Tabiiyki, kindik qoni to‘kilgan joy inson uchun hamma narsadan ham qimmatli dargohdir. Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam Madinai munavvaraga hijrat qilib ketayotganlarida tug‘ilib o‘sgan vatani Makkai mukarramaga yuzlanib turib: “Agar qavmim meni chiqib ketishga majbur qilmaganida, hech ham o‘z ixtiyorim bilan uni tashlab ketmagan bo‘lur edim”, deganlari siyrati nabaviya kitoblarida bayon etilgan.
Demak, Vatanni sevish, vatanparvar bo‘lish, undagi bor narsalarni ardoqlab, sog‘inib yashash insoniyat tabiatida mavjud bo‘lgan nozik his-tuyg‘udir.
Buyuk alloma Alisher Navoiy hazratlarining quyidagi so‘zida ona-Vatanini sevuvchi sadoqatli har bir kishining qalbida g‘ayrat va shijoat uyg‘otadi:
Vatan tarkini bir nafas aylama,
Ani ranji – g‘urbat, havas aylama.
Donolar aytadilar: “Kishining vafodorligi va sadoqati uning o‘z Vatani uchun qayg‘urishidan, do‘stlarini sog‘inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga achinib, o‘kinib yashashidan bilinadi”. Insonning o‘z xalqiga bo‘lgan sadoqati va fidoiyligi ona Vatanni himoya qilishi, taraqqiy topib, har tomonlama mustahkam va qudratli bo‘lishi hamda xalqining tinch va farovon hayot kechirishiga imkon darajada hissa qo‘shishi bilan o‘lchanadi.
Vatan himoyasi barchamizning muqaddas burchimiz! Diniy-ma’naviy qadriyatlarimiz qaytadan xalqimizga qaytarildi. Imon-e’tiqodimiz va ertangi kunga bo‘lgan ishonchimiz mustahkamlandi. Shaharu qishloqlarimiz ko‘rkam va obod bo‘ldi. Hayotimizga beqiyos ma’no va mazmun olib kirgan bu bebaho ilohiy ne’matlarning qadriga yetish, ularga shukr qilish, uni asrab-avaylash barchamizning burch va vazifamizdir.
1992 yil 14 yanvar kuni mustaqil davlatimiz tarixida muhim voqea yuz berdi. Respublikamiz Qurolli Kuchlari tashkil topdi. 1993 yildan e’tiboran 14 yanvar yurtimizda “Vatan himoyachilari kuni”, deb e’lon qilindi.
Ana ushbu shonli sananing 26 yilligini nishonlash arafasida turibmiz.
Ushbu qutlug‘ sana bilan yuragida Vatan va xalq sevgisi mahkam joy olgan shijoatli o‘g‘lonlar, yurt sarhadlarini sergaklik bilan qo‘riqlayotgan aka-ukalamiz qatori, yurt tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida turli sohalarda xizmat qilayotgan barcha vatandoshlarimizni muborakbod etamiz.
Abdug‘ulom MЕLIBOYEV,
“Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudirining ma’naviyat-marifat ishlari bo‘yicha o‘rinbosari
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV