, Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, Muftiylar kengashi raisi Ravil Gaynutdinning xabar berishicha, Rossiya musulmonlari tashkilotlari o‘z mamlakati manfaatini nafaqat uning ichida, balki MDH davlatlari, musulmonlar dunyosi va Yevropa mamlakatlarida ham ilgari suradi.
O‘MI Matbuot xizmati
Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Xo‘jamulki" mahallasida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida qizg‘in obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu tashabbus mahalla hayotiga yangicha ruh baxsh etib, hamjihatlik va ezgulik muhitini yanada mustahkamlamoqda.
Azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar an’anasi asosida mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z hududini yanada obod, fayzli va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Har bir fuqaroning qalbida Vatanga muhabbat, mahallaga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urib, ular bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.
Xususan, mahalla hududidagi muqaddas qadamjolardan biri – "Xo‘jamulki ota" qabristonida keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hashar ishtirokchilari tomonidan qabriston hududi begona o‘tlar va chiqindilardan puxta tozalanib, qabr ustilari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilib, ajdodlar xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallada obodlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash bilan birga, ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etadi. Ayni paytda, yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularni Vatanga muhabbat va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Bugungi hashar – kelajak avlod uchun namuna, ertangi kun uchun mustahkam poydevordir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati