frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Tilni saqlash

12.01.2018   8818   3 min.
Tilni saqlash

Til insonning eng mukarram, shu bilan birga eng xatarli  azosi hamdir. Agar  inson uni yaxshilikga  ishlatsa, ulkan ajr-mukofotlarga ega bo‘ladi, bordiyu yomonlikga ishlatsa uni ortidan malomatga qolishi tayin. Shuning uchun ham Payg‘ambar sollollohu a’layhi vasallam: “Odam bolasining ko‘pchilik xatolari tilidan” [1]  deganlar.

Insonni abadiy saodatga erishishib jannatga kirishi, yoki baxtsiz bo‘lib do‘zaxga kirishishining ham asosiy sababchisi tilidir. Abu Hurayra roziyollohu a’nhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollollohu a’layhi vasallam, insonlarni jannatga kiritadigan amallarning ko‘prog‘i haqida so‘ralganlarida: “Allohga taqvo qilish va chiroyli xulq” dedilar. Insonlarni do‘zaxga kiritadigan narsalarning aksari haqida so‘ralganlarida esa: “Og‘iz va farj” [2] dedilar. Demak insonning najot topishiga Allohga bo‘lgan taqvosi va chiroyli xulqi sababchi bo‘lsa, halokatga uchrashiga tilini lag‘vdan, avratini zinodan saqlamasligi sabab bo‘lar ekan. Jobir roziyollohu a’nhudan rivoyat qilingan hadisda Rosululloh sollollohu a’layhi vasallam: “ Kim menga ikki jag‘i va ikki oyog‘i o‘rtasidagi narsani saqlashni kafolatini bersa, men unga jannat kafolatini beraman. Biror bir sadaqa Alloh azza va jallaga yaxshi so‘zdan ko‘ra mahbubroq emas” [3]   dedilar.

So‘zning ahamiyati shunchalik muhimki inson birgina so‘zi bilan musulmon bo‘lishi yoki dindan chiqishi, insonlar o‘rtasini isloh qilishi yoki buzishi mumkin. Shunday ekan Alloh ta’olo ne’mat qilib bergan tillarimizni faqat xayrli amallarga ishlatmog‘imiz va uni Alloh va Rosuli qaytargan narsalardan tiymog‘imiz lozim. Anas roziyollohu a’nhudan rivoyat qilingan hadisda Rosululloh sollollohu a’layhi vasallam: “Toki tilini saqlamagunicha birortangiz ham iymonning haqiqatiga yeta olmaydi” [4] dedilar. Rosululloh sollollohu a’layhi vasallam hadisi sharifda marhamat qilganlaridek iymonning haqiqatiga yetish maqsadida tilimizni undan saqlashimiz kerak bo‘lgan narsalarni yana bir bor eslatib o‘tishni lozim deb bildik. Chunki Alloh taolo: “ (Ey, Muhammad sollollohu a’layhi vasallam) Eslating! Zero, eslatma mo‘minlarga manfaat yetkazur[5] degan. 

 “Islom nuri” jome  masjidi imom xatibi,

Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi  A. Sobirov.

 

 

[1] Tabaroniy va Ibn Abuddunyo rivoyati.Vahid Abdussalom  Boliy. Hifzullisan 5-bet.1990-yil Makka-i mukarrama.

[2] Termiziy rivoyat qilib sahih degan 3.245 Vahid Abdussalom Boliy. Hifzullisan 5-bet. 1990-yil Makka-i mukarrama.

[3] Imom Bayhaqiy. Shu’abul-iymon, 4- juz, tilni saqlash bobi 4915- hadis. 1990-yil  Bayrut. Darul kutubil i’lmiyya.  

[4] Imom Bayhaqiy. Shu’abul-iymon, 4- juz, tilni saqlash bobi 5005- hadis. 1990-yil Bayrut.  Darul kutubil i’lmiyya.  

[5] Zoriyot surasi 55-oyat.Shayx Abdulaziz Mansur.  Qur’oni karim ma’nolarining tarjimava tafsiri. 2009-yil Toshkent. TIU nashriyoti.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Farzandning otaga imom bo‘lishi

22.06.2026   5807   1 min.
Farzandning otaga imom bo‘lishi

Savol: Men bir hadis o‘qib qoldim. Unda otaga imomlik qilib bo‘lmaydi, deyilgan. Otaga imomlik qilib bo‘lmaydimi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan hadis emas, balki tobeinlarning ulug‘ olimlaridan bo‘lgan Ato ibn Abu Raboh rahimahullohga mansub gapdir. U zot o‘z so‘zlarini otaga ehtirom ko‘rsatish, uning oldida odob bilan turishga targ‘ib ma’nosida aytganlar. Fiqhiy qoidalarga ko‘ra har bir masjidda unga tayinlangan doimiy imomi eng haqli bo‘ladi. Hatto otasi yoki undan ko‘ra faqih yoki taqvodorroq odam turganda ham u imomlikka o‘tishga haqli bo‘laveradi.

Shuningdek, namoz qoidalari va qiroatni namozni ado etadigan darajada biladigan inson o‘z uyida imomlikka o‘tishda boshqalardan ko‘ra haqli hisoblanadi. Bu holatda ota va boshqalar teng bo‘ladi. Faqatgina sulton yoki uning noibi uy egasi va masjid imomidan ko‘ra haqli sanaladi. Inson yoki doimiy imom o‘zi haqli bo‘lsa-da, o‘sha yerda undan afzalroq odam bo‘lsa, unga imomlikka o‘tishni taklif qilishi mustahab sanaladi.

Demak, farzand o‘z uyida yoki o‘zi imom bo‘lgan masjidda imomlikka o‘tishi otadan ko‘ra haqli bo‘lsa-da, unga taklif qilish yoki uning ruxsati bilan o‘zi o‘tishi afzal va odob hisoblanadi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi