O‘zbekiston musulmonlari idorasining diniy-ma’rifiy nashri hisoblangan “Islom Nuri” gazetasining 15 yanvardagi sonidan boshlab “Qur’onni o‘rganamiz” rukni ostida Arab tili saboqlari berib boriladi.
Arab tili darslari Toshkent islom instituti prorektori Ibodulla Ahrorov tomonidan tayyorlangan.
Ushbu darslarni kuzatib borish va gazetamizga obuna bo‘lishni istaganlar o‘zlari yashab turgan huddagi masjidlarga borib uchrashishi lozim.
Bundan tashqari, O‘MIning “muslim.uz” portali orqali har haftada bir marta onlayn tarzda namoyish etiladigan Arab tili darslari ham arab tilini o‘rganishni maqsad qilgan insonlar uchun juda qo‘l keladi degan umiddamiz.
Islom nuri gazetasi hamda O‘MIning internet tarmog‘idagi rasmiy portalini kuzatib borish orqali o‘z bilimingizni yanada rivojlantirishga muvaffaq bo‘lasiz.
Ma’lumot uchun, “Islom nuri” gazetasi va “Hidoyat” jurnali O‘zbekiston musulmonlari idorasining diniy-ma’rifiy nashrlari hisoblanadi.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026-2027 o‘quv yili uchun kirish test sinovlarining 5-hudud (Buxoro viloyati) bo‘yicha imtihon jarayonlari Mir Arab oliy madrasasi binosida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hudud bo‘yicha diniy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan 657 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etdi.
Imtihonlarning shaffofligi, adolatliligi hamda tartib-intizomini ta’minlash maqsadida jarayonlarga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul rahbarlari, diniy ta’lim muassasalari mutasaddilari, pedagog-o‘qituvchilar hamda ichki ishlar va tibbiyot xodimlari jalb etildi.
Test sinovlari boshlanishidan oldin abituriyentlarga imtihon topshirish tartibi va baholash mezonlari batafsil tushuntirildi. Barcha jarayonlar belgilangan talab va qoidalarga muvofiq, yuqori darajada tashkil etildi.
Tashkilotchilar test jarayonlarining shaffof va tartibli o‘tishiga yaqindan ko‘maklashgan Buxoro shahar ichki ishlar organi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xodimlari hamda diniy ta’lim muassasalari vakillariga o‘z minnatdorligini bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati