Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Avgust, 2026   |   14 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:20
Quyosh
05:44
Peshin
12:25
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:28
Bismillah
27 Avgust, 2026, 14 Rabi`ul avval, 1448

Siz ixtilof qilishga layoqatlimisiz?

04.05.2023   3062   3 min.
Siz ixtilof qilishga layoqatlimisiz?

Rosululloh sollallohu alayhi va sallam “Ummatimning ixtilofi rahmatdir”, deganlar. Ixtilof o'zro qarama qarshilik, ma'nosini anglatsada, Rosululloh sollallohu alayhi va sallam o'z ummatlarida yuz beradigan ixtilofni rahmat, deb sifatladilar. Demak, bundan ko'rinadiki, dindagi ixtiloflar ichida maqtaladigan, ummat uchun rahmat bo'ladigan ixtilof ham mavjud. Bunday ixtilof islom ummatining ichki fitnasiga, ular o'rtasidagi urish janjallarga sabab bo'ladigan ixtilof bo'lmasligi lozim. Chunki Alloh taolo “Allohga va Rasuliga itoat qilingiz va nizolashmangiz, aks holda sustlashib ketursiz va “shamolingiz” (obro'yingiz) ketib qolur” (Anfol-46), degan. Rosululloh sollallohu alayhi va sallam Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda o'zaro nizolashishdan qaytarganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: Biz qadar borasida o'zaro tortishayotgan edik, Rosululloh sollallohu alayhi va sallam oldimizga chiqdilar va g'azab qilib, hatto yuzlari qizarib ketdi. Yuzlariga anor donalari siqilganidek bo'lib ketdi. So'ng bizga yuzlanib: “Sizlar shunga buyrildingizmi, men sizlarga shuni olib keldimmi?! Sizlardan oldingilar shu ish borasida nizolashganlari tufayli halok bo'ldilar. Bu haqda sizlar talashib tortishmaslaringizni qasd qildim”, dedilar. Yana boshqa bir hadisi sharifda: “Mening ummatim zalolat ustida jamlanmaydi. Agar ixtilofni ko'rsangiz savodi a'zamni (ko'pchilikdan iborat tarafni) lozim tuting”, deganlar.

Demak ba'zi dalillar ixtilofni qoralasa, ba'zilarida ixtilof maqtalmoqda. Dalillar o'rtasini muvofiqlashtirish uchun ulamolar ularda zikr qilingan ixtilof va nizolashuv iboralarini turlicha izohlashgan. Jumladan, “Ummatimning ixtilofi rahmatdir” degan hadisni quyidagicha tushuntirishgan: Mening ummatlarim ichidagi mujtahidlarining ijtihod joiz bo'lgan fa'iy-ikkilamchi masalalar borasidagi ixtilofi rahmatdir. Bu o'rindagi rahmat so'zining ma'nosi, kengchilik, engillik ma'nolarida bo'lib, ushbu iboraga ko'ra barcha mo''tabar mazhablar go'yoki alohida-alohida shariat kabi bo'ladi hamda Alloh taoloning engil va oson dini bo'lgan Islomni kengchilik yo'li ekanini ifodalaydi.

Bundan ko'rinadiki, ixtilof muqallidlar, ya'ni oddiy musilmonlarning ishi emas, balki mujtahidlarga doir vazifa bo'lib, ular o'z ijtihodlari bilan o'zaro shariat doirasida ixtilof qiladilar. Natijada bir masala borasida bir qancha qavllar yuzaga keladi. Bu esa vaziyat taqozo qilganda, majburlik o'rnida biror bir mujtahidning so'zini olib, unga amal qilish orqali tang vaziyatdan chiqib ketish imkonini beradi.

Demak, shariatda ruxsat berilgan “Ixtilof” so'zidan ‒ maqsad bir bo'lib, unga olib boruvchi yo'lning turlicha ekani tushunilishi lozim. Bunday ixtilof taraflarning o'zaro hurmatiga rahna solmaydi. Chunki ular bir e'tiqod va bir maqsadda bo'lganlari uchun o'zaro xurmatni yo'qotmaydilar.

Imom Buxoriy nomidagi

Toshkent Islom instituti

“Aqoid va fiqhiy fanlar kafedrasi”

o'qituvchisi Ya.Razzaqov

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qariyb 50 mamlakat jurnalistlari yangi Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandning asosiy yodgorliklarini ziyorat qiladi

25.08.2026   44100   2 min.
Qariyb 50 mamlakat jurnalistlari yangi Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandning asosiy yodgorliklarini ziyorat qiladi

«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga yo‘l oladi. Ular yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Imom Buxoriy nomidagi Innovatsion muzey bilan tanishadi. Kunning ikkinchi yarmida esa ishtirokchilar uchun shaharning tarixiy-madaniy meros obyektlari, jumladan, YUNЕSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan yodgorliklar bo‘ylab maxsus dastur tashkil etiladi, xabar bermoqda iccu.uz.

Yodgorlik majmuasi Samarqand viloyati Payariq tumanida, buyuk muhaddis va ilohiyotshunos Muhammad al-Buxoriyning (810–870) dafn etilgan joyida joylashgan. U «Sahihi Buxoriy» to‘plami muallifi bo‘lib, mazkur asar sunniy islomdagi eng mo‘tabar hadis to‘plamlaridan biri hisoblanadi.

Keng ko‘lamli rekonstruksiyadan so‘ng majmua 2026 yil bahorida ziyoratchilar uchun qayta ochildi. Uning umumiy hududi 45 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 10 ming kishilik masjid, ma’muriy va xizmat ko‘rsatish binolari, 154 ustunli ayvon, 14 ta moviy gumbaz va balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rtta minora barpo etilgan. Rekonstruksiyadan so‘ng majmuaning kunlik qabul qilish quvvati 12 ming nafardan 65 ming nafargacha oshdi.

Majmuaning markaziy qismlaridan biri — to‘qqizta pavilondan iborat yangi Imom Buxoriy Innovatsion muzeyidir. Ekspozitsiya allomaning hayoti, hadisshunoslik tarixi va uning ilmiy merosiga bag‘ishlangan. Shuningdek, muzeyda Qur’onda zikr etilgan payg‘ambarlar, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Makka va Madinadagi hayoti hamda yozma hadis to‘plamlarining shakllanish tarixi haqida ma’lumotlar berilgan.

Majmua yaqinida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham faoliyat yuritadi. Markaz islom ilmiy va qo‘lyozma merosini, jumladan, Markaziy Osiyoning o‘rta asr olimlari asarlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar va tarjimalar tayyorlash, shuningdek, xalqaro ilmiy almashinuvni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.

Majmuaga tashrifdan so‘ng forum ishtirokchilari tarixiy Samarqand bilan tanishadi. Shaharning asosiy me’moriy yodgorliklari qatoriga Registon, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda majmuasi va Go‘ri Amir maqbarasi kiradi. YUNЕSKO ushbu to‘rt obyektni 2001 yilda «Samarqand — madaniyatlar chorrahasi» nomi bilan Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy shaharning asosiy yodgorliklari sifatida e’tirof etadi.

Samarqand bosqichi 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadigan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi dasturining bir qismi bo‘ladi.

Press-slujba Upravleniya musulman Uzbekistana

O'zbekiston yangiliklari