Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Yanvar, 2025   |   18 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:38
Asr
15:41
Shom
17:25
Xufton
18:43
Bismillah
18 Yanvar, 2025, 18 Rajab, 1446

Ravil Gaynutdin O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisini tabrikladi

25.01.2018   7543   4 min.
Ravil Gaynutdin O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisini tabrikladi

O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy

Usmonxon Alimovga

 TABRIK XATI

 

Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi, Rossiya muftiylar kengashining raisi, Rossiya  Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Diniy birlashmalar bilan aloqalar Kengashi a’zosi, muftiy shayx Ravil G‘aynutdin O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Alimov Usmonxonni Islom akademiyasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomani olishi munosabati bilan tabrikladi: 

 

Butun dunyo ulamolari kengashi uyushmasi  va

Butunjahon musulmonlar birlashmasining Ta’sis kengashi a’zosi,

O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy 

Alimov Usmonxonga 

 

Hurmatli muftiy!

 Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi, Rossiya muftiylar kengashi va shaxsan o‘z nomimdan Sizni Islom akademiyasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomani olishi munosabati bilan chin dildan tabriklayman. 

Allohga beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, xuddi bizning buyuk o‘tmishdoshlarimiz Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abdulholiq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshbandiy davrida bo‘lgani kabi bugungi kunda ham muhtaram Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning qo‘llab-quvvatlovi   va sizning rahbarligingiz ostidagi O‘zbekiston musulmonlar idorasining ulkan ishlari natijasida O‘zbekistondagi oliy islomiy ta’limning shonli an’analari qayta tiklanmoqda.    

Men Islom akademiyasining O‘zbekiston va islom manfaati yo‘lida muvaffaqiyatli va samarali faoliyat olib borishiga tilakdoshman. O‘z dini va ummatiga fidokorona xizmat qilib kelayotgan  inson sifatida Siz aziz birodarimning barcha ezgu ishlaringizga Allohning o‘zi madadkor bo‘lishini chin dildan tilab qolaman! 

Hurmat va ezgu duolar ila,

 

Muftiy shayx  Ravil Gaynutdin,

Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi

va Rossiya muftiylar kengashining raisi,

Rossiya  Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi

Diniy birlashmalar bilan aloqalar Kengashi a’zosi 

 

Rossiya diniy tashkilotlarning xalqaro hamkorlik faoliyati yuqori baholandi

Hozirgi kunda Rossiya Federatsiyasida musulmonlarning davlat va jamiyat hayotiga ta’siri ortib borayotgani soha mutaxassislari tomonidan e’tirof etilmoqda. Barcha fuqarolar singari musulmonlar ham mamlakat rivoji va osoyishtaligi uchun bor imkoniyatlarini ishga solib, jiddu jahd qilishmoqda. Barcha din vakillari qatori ularning ham haq-huquqlari konstitutsion ta’minlangani, ayniqsa, ijobiy samaralar bermoqda. Jumladan, minglab yangi masjidlar qurilib, hojilarning soni oshmoqda. Diniy adabiyotlar minglab nusxada nashr etilib, ko‘p sonli diniy o‘quv muassasalari, shuningdek, o‘nlab diniy idoralar ro‘yxatdan o‘tmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Rossiyada Islom faqatgina diniy omil, ma’naviy-madaniy qadriyatlar tarqatuvchi yoki ijtimoiy dasturlarni amalga oshiruvchi sifatida emas, balki jamiyat hayotidagi jarayonlarning muhim tarkibiy qismiga aylanganini ko‘rsata boshladi. Misol uchun, mamlakatda istiqomat qiluvchi musulmonlar orasida sof islom ma’rifatini tarqatish, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurashda Rossiya diniy idoralari va boshqa mamlakatlarning diniy boshqarmalari o‘rtasidagi hamkorliklar – jamiyat osoyishtaligi uchun muhim ahamiyat kasb eta boshladi. Hatto, bu boradagi ishlar Davlat rahbari tomonidan ham yuqori baholanmoqda.

Kuni kecha Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Rossiya musulmonlarining markazlashgan diniy tashkilotlari olib borayotgan xalqaro faoliyatga yuqori baho berdi, deb xabar qildi kun.uz internet-nashri.

Vladimir Putin bu haqda Rossiya musulmonlari markazlashgan diniy tashkilotlari muftiylari hamda Bolgariya islom akademiyasi rahbarlari bilan uchrashuvda aytib o‘tgan.

«Xalqaro faoliyatga keladigan bo‘lsak, mening fikrimcha, bu juda qiziqarli, juda to‘g‘ri yo‘nalish. Sizlarga yordam va qo‘llab-quvvatlov borasida bekorga murojaat qilmayman, bu bizning boshqa davlatlardagi ma’rifiy ishlarimizga aloqador», - deya aytib o‘tdi u.

O‘z navbatida, Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, Muftiylar kengashi raisi Ravil Gaynutdinning xabar berishicha, Rossiya musulmonlari tashkilotlari o‘z mamlakati manfaatini nafaqat uning ichida, balki MDH davlatlari, musulmonlar dunyosi va Yevropa mamlakatlarida ham ilgari suradi.

O‘MI Matbuot xizmati

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Hukm chiqarishda hadisning ahamiyati

16.01.2025   4011   2 min.
Hukm chiqarishda hadisning ahamiyati

Hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimning sharhlovchisi sifatida hukm chiqarish vakolatiga ega edilar. Shunga binoan hadis hukm chiqarish bo‘yicha ikki asosiy sohani qamrab oladi.
Birinchi soha: Qur’oni karimda zikr etilgan hukmlarni yoritib berish.
Ikkinchi soha: Qur’oni karimda  ko‘rsatilmagan masalalarni hukm shaklida belgilash.
Birinchi sohada hadis Qur’oni karim oyatlarini tafsir qiladi. Umumiy ma’noga ega bo‘lganini xoslashtiradi, ya’ni unga xususiy ma’no beradi, mutloq, ya’ni, qayd va shartsiz oyatlarni qaydlaydi. 
Shu o‘rinda ba’zi bir misollar keltirib o‘tamiz. Qur’oni karimda “Namoz o‘qinglar” deb amr qilingan. Lekin namozlarning soni, sifati, rak’atlarining soni Payg‘ambarimiz alayxissalom tomonidan belgilangan va amalda ko‘rsatib berilgan. Bu esa mujmal iborani izohlash misoli.
Umumiy mazmunni xos qilish uchun misol. Qur’oni karimda meros tizimi umumiy ma’noda kelgan. Ya’ni meros qoldirish va meros olish huquqi berilgan. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam meros olish uchun din birligi, qotil bo‘lmaslik va qul bo‘lmaslikni shart qilib qo‘yib uni xoslashtirganlar. Masalan, o‘z otasini o‘ldirgan yoki nohaq yo‘l bilan uning o‘limiga sabab bo‘lgan farzand otasidan meros olish xuquqidan mahrum bo‘ladi.
Ikkinchi soha bo‘yicha hadisga tegishli masalalar. Zarurat chog‘ida Qur’oni karimda aytilmagan biron bir yangi hukmni hadis hukm qilib belgilab beradi. Bu o‘rinda ayrim hukmlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan maxfiy vahiy yoki ilhom orqali sodir bo‘lgan va ba’zilari u zotning ijtihodlari va shaxsiy fikrlaridan kelib chiqqan. Albatta, Payg‘ambarimiz alayhissalom ijtihod qilishda ham islom ruhi va falsafasini nazarda tutar edilar.
Bu o‘rinda ko‘p misollar berish mumkin. Masalan, momoga merosdan oltidan bir hissa berish, nikoh bitimining to‘g‘ri bo‘lishi uchun guvohlar shartligi, badan a’zolari xun bahosini belgilash kabi hukmlar kiradi.
Islom shariatida hadislarning o‘rni ahamiyatli ekani ko‘rinib turibdi. Hukmlar faqatgina Qur’oni karimning o‘zidan olinmaydi. Qur’oni karimda kelgan ko‘pgina hukmlar tafsilotini bilish uchun hadislar muhim ahamiyat kasb etadi. Balki shar’iy hukmlarning bir qanchasi hadislar orqali kelib chiqqan ekan.     

Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.


 

MAQOLA