Baro ibn Ozib roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni ovozingiz bilan bezang!” deb marhamat qildilar» (Abu Dovud va Nasaiy rivoyati).
Qur’oni karimni chiroyli ovoz bilan bezash masalasi olimlar o‘rtasida turli fikrlarga sabab bo‘lgan. “Qur’onning chiroyli ovozga ehtiyoji yo‘q”, degan tushunchadagilar hadis aslida: “Ovozingizni Qur’on bilan bezang” ma’nosida bo‘lgani, biroq rivoyat asnosida so‘zlar o‘rni almashib qolganini aytadi. Ularga ko‘ra, Alloh taoloning kalomi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning abadiy mo‘jizalari bo‘lmish Qur’on hech kimning chiroyli ovoziga muhtoj emas. U har jihatdan go‘zal va mukammal, biz uning qiroati bilan ovozimizni go‘zallashtirishga muhtojmiz.
Ammo ko‘pchilik ulamolar bu fikrga qo‘shilmaydi. Ibn Dayba ta’kidlaganidek, hadisda kelgan “Qur’on” so‘zidan maqsad uning tilovatidir. Demak, o‘tkir xotira va xushovoz ila Qur’oni karim tilovatini go‘zallashtirish kerakligini anglash zarur. Zero, go‘zal so‘z go‘zal ovoz bilan yanada yoqimli bo‘ladi. Uning xushovozda o‘qilishi odamlarda Qur’oni karimni tinglashga bo‘lgan moyillikni kuchaytiradi. Demak, hadisdan tilovatda imkon qadar ovozni chiroyli qilishga urinish kerakligi tushuniladi.
Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlash lozim, Qur’oni karimni chiroyli o‘qiyman deb uni tag‘anniyga (ohangga solish, qo‘shiqqa o‘xshatish) aylantirish ham yaramaydi. Ulamolar tilovatda tajvid qoidalaridan chetga chiqib, tag‘anniyga yo‘l qo‘yishni makruh deyishgan. Bunday tilovatni eshitganlar ham qarshi chiqishlari, xatoligini tushuntirishlari lozim. Kalomulloh har jihatdan o‘zgacha; uning tilovatida ham bu o‘ziga xoslikni asrash, turli qo‘shiq va baytu g‘azallar ohangiga o‘xshatmaslik kerak. Mulla Ali Qori “Mirqot” kitobida qo‘shiq kabi ohangga solib tilovat qilish haromligi, eshitganlar ham gunohkor bo‘lishiga doir fatvo bergan. Uning chek qo‘yilishi vojib bo‘lgan eng yomon bid’atlardan ekanini ta’kidlagan.
Ali Qori ushbu hadis sharhida shu ma’noda vorid bo‘lgan boshqa hadislarni ham keltiradi: “Qur’onni ovozingiz bilan bezang. Zero, xushovoz Qur’on chiroyini orttiradi” (Nasaiy va Hokim); “Chiroyli ovoz Qur’on ziynatidir” (Tabaroniy); “Har narsaning bezagi bor, Qur’onning bezagi chiroyli ovozdir” (Abdurrazzoq).
Yuqoridagi rivoyatlarni zikr qilgach, Ali Qori aytadi: “Bu yerda Qur’onni ovoz bilan go‘zallashtirishga amr bor. Qur’onning ovoz bilan go‘zallashishi tajribada tasdiqlangan haqiqat. Shunday ekan, bu hol hadisda so‘zlar o‘rni almashib qolgan, degan da’voni rad qiladi”.
Ali Qori fikrining tasdig‘i sifatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhuga aytgan ushbu so‘zlarini keltiradi: “Senga Oli Dovud alayhissalomga berilgan mizmorlardan bir mizmor berilgan. Kecha kechqurun seni tinglayotganimni bir ko‘rsayding. Haqiqatan, senga Oli Dovud alayhissalomga berilgan mizmorlardan bir mizmor berilgan”.
Xulosa, muhimi Qur’onni o‘qish. Tartil bilan o‘qib, qiroatni bezash mustahab ekaniga butun ulamolar ittifoq qilishgan. Tag‘anniy va lahn bilan o‘qish xususida esa ixtilof bor. Jumhur ulamo buning joiz emasligini, chunki mazkur holatda xushu’ yo‘qolishini aytganlar.
O‘MI Matbuot xizmati
Hozirgi kunda “bid’at” so‘zini ko‘pchiligimiz tez-tez eshitamiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu so‘zni bilgan ham, bilmagan ham, tushungan ham, tushunmagan ham ishlatmoqda.
Alloma ibn Hajar Makkiy rahimahulloh o‘zining “Fathul Mubiyn” asarida bid’atning lug‘aviy ma’nosini quyidagicha keltirgan:
“Bid’at so‘zi lug‘atda – o‘xshashi bo‘lmagan, yangi narsani paydo qilish”, degan ma’noni beradi.
“Bahrul Layoliy sharhi Bad’ul Amoliy”da esa, bid’atning lug‘aviy ma’nosini: “Avval bo‘lmagan, o‘xshashi yo‘q narsani paydo qilish” deb keltirgan.
Shundan kelib chiqib, mazkur ulamolar bid’at xoh ibodatlarda, xoh odatlarda bo‘lsin, yaxshi yoki yomon bo‘lsin, Qur’on va sunnatda mavjud bo‘lmagan yangi paydo bo‘lgan narsa deb qaraganlar.
Ulamolar lug‘aviy bid’atni besh qismga bo‘lganlar.
Birinchisi: Vojib bid’at. Nahv ilmini o‘rganish bid’atning shu turiga kiradi. Chunki bu ilmni bilmasdan Qur’on va sunnatni bilib bo‘lmaydi. Bu ikki manbani o‘rganish vojib. Vojibni bajarishga xizmat qiladigan narsa ham vojib bo‘ladi.
Demak, Qur’on va sunnatni o‘rganish uchun nahvni o‘rganish vojib.
Ikkinchisi: Harom bo‘lgan bid’at. Mo‘tazila, jabariya va hozirgi salafiy hamda ahli sunnaga zid bo‘lgan turli firqa va oqimlarni ta’sis etish. Chunki bular ham Islomning ilk davrlarida bo‘lmay, keyinchalik turli maqsadlarda tashkil qilingan bo‘lib, asosan sof Islom aqidasini noto‘g‘ri talqin qilish, Islomga va musulmonlarga zarar berish bilan tanilgan. Shuning uchun bunday firqa va oqimlarga kirish harom hisoblanadi.
Uchinchisi: Mustahab bid’at. Masjidlarga minoralar qurish, ma’had va madrasalar barpo etish, Qur’on qiroatini eshitish va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini o‘rganish uchun turli majlislar tashkil qilish mustahab bid’atlar sirasiga kiradi.
To‘rtinchisi: Makruh bid’at. Masjidlarga ziynat berish.
Beshinchisi: Muboh bid’at. Yeb-ichish, kiyim-kechak, maskan-manzillarda kengchilikka yo‘l qo‘yish. Ya’ni agar haloldan bo‘lsa, kishi o‘zi yashaydigan manzilini chiroyli ta’mirlasa, faxr va kibrdan xoli bo‘lib, qimmatbaho kiyim kiygan bo‘lsa va yemoq-ichmog‘ida kengchilikka yo‘l qo‘ysa, gunohkor bo‘lmaydi. Chunki shar’an bu paytda mazkur ishlar muboh sanaladi.
Bid’atning shar’iy-istilohiy ma’nolari
Bid’atning shar’iy – istilohiy ma’nolarini “Bahrul Laoliy sharhi Bad’ul Amoliy” asarining sohibi quyida uch qism qilib keltirganlar:
الزِّيَادَةُ وَالنُّقْصَانُ فِي الدِّينِ مِنْ غَيْرِ إِذْنِ الشَّارِعِ
1. “Shore’ning iznisiz dinda ziyoda va nuqsonga yo‘l ochish”.
جَعْلُ غَيْرِ الدِّينِ دِينًا أَوْ مَا يَكُونُ مُشَابِهًا بِالدِّينِ وَلَيْسَ مِنَ الدِّينِ
2. “Dindan bo‘lmagan narsani din deb bilish yoki dinga o‘xshash martabaga ko‘tarish”.
عَمَلٌ مُحْدَثٌ عَلَي نِيَّةِ الْعِبَادَةِ
3. “Dinda asli yo‘q bo‘lib, yangi paydo bo‘lgan narsani ibodat niyatida bajarish”.
Mazkur ta’riflarga asoslanib fuqaholar ikita fiqhiy qoidani joriy qilganlar.
الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْإِبَاحَةُ
1. “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”. Ya’ni, aslida hamma narsa muboh va tozadir.
الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْحُرْمَةُ
2. “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”.
Zohiran qaraganda bir-biriga zid bo‘lgan bu ikki qoidani tatbiqi shundayki, agar bir kishi dunyo ishlarini osonlashtirish, odamlarning og‘irini yengil va uzog‘ini yaqin qilish maqsadida biror narsa masalan mashina, telefon yoki turli foydali moslamalar o‘ylab topib ixtiro qilsa, “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”, qoidasiga binoan bu yaxshi va maqtalgan ish hisoblanadi.
Ammo, ibodat niyatida dinda biror narsani joriy qilish, sunnat bo‘lmagan amalni sunnat deb e’tiqod qilish, “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”, qoidasiga binoan bid’at va harom ish hisoblanadi.
Bid’atning turlari.
“Sahihi Buxoriy” kitobini sharhlagan Imom Qastaloniy rahimahulloh aytadilar: “Imom Bayhaqiy Imom Shofe’iydan naql qilib: “Kitobu sunnatga va ijmoga xilof bo‘lgan ishlar zalolatga chorlovchi bid’atdir. Ammo, kitobu sunnatga xilof bo‘lmagan yaxshi ishlar bid’at emas, balki “Muhdasotu mahmuda” ya’ni keyin paydo bo‘lgan maqtalgan ishlardir”, deganlar (Qastaloniy. J. 1. B. 302).
Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda:
قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ سَنَّ فِي الإسلام سُنَّةً حَسَنَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَا یُنْقَصُ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْءٌ وَمَنْ سَنَّ فِي الْإِسْلَامِ سُنَّةً سَیِّئَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ عَلَيْهِ مِثْلُ وِزْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَایُنْقَصُ مِنْ أَوْزَارِهِمْ شَيْءٌ.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim Islomda chiroyli yo‘lni joriy qilsa, bas u uchun uning ajri va undan keyin unga amal qilganlarning ham ajri bo‘ladi. Ularning ajrlaridan biror narsa kamaytirilmaydi” (Imom Muslim rivoyati).
Mana shu va boshqa dalillarga tayanib, ulamolarimiz bid’atni ikki qismga bo‘lganlar: bid’ati hasana (yaxshi bid’at) va bid’ati sayyia (yomon bid’at).
Hofiz ibn Hajar rahimahulloh: “Shariatning asliga xilof bo‘lmay, shu bilan birga foydali va xayrli amallar bid’ati hasanadir. Shar’iy asosga ega bo‘lmagan amal yoki e’tiqodni joriy qilish bid’ati sayyia deyiladi”, deganlar. (“Fathul Boriy” kitobi, J. 4. B. 253).
Bid’ati hasana – bunga hazrati Umar roziyallohu anhuning ishlarini misol qilish mumkin. Sunnat amal bo‘lgan tarovih namozini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jamoat bilan o‘qimas edilar. Hazrati Umar esa xalifalik davrida mazkur namozni imomga iqtido qilib, jamoat bilan o‘qishni joriy qildi va: “Qanday yaxshi bid’at bo‘ldi”, dedi.
Shunga binoan diniy ilmlar o‘rgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni go‘zal siyratlarini targ‘ib qilish uchun mavlid o‘qish singari din asoslariga zid bo‘lmagan amallar bid’ati hasana bo‘ladi. Unga amal qilish joiz va u zalolatga boshlamaydi.
Bid’ati sayyia esa, shar’iy asosga ega bo‘lmagan biror amal yoki e’tiqodni joriy etishdir. Bunday bid’at ayni zalolat bo‘lib, u shariatimizda rad etilgan. Quyidagi hadisi sharif ham shunga dalolat qiladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
مَنْ أَحْدَثَ فِي أَمْرِنَا هَذَا مَا لَيْسَ مِنْهُ فَهُوَ رَدٌّ
“Kim bizning bu dinimizda unda bo‘lmagan yangi narsani kiritsa, rad qilinadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, hadisda ko‘zlangan maqsad dinning asosiy manbalari bo‘lmish Kitob, sunnat va ijmoga xilof bo‘lgan ishlarni paydo qilish bo‘lsa, bas, u rad qilingandir. Ammo dunyoviy hayotning ravnaqiga xizmat qiladigan, insonlarga manfaat beradigan ishlarni paydo qilish, garchi Kitobu sunnatda asosi mavjud bo‘lmasa-da, zinhor bid’at deyilmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi