Hovlimizda uncha katta bo'lmagan gulzorimiz bor edi. Kichik gulzor bo'lishiga qaramay unda juda go'p gullar va daraxtlar o'sardi. Gullarning ichida eng yaxshi ko'radiganim jasmin guli edi. Marhum otam har kuni bomdod namozidan qaytishlarida bir dasta jasmin gulidan olib yostig'im oldiga qo'yib qo'yardilar. Ertalab jasmin ifori bilan uyqudan turish ajoyib edi.
Alloh rahmatiga olgan bo'lsin, otajonim bir necha yillar davomida xonamdan jasmin gulini aritmadilar. Otamning menga bo'lgan g'amxo'rliklari va mehru muhabbatlari jasmin guli timsolida gavdalanardi. E'tibor nishonasi bo'lgan mana shu jasmin guli meni makkor yigitlarning tuzog'iga linib qolishimdan asragan bo'lsa ne ajab. Men otasi mehr bergan qizlar ko'chada yigitlar bilan gaplashib ketmasligini, iffatini saqlashini o'z hayotimda yashab ko'rganimdan Allohga hamd aytaman.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
"Farzand tarbiyasida 700 ta saboq" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
Poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazida «Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li» mavzusidagi I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining tantanali ochilish marosimi o‘z nihoyasiga yetdi.
Tadbirning rasmiy qismida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning anjuman qatnashchilariga yo‘llagan tarixiy murojaati Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov tomonidan o‘qib eshittirildi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamenti boshlig‘i Muzaffar Kamilov, ICESCO Bosh direktori doktor Salim al-Malik, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Islom olami uyushmasi Bosh kotibi Muhammad al-Iso (videotabrik), Al-Azhar majmuasi rahbari maslahatchisi Shayx Muhammad Duvayniy, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda janoblari va boshqa martabali ulamolar so‘zga chiqib, Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadilar.
Tantanali ochilish marosimi yakunlangach, xalqaro anjuman o‘z kun tartibidagi asosiy ilmiy va amaliy qismga o‘tdi. Forum rejasiga muvofiq, ayni damda Islom sivilizatsiyasi markazida belgilangan 11 ta yalpi majlisning dastlabki sho‘ba yig‘ilishlari hamda keng qamrovli media taqdimotlar boshlandi.
Ularda dunyoning 50 dan ortiq mamlakatidan kelgan 300 nafarga yaqin ulamolar, akademiklar va soha mutaxassislari boy ilmiy merosni asrab-avaylash, qo‘lyozmalarni raqamlashtirish hamda ma’rifiy islom g‘oyalarini keng yoyish masalalarini atroflicha muhokama qilmoqdalar.
Xalqaro forumning Toshkentdagi tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati