Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Hech shubha yo‘q, har bir dinning o‘ziga xos xulqi bor. Islom dinining o‘ziga xos xulqi hayodir”. Hayo – kishini insoniy axloqqa to‘g‘ri kelmaydigan har qanday narsadan tiyilishga undovchi sifat. Hayo xijolat chekish, istiholadan farq qiladi. Chunki xijolat chekish hamisha ham ijobiy xislat hisoblanmaydi. Ba’zan u salbiy oqibatlarga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Hayo bir vaqtning o‘zida joiz bo‘lmagan ish va so‘zlardan qaytargani kabi, yaxshi ishlarga undovchi hamdir. Bu go‘zal xislat odamlar orasida ham, o‘zi yolg‘iz qolganida ham egasining ikkiyuzlamachilik qilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Hayoning hammasi yaxshidir”, deganlar.
Hayo insonning ikki dunyosi, shuningdek, atrofidagilar uchun ham foydali fazilat. Ulamolarimiz hayo haqida: “Hayo yomon, qabih ish va qiliqlarni tark etishga undaydigan, haqdor kishining haqiga putur yetkazishdan qaytaradigan yaxshi sifatdir”, deyishgan.
Imonimizning bir bo‘lagi – hayo bizdan uzoqlashib, begonasirab ketishiga yo‘l qo‘ymaylik.
Yormuhammad ESHNAZAROV,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan vohamiz aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayrli ishlar davom etmoqda.
Bugun, O‘MI Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov boshchiliklarida homiylar jalb etilgan holda mahalla hududidagi xonadonlarga tashrif buyurib, xonadon ahillari bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sovg‘a-salomlar va xayr-ehson qutilari tarqatildi.
Bunday xayrli tashabbuslar xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lib, ehtiyojmand oilalarga ma’naviy dalda va ko‘mak berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarimizda fayzu baraka bardavom bo‘lsin!
O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati