Bismillahir rohmanir rohim
Insoniyat o‘tmishida farovonlik va ayrim hollarda turli sinov hamda talafotlarni boshidan o‘tkazgan. Zero, har ikki holatning zamirida ham o‘ziga xos sabablar mavjud. Shunga ko‘ra, tarix xolis o‘rganilar ekan, undan ko‘plab foydali saboqlar olish mumkin bo‘ladi.
Tarixiy jarayonlarda ayrim g‘arazli kuchlar tomonidan insonlar o‘rtasida nizo, fitna chiqarish va shu orqali o‘zlarining qabih ishlariga erishish yo‘lida diniy, irqiy va etnik omillardan vosita sifatida foydalanilgani ham voqelikdir. Bu holatni bugungi kunda ham kuzatish mumkin. Jumladan, islom dinidagi “xalifalik” tushunchasidan ham turli talqin va maqsadlarda fitna uchun foydalanilganiga guvoh bo‘linadi. Ushbu masala ilmiy asosda o‘rganilar ekan, jarayon bir-biriga zid ko‘rinishlarda takrorlanib turgani ma’lum bo‘ladi.
Jumladan, XIX asrda Usmonli turk hukumatini parchalash maqsadida turli kuchlar o‘z ta’siridagi ayrim oqimlar orqali o‘zlarini “xalifa” hisoblaydigan sulola hukmdorlariga nisbatan “xalifalik yo‘q” degan g‘oyadan foydalangan. Natijada Usmonli hukumati o‘zining mavqeni saqlab qolish uchun ta’lim tizimida aqoid ilmidan o‘qitilayotgan “Sharh al-aqoid an-nasafiya”dagi “Xalifalik o‘ttiz yilligi haqidagi” qismni olib tashlab, rasmiy nashriyoti “Dor Saodat”da 1317/1899-yilda qayta chop etilgan. Usmonli turk imperiyasi parchalangach esa uning o‘rnida paydo bo‘lgan davlatlarda birorta rahbarlar o‘zlarini “xalifa” deb e’lon qilmaganlar, bilaks “malik” (podshoh) kabi nomlar ostida rahbarlik qilganlar. Aksincha, XX asr ikkinchi yarmi va XXI asrda g‘arazli kuchlar qaramog‘idagi “Hizb at-tahrir” kabi oqimlar “xalifalik qurish” degan g‘oyani iddao qilinmoqda.
Demak, “xalifalik” tushunchasi g‘arazli kuchlar turli talqinlarda foydalangan va foydlanayotgan masala ekan. Shunga ko‘ra, ushbu tushunchaning islom dinidagi asliyatini o‘rganish zarurati yuzaga keladi.
Yozilganidan buyon islom bilim yurtladida aqoid ilmi bo‘yicha darlik sifatida o‘qitib kelinayotgan Alloma Sa’duddin Taftazoniy (rahimahulloh)ning “Sharh al-aqoid an-nasafiya” asarida bu to‘g‘rida quyidagicha bayon qilingan:
“Xalifalik o‘ttiz yildir. Undan keyin podshohlik va amirlikdir”.
Ushbu fikrini isbotlash maqsadida alloma Taftazoniy (rahimahulloh) Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)dan quyidagi hadisni keltiradi:
“Mendan keyin xalifalik o‘ttiz yildir. Undan keyin podshohliklarga aylanib ketadi”.
Mazkur hadis sahih bo‘lib, muhaddis Imom Abu Dovud va Imom Termiziy tomonidan rivoyat qilingan.
Shundan keyin, Alloma Taftazoniy (rahimahulloh) sahoba Hazrati Alining mazkur o‘ttiz yilning boshida turishligini aytadi. Undan keyin hukmronlik qilganlar esa podshoh va amirlar bo‘ladi, deydi. Jumladan, sahoba Muoviya (roziyallohu anhu) va undan keyingi amirlar xalifalardan emasligini aytadi. Lekin bu mavzuning tushunilishi mushkul deb fikrini quyidagicha yoritib beradi:
Abbosiy xalifaligi va Umar ibn Abdulaziz (rahimahulloh) kabi marvoniylar sulolasining ba’zi vakillarini musulmon ummati xalifa deb kelgan bo‘lsa-da, biroq Alloma Taftazoniy (rahimahulloh) fikriga ko‘ra, hadisda tilga olingan xalifalikdan maqsad to‘liq xalifalik, ya’ni u shunday xalifalikki, unga qarshi hech bir muxolifat bo‘lmagan, undan boshqalarga bay’at qilishga odamlarda mayl uyg‘onmagan.
Ya’ni “xulafoi roshidin” (“to‘g‘ri yo‘ldan boruvchi xalifalar”) Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu), Umar ibn al-Xattob (roziyallohu anhu), Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) va Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu) bo‘lib, ular Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning xalifalari bo‘lganlar.
Demak, Alloma Taftazoniy (rahimahulloh) aytishicha, musulmonlarning noroziligiga sababchi bo‘lib, bir to‘da odamlar o‘zlaricha xalifalik e’lon qilgani bilan ular haqiqiy bo‘la olmaydilar. Ular o‘zlarining “xalifaligi”ga qanchalik oyat va hadis keltirsalar ham, ular ishonchli va tom ma’nodagi xalifa emaslar!
Alloma Taftazoniy (rahimahulloh) hozirgi davrda xalifalik tuzishni targ‘ib qiluvchilar doim keltiradigan hadisi sharifga e’tibor qaratgan. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)dan quyidagi hadis keltiriladi:
“Ahli qibladan kim o‘z zamonasining imomini tanimasdan vafot etsa, johil bo‘lib vafot etibdi”.
Alloma Taftazoniy (rahimahulloh) mazkur hadis e’tiboridan ummat Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) vafotidan keyin eng muhim ishni qildilar. Ya’ni o‘zlariga rahbarni tayinladilar. Hatto, Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) dafn qilinmasdan oldin bu ishni amalga oshirdilar va bu ishni har bir rahbar vafotidan keyin ham davom ettirdilar. Ya’ni bu yerda hech qanday xalifalik haqida gap-so‘z yo‘q. Mazkur hadisda har bir davrdagi, har bir yurtning o‘zlari tinch yo‘l bilan saylab qo‘ygan rahbarlari nazarda tutilgan. Hadisda tilga olingan “imom” so‘zi diniy rahbar – masjid imomini ham, siyosiy rahbar – davlat rahbarini ham nazarda tutadi. Fiqhiy manbalarda ham “imom” so‘zi ana shu ikki ma’noda qo‘llanadi. Undan faqat “xalifa”ni e’tiborga olish ma’nosi yo‘q. Ikkinchidan, aytish lozimki, “Sharh al-aqoid an-nasafiya”ning eng mashhur sharh qiluvchilaridan Ramazon Afandi (vaf. 1025/1616 y.) (rahimahulloh) fikricha, bu hadisdagi “o‘z zamonining imomi” so‘zidan murod o‘sha davrga yuborilgan Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)dir.
Xalifalikni va xalifalik tuzishni targ‘ib qiluvchilar yuqoridagi hadisi sharifni keltirib, o‘zlarining g‘arazli maqsadlari uchun niqob qilib oladilar, lekin shu ma’nodagi quyidagi sahih hadisi sharifni yashirib keladilar:
“Kimki itoatdan chiqib va jamoatdan ajralib vafot qilsa, johiliyat o‘ligi holda o‘lib ketadi. Kimki ummatimga qarshi chiqib, yaxshisini ham, yomonini ham (bo‘yiniga qilich va bolta ila) ura boshlasa, ularning moʻminligiga parvo qilmay qo‘ysa, ularning ahdlashgan kimsalariga vafo qilmasa, u mendan emas! Kimki asabiylikka chaqiradigan ko‘r bayroq ostida urishsa yoki asabiylik bilan g‘azablanaversa, u o‘ldirilsa, jaholat holida o‘ldirilgan bo‘ladi!”.
Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) mazkur hadisi sharifda hozirgi kunda “xalifalikni qayta qurish” ahmaqona rejasi bilan mu’min-musulmonlarga qarshi chiqayotgan, musulmonlarni o‘ldirayotgan, asabiy va g‘azabnok nokaslarni ogohlantirmoqdalar, ularning o‘zlari jaholatda, harom o‘limtik holida o‘lib ketishlarini bashorat qilmoqdalar.
Birinchidan, biz “rahbar” deb tarjima qilgan so‘z matnda “imom” (الْإِمَامُ) shaklida kelgan. Aqoid ilmi istilohida “imom” so‘zi ikki ma’noda keladi: davlat rahbari va imom-xatib. Bu o‘rinda davlat rahbari ma’nosida kelgan.
Lekin “مَنْ مَاتَ مِنْ أَهْلِ الْقِبْلَةِ” hadisida kelgan “imom” (الْإِمَامُ) so‘zidan murod esa Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)dir. Unda va uning ma’nosidagi hadislarda “xalifa” so‘zi keltirilgan emas. Shuningdek, musulmonlarning imonlari biror kishining mavjud bo‘lishiga bog‘lanishi mumkin emas. Chunki, ibodat yolg‘iz Alloh taologa qilinadi va din ham U Zotnikidir. Bunga esa, Abu Bakr (roziyallohu anhu)ning Nabiy(sollallohu alayhi vasallam) vafoti sababli sahobiylar sarosimaga tushib qolganlarida ularga qilgan xitobi dalil bo‘ladi:
Kim Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ga ibodat qilgan bo‘lsa, Muhammad vafot etdi. Kim Allohga ibodat qilgan bo‘lsa, darhaqiqat, Alloh hayy (tirik) va o‘lmaydi.
Ikkinchidan, yuqorida keltirilgan hadis ma’nosidan ma’lum bo‘ladiki, “komil xalifalik” o‘ttiz yil. Ya’ni Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon va Ali ibn Abu Tolib raziyallohu anhumlar davri. Shuningdek, mazkur to‘rt sahoba Rasulloh (sollallohu alayhi vasallam)ning xalifalari bo‘lganlar. Mazkur o‘ttiz yildan keyin paydo bo‘lgan davlatlar esa amalda naqlan podshohlik va amirliklar edi. Demak, bundan ma’lum bo‘ladiki, podshohlik va amirliklar “o‘rinbosar”, ya’ni, “xalifa” tomonidan emas, balki, “podshoh” va “amir”lar tomonidan boshqariladi.
Uchinchidan, yuqoridagi hadisda aytilganidek “xalifalik”ning o‘ttiz yil davom etganligiga yana bir naqliy dalil alloma Ibn Abi Shayba o‘zining “al-Musonnaf” asarining bir necha o‘rinlarida Muoviya ibn Abu So‘fyon (roziyallohu anhu) o‘zi haqida “Men (xalifalikdan keyingi) podshohlarning birinchisiman” deb doim aytgani haqidagi rivoyatdir. Bu esa ushbu mavzu doirasidagi kuchli amaliy dalillardan biri hisoblanadi.
Xulosa qilib shuni ta’kidlash kerakki, “xalifalikni qayta qurish” masalasi asrlar davomida turli firqalar tomonidan davriy ravishda ko‘tarilib turgan. Bugungi kunda ham bu masala ba’zi adashgan firqalar tomonidan ko‘tarilmoqda. Yuqorida keltirilgan kuchli dalillar mazkur oqimlarning qarashlari noto‘g‘riligini isbotlaydi va ularning qilayotgan bu da’volari faqat o‘zlarining g‘arazli maqsadlarini niqoblashdan o‘zga holat emas ekanini ko‘rsatadi.
O‘ktam PALVANOV
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO”
kafedrasi katta o‘qituvchisi, PhD
Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?
Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!
Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.
Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.
Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.
Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.
Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.
Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.
Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.
Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.
Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.
Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.
Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:
﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾
“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.
Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.
Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:
﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾
“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).
Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.
Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.
“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.
“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi.
“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.
“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.
“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.
“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.
“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:
“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.
“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.
“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».
Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.
Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.
Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.
“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.
Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.
Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.
Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi