Bahila roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Hazrati Umar roziyallohu anhu Shomga kelganlarida Jobiya mavzeida xutba o‘qib, bunday dedi:
– Ey insonlar! Allohning Kitobi – Qur’onni o‘rganinglar, u tufayli tanilgaysiz. Unga amal qilinglar, unga loyiq bo‘lasiz. Zero, hech bir haq egasi Allohga ma’siyat qilib, Uning amriga bo‘ysunish darajasiga yeta olmagan.
Haq so‘zni aytish kishining ajalini yaqinlashtirmaydi, rizqini uzoqlashtirmaydi. Bilinglar, banda va rizqi orasida bir parda bor. Agar u sabr qilsa, rizqi unga keladi. Agar sabr qilolmay, pardani majburlab ochmoqchi bo‘lsa, ham parda yirtiladi, ham rizqidan bebahra qoladi.
Otlarni yaxshi parvarish qiling. O‘q otishni o‘rganing. Yalangoyoq yuring. Misvok ishlating. Rumliklarning axloqidan o‘rnak olmang. Qo‘pol insonlar bilan hamsuhbat bo‘lmang. Hammomga yalang‘och kirmang.
– Ey insonlar! Bilinglar, Alloh taolo uch kishini oqlamaydi, yuzlariga qaramaydi, Qiyomat kuni ularni O‘ziga yaqin tutmaydi. Bulardan birinchisi, birovni boshliq qilish maqsadida dunyo manfaati uchun yoqlagan va undan istaganini olganida uni maqtagan, orqasidan esa yomonlagan kimsadir. Ikkinchisi esa narsalarini sotuvga chiqarib: “Allohga qasam, menga mana shu narxda olaman deyishdi, lekin bermadim”, deb mol sotgan savdogar. Uchinchisi, musulmonlarni so‘kadigan fosiq kimsadir.
– Ey insonlar! Goh sehrga, goh kohinga, goh folchiga borib, ularning “xabar”lariga ishongan kimsa Alloh taolo va Uning payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil bo‘lganlarni inkor etgan bo‘ladi”.
“Al-Kanz”, “Hayotus sahoba” kitoblari asosida
Sumayro ABDUMUROD qizi
tayyorladi
O‘MI Matbuot xizmati
Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.
Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!
Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.
Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.
Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.
Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.
Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).
Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.
Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati