Shu kunlarda Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida ro‘y bergan fojiadan hamma qayg‘uda. Halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz ro‘yxati e’lon qilingandan keyin ular orasida ota-bola, aka-ukalarning borligi qalbimizni yanada ezdi. Qanchadan-qancha oila suyangan tog‘i, oila boshisini yo‘qotdi. Qanchadan-qancha ota-onalar navqiron farzandu jigarbandidan ayrildi.
Tarixda qoluvchi ushbu musibat, O‘zbekiston ahlini chuqur iztirobga solgan judolik, qalblarni ko‘zdagi yoshlar bilan ezuvchi ulkan ayriliq ellik ikki o‘g‘lonni bu foniy dunyodan, boqiy dunyoga olib ketdi.
Musibat manzil tanlamaydi, musibat inson tanlamaydi. U taqdirda belgilangan vaqtda, ko‘rsatilgan manzilga, yuborilgan odamga tushadi. Hayotning bu sinovli kunlariga sabr qilgan inson borki, ikki dunyo saodatiga erishadi. Zero Alloh taolo shunday deydi: “(Allohdan) sabr va namoz ila yordam so‘rangiz”. Ya’ni, sabr qiling, ana shunda barcha mushkullar oson bo‘ladi. Ushbu fojiadan halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga sabru jamil tilab, musibatlariga sherik ekanimizni chin yurakdan izhor qilamiz.
O‘tgan kuni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoga tashriflari doirasida Hakim Termiziy maqbarasi ziyorati chog‘ida Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida halok bo‘lgan 52 o‘zbekistonlikning o‘limidan chuqur qayg‘uda ekanlarini aytib, ularning yaqinlariga ta’ziya bildirdilar va shu asnoda:
“Mana kecha bo‘lgan falokatlar ham ko‘p narsadan, jumladan xalqimizning oldida qarzimiz juda-juda ko‘pligidan dalolat beradi. Odamlarimizga sharoit yaratmaganimiz uchun ular begona yurtlarga borib, ish qidirib yuribdi. Bu davlat rahbariyati, hamma tizimdagi rahbarlar eng katta xato va kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf qilmaganidan dalolat. «Begona yurtlarda sarson-sargardon yurish» degan gap bekorga emas. U bechoralarning ham Xudodan umidi bor, ne umidlar bilan bolamni boqaman, otamga pul olib kelaman deb yosh-yosh yigitlar ketyapti. Yosh-yosh yigitlar… Hammasi o‘zbekistonliklar. Albatta, biz juda katta qayg‘udamiz… Ota-onalariga hamdardlik”, degan juda ham ta’sirli so‘zlarni bayon qildilar. Shuningdek, duolar mustajob bo‘ladigan Surxondaryodagi mutasavvif olim, aziz avliyo Hakim Termiziy hoki poklari qo‘nim topgan tabarruk qadamjoda Qur’oni karim oyatlaridan o‘qilib, savoblari halok bo‘lganlarning ruhoniyatlarga bag‘ishlandi.
Shuningdek, o‘tgan juma kuni diniy idora tomonidan ilova tezis qilinib, muftiy hazratlarining halok bo‘lganlar oila a’zolariga va yaqinlariga chuqur hamdardlik ila taziyalari izhor qilindi, ularning oxiratlari obod bo‘lishi, joylari jannat bog‘laridan bir bog‘ bo‘lishini so‘rab, duolar qilindi. Shuningdek, yaqinlariga sabr-toqat tilab hamdardlik bildirildi.
Shu o‘rinda bir mulohazani aytishni lozim topdik. Mana shu juma kuni asr, shom va hufton namozlarini ham masjidlarda o‘qish nasib etdi. Ayrim imom-xatiblarimiz ushbu halok bo‘lganlarni duolarida ham eslashmagani bizni ranjitdi. Bunday musibat kunlarda markazdan – Diniy idoradan biror tavsiyani kutish shart emas. Har kim qo‘lidan kelganicha hissasini qo‘shishi kerak. Davlatimiz rahbari har bir chiqishida kishilarni tashabbus ko‘rsatishga chaqiryaptilar-ku. Qani bu yerda imom-xatiblarimizning tashabbuskorligi, uyushqoqligi. Axir halok bo‘lganlar kimningdir aka-ukasi, otasi, jigarbandiku. Agar ular sizu bizning tug‘ishganimiz yoki farzandu arjumandimiz bo‘lganida, butun O‘zbekiston duo qilishini istardik.
Shunday ekan, diyorimizdagi barcha masjidlarda namozlar so‘nggida barcha imom-xatiblardan fojiada halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz haqqiga duo qilishlarini so‘raymiz. Imom-xatiblar har namoz, tasbehu zikrlarda hosil bo‘lgan savobu ajrlarini baxshida etishlarni tavsiya etamiz.
Qolaversa, vodiy viloyatlari boshiga kelgan ushbu musibatga boshqa viloyatlar imom-xatiblari ham kelib, tasalli berishlarini istardik. Qani edi, barcha ishlarda namuna bo‘lgan poytaxtimiz imom-xatiblari bu ishda ham ibrat ko‘rsatsalar. Hamon esimizda, bir necha yil avval Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi sel oqibatida jabr ko‘rgan oilalarga butun mamlakatimiz imom-xatiblari yordam qo‘lini cho‘zishgan edi. Mana shu an’anani davom ettirishni xohlardik.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Makkada bo‘lib o‘tayotgan 46-Saudiya xalqaro qorilar musobaqasining ikkinchi kunida 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol musobaqa qatnashchilari o‘zaro bellashdi.
IQNA "Saudiya axborot agentligi"ga tayanib xabar berishicha, Makkada Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi shafeligida o‘tkazilgan tanlovning final bosqichi turli mamlakatlardan kelgan erkaklar va ayollar ishtirokida davom etdi.
Tadbirning ikkinchi kunida erkaklar va ayollardan iborat hakamlar hay’ati 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol ishtirokchining Qur’on tilovatiga baho berdi.
Ikki bosqichda, ertalab va kechqurun o‘tkazilgan hakamlar hay’ati Katta masjid hovlisida 17 nafar erkak va tanlov o‘tkaziladigan joydagi ayollar bo‘limida 16 nafar ayolni o‘z ichiga oldi. Shunday qilib, birinchi va ikkinchi kunlarda erkaklar va ayollar hay’ati oldida yangragan chiqishlarning umumiy soni 40 dan ortiq mamlakatdan 66 taga yetdi.
Tadbir kelasi payshanbagacha (2026 yil 20 avgust) davom etadi, bu ishtirokchilarning Saudiya Arabistonidan jo‘nab ketish kuni bo‘ladi. Qur’on ilmlari, qiroat va qiroat qoidalari bo‘yicha erkak va ayol mutaxassislardan iborat hakamlar guruhi elektron hakamlik tizimidan foydalangan holda chiqishlar, qorilar va matnni yod olgan ijrochilarni baholaydi, bu esa baholashning aniqligini oshiradi va turli yo‘nalishlarda adolatni ta’minlaydi.
Ayni paytda 133 mamlakatdan 334 nafar erkak va ayol besh yo‘nalishda, jumladan, yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.
Tadbir 6 avgust kuni boshlangan bo‘lib, uning maqsadi yosh musulmonlarni Qur’onni yodlash va tushunishga, oyati karimalar ustida mulohaza yuritishga va halol raqobatni yaratishga undashdir.
Ushbu musobaqada u boshlanganidan beri rekord darajadagi ishtirokchilar - 133 mamlakatdan 334 kishi ishtirok etdi va umumiy sovrin jamg‘armasi 10 260 000 saudiya rialini tashkil etdi, bu musobaqa boshlanganidan beri eng yuqori miqdordir.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati