Til insonning eng mukarram, shu bilan birga eng xatarli azosi hamdir. Agar inson uni yaxshilikga ishlatsa, ulkan ajr-mukofotlarga ega bo‘ladi, bordiyu yomonlikga ishlatsa uni ortidan malomatga qolishi tayin. Shuning uchun ham Payg‘ambar sollollohu a’layhi vasallam: “Odam bolasining ko‘pchilik xatolari tilidan” [1] deganlar.
Insonni abadiy saodatga erishishib jannatga kirishi, yoki baxtsiz bo‘lib do‘zaxga kirishishining ham asosiy sababchisi tilidir. Abu Hurayra roziyollohu a’nhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollollohu a’layhi vasallam, insonlarni jannatga kiritadigan amallarning ko‘prog‘i haqida so‘ralganlarida: “Allohga taqvo qilish va chiroyli xulq” dedilar. Insonlarni do‘zaxga kiritadigan narsalarning aksari haqida so‘ralganlarida esa: “Og‘iz va farj” [2] dedilar. Demak insonning najot topishiga Allohga bo‘lgan taqvosi va chiroyli xulqi sababchi bo‘lsa, halokatga uchrashiga tilini lag‘vdan, avratini zinodan saqlamasligi sabab bo‘lar ekan. Jobir roziyollohu a’nhudan rivoyat qilingan hadisda Rosululloh sollollohu a’layhi vasallam: “ Kim menga ikki jag‘i va ikki oyog‘i o‘rtasidagi narsani saqlashni kafolatini bersa, men unga jannat kafolatini beraman. Biror bir sadaqa Alloh azza va jallaga yaxshi so‘zdan ko‘ra mahbubroq emas” [3] dedilar.
So‘zning ahamiyati shunchalik muhimki inson birgina so‘zi bilan musulmon bo‘lishi yoki dindan chiqishi, insonlar o‘rtasini isloh qilishi yoki buzishi mumkin. Shunday ekan Alloh ta’olo ne’mat qilib bergan tillarimizni faqat xayrli amallarga ishlatmog‘imiz va uni Alloh va Rosuli qaytargan narsalardan tiymog‘imiz lozim. Anas roziyollohu a’nhudan rivoyat qilingan hadisda Rosululloh sollollohu a’layhi vasallam: “Toki tilini saqlamagunicha birortangiz ham iymonning haqiqatiga yeta olmaydi” [4] dedilar. Rosululloh sollollohu a’layhi vasallam hadisi sharifda marhamat qilganlaridek iymonning haqiqatiga yetish maqsadida tilimizni undan saqlashimiz kerak bo‘lgan narsalarni yana bir bor eslatib o‘tishni lozim deb bildik. Chunki Alloh taolo: “ (Ey, Muhammad sollollohu a’layhi vasallam) Eslating! Zero, eslatma mo‘minlarga manfaat yetkazur”[5] degan.
“Islom nuri” jome masjidi imom xatibi,
Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi A. Sobirov.
[1] Tabaroniy va Ibn Abuddunyo rivoyati.Vahid Abdussalom Boliy. Hifzullisan 5-bet.1990-yil Makka-i mukarrama.
[2] Termiziy rivoyat qilib sahih degan 3.245 Vahid Abdussalom Boliy. Hifzullisan 5-bet. 1990-yil Makka-i mukarrama.
[3] Imom Bayhaqiy. Shu’abul-iymon, 4- juz, tilni saqlash bobi 4915- hadis. 1990-yil Bayrut. Darul kutubil i’lmiyya.
[4] Imom Bayhaqiy. Shu’abul-iymon, 4- juz, tilni saqlash bobi 5005- hadis. 1990-yil Bayrut. Darul kutubil i’lmiyya.
[5] Zoriyot surasi 55-oyat.Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolarining tarjimava tafsiri. 2009-yil Toshkent. TIU nashriyoti.
Ulug‘ tobe’in Abdulloh ibn Sanobihiy rahimahulloh (asl ismlari Abdurahmon ibn Usayla)ning hayoti bugungi kun kishisi uchun – ayniqsa, vaqtning qadri, go‘zal xotima va maqsad sari intilish borasida ulkan ibrat maktabidir.
Abdurahmon ibn Usayla rahimahulloh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rish, u zotdan bevosita hadis eshitish ishtiyoqida Yamandan Madinaga qarab yo‘lga chiqadi. Biroq, Madinaga yetib kelganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafot etganlari haqida xabar topadi. Nabiy alayhissalom besh kun oldin vafot etgan edilar. Abdurahmon ibn Usayla payg‘ambarimizni ko‘ra olmay, sahobalik sharafiga 5 kun kechikkani sababli erisha olmaydi...
Bugungi kunda biz “ertaga qilaman”, “keyinroq boshlayman” deb yillarni boy beryapmiz. Smartfonlar va ijtimoiy tarmoqlar ichida yashayotgan hozirgi avlod uchun ushbu qissa – vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va xayrli ishlarni kechiktirmaslik uchun eng katta ogohlantirishdir.
Davron NURMUHAMMAD