Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyun, 2025   |   24 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:41
Bismillah
20 Iyun, 2025, 24 Zulhijja, 1446

Farzandning ota-ona ustidagi haqlari

11.01.2018   14344   15 min.
Farzandning ota-ona ustidagi haqlari

Ota-ona rizoligini topish haqida so‘z borganida, farzandlarning majburiyati, mas’uliyati haqida ko‘p gapiriladi. Bu tabiiy holat. Biroq masalaning birinchi tomonida turgan ota-onalarning ular oldidagi majburiyatlari haqida chuqur va puxta bilib olinsa, bu eng birinchi bajarilishi lozim bo‘lgan vazifa ekanini yodda tutilsa, ayni muddao bo‘ladi.

Zero ota-ona o‘zlarining bu vazifalarini yaxshi bilib, o‘z vaqtida bajarib boradigan bo‘lsalar, umrlarining ko‘p qismini ahamiyatsiz narsalarga emas, balki dunyo-yu oxiratlariga foydasi tegadigan xayrli amallar bilan o‘tkazishga musharraf bo‘ladilar.  

Har bir ota-ona farzandini yaxshi tarbiya ko‘rishini, odobli-axloqli bo‘lishini va eng muhimi itoatgo‘y bo‘lib yetishishini xohlaydi. Ayrim oilalarda yetishgan o‘g‘il yoki qiz bolaning xatti-harakatiga, muomala-yu munosabatiga atrofdagilarning havasi keladi. Ko‘ngilni ovlovchi shirin so‘z yoki beminnat chiroyli xizmati tufayli nafaqat ota-onasining, balki boshqalarning ham “otasiga balli”, “onasiga balli” degan duoi xayrlarini olishga muyassar bo‘ladilar. Bunday farzandlarni ham oilasi uchun ham jamiyat uchun eng ko‘p nafi tegadigan inson bo‘lib yetishlariga shubha qilmasa ham bo‘ladi. Lekin hamma oilada ham ahvol bir xil deb bo‘lmaydi. Bola hali dunyoga kelmasdan boshlanadigan tarbiya jarayoniga hammamiz ham o‘zimizni tayyormiz deb ayta olmaymiz. Ba’zi ota-onalarimiz tarbiya masalasining naqadar jiddiy va o‘ta nozik ekanini o‘z vaqtida tushunib yetmaydilar. Shuning uchun ham “tarbiyali farzand” tushunchasi ular uchun faqat orzu-havas, ayrimlari uchun armondan boshqa narsa bo‘lmay qoladi. Chunki tarbiya masalasiga jiddiy e’tibor bermaslik yoki bu ishni eng boshidan boshlab noto‘g‘ri olib borilishi ko‘zlangan natijani bermay qo‘yadi. 

Kishilik jamiyatining asosiy a’zolari bo‘lgan ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi munosabatlar har doim ma’lum tartib-qoidalar, normalar asosida tartibga solinib kelingan. Dinimiz ota-ona bo‘lishlik bilan farzand ustidan cheksiz haq va huquqlarga ega bo‘lish mumkin degan bir taraflama xulosaga bormaslikka chaqiradi.  Ayniqsa, ularga nisbatan haddan ortiq bosim o‘tkazish, qattiq nazortga olish foyda o‘rniga zarar berishi aniq. Yoki hadan ortiq erkalatib boshiga qo‘ndirib olish, katta bo‘lyapti aqli kiradi, deb bolani o‘z holiga tashlab qo‘yish ham tarbiyani olib borilishida ijobiy natijalarni bermaydi. Shuning uchun ota-onalar farzandli bo‘lishlari bilan birga ularning zimmalariga bir qator jiddiy mas’uliyatlar yuklanishini unutmasliklari lozim. Chunki aynan mana shu vazifalarning bajarilishi bilan “aqlli bola”, “tarbiya ko‘rgan bola” tushunchalarini real hayotdagi ijrosini ta’minlashga sekin-sekin zamin yaratib boriladi. 

Ota-onalarning farzandlari ustida haqlari bo‘lgani kabi farzandlarning ham ularning ustidan bir qancha haqlari mavjud. Xalqimizda “Qars ikki qo‘ldan chiqadi” degan juda ham chiroyli maqol bor. Ba’zan davralarda, suhbatlarda farzandlaridan shikoyat qilayotgan yoki norozi bo‘lib gapirayotgan ayrim ota-onalarni ko‘rib qolamiz. Bir qarashda hasratlarida jon bordek ko‘rinadi. Bola bo‘lganidan keyin ota-onani rozi qilishi kerak deymiz. Lekin masalaga biroz chuqurroq nazar tashlaganimizda biz o‘zimiz farzandlarimizni aqli hali kirmagan yoshlik chog‘idan boshlab, qo‘lidan ish keladigan vaqtigacha qanchalik ularning tarbiyalari bilan haqiqiy shug‘ullandik? To‘g‘ri yedirish, ichirish, kiyintirishni juda ham zo‘r bo‘lmasa-da, birovdan kam qilmagan holda o‘rniga quygandirmiz. Lekin tarbiya degani faqat yedirish-ichirish degani emas-ku. Tarbiya degani ular so‘ragan paytida achchiqlanib, baqirib javob berish ham emas. 

Odob kitoblarimizdan shu narsa ma’lum bo‘lmoqdaki, farzand tarbiyasini boshlashdan oldin ota-onalar ma’lum talablarga avval o‘zlari qat’i amal qilishlari lozim ekan. Boladan bir narsani talab qilishdan oldin, avval unga shu narsa bergan bo‘lishi kerak. Ayrim ota-onalar farzandlari ularni oylab, hatto, yillab hollaridan xabar olmayotganidan, mehrining yo‘qligidan nolayotganini ko‘ramiz. Aqli kirmagan, nima desa xo‘p deydigan, mehrga zor bo‘lgan vaqtida qancha mehr bergan edi? Agar har birimiz farzandlarimiz oldidagi vazifalarimizga ikkinchi yoki uchinchi masala sifatida emas, balki eng birinchi burchlarimizdan deb qaraydigan bo‘lsak, bundan faqat va faqat o‘zimiz foyda ko‘rgan bo‘lamiz. Ayrim oilalarda bola tarbiyasi umuman kun tartibidan o‘rin olmagan, vaqti kelganda shug‘ullanib, qolgan paytlarda o‘z holiga tashlab qo‘yiladi.  

Gap shundaki, ota farzandi oldidagi vazifa va majburiyatlari ijrosiga qat’i rioya qilib, ularni o‘z vaqtida bajaradigan bo‘lsa, farzandining tarbiyasini o‘z nazoratiga olib, uni o‘ziga itoat etishiga katta yordam bergan bo‘ladi. 

Oiladagi ota-ona tomonidan ilk tarbiya o‘z vaqtida, to‘g‘ri berilsa, bu albatta, ijobiy natijasini beradi. Tarbiya ko‘rgan bola hech qachon ota-onasiga qarshi bormaydi. Agar aksi bo‘ladigan bo‘lsa, o‘z farzandlaridan faqat salbiy, zararli munosbatalarni ko‘rgan ota-onalar ularga qarshi duoibad qilishgacha ham borib qoladilar. Bir kuni Ibni Muborak roziyallohu anhuning oldiga bir odam bolasidan shikoyat qilib keladi. Shunda Ibni Muborak u odamdan: “Sen bolangni biror marta duoibad qilganmisan?” deb so‘raydi. Kelgan odam: “Ha”, deb javob berishi bilan: “Bolangni tarbiyasini sen buzgan ekansan”, – deb tanbeh beradi. 

Imom G‘azzoliy hazratlari “Ihyou ulumiddin” asarida shu mavzuga oid bir qator hadisi sharif va rivoyatlarni naql qiladi.

Bir sahoba Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan shunday so‘radi:

 Yo Rasululloh, kimlarga yaxshilik qilayin? Allohning Rasuli:

 Onangga va otangga, – dedilar. Sahoba:

 Onam va otam yo‘q, deb aytdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

 Farzandlaringga yaxshilik qilgin. Ota-onaning farzandlari ustida haqlari bo‘lgani kabi, farzandlarning ham ota-onalari ustida haqlari bor, – deb buyurdilar.  

Hech kim tashqaridan kelib farzandalrimizni tarbiyalab bermaydi, oilamizda ta’lim-tarbiya ishlarini tartibga solib bermaydi. Bu ishlarni har birimiz, o‘zimizning aqlu idrokimiz bilan bajaramiz. Bu jarayon ota-bobolarimizdan ta’lim-tarbiya yo‘li orqali nasldan naslga o‘tib kelayotgan odob-axloqning eng nodir gavharlari hisoblanadi. Lekin bugungi tezkor, voqealar shiddat bilan o‘zgarib borayotgan 21 asrda bu an’analarni aslidan uzoqlashtirmasdan saqlab qolish har birimizning muqaddas burchimiz bo‘lishligini har doim yodda tutishimiz zarur. Bugungi hayot sinovlari o‘z oilasini muqaddas bilgan har bir odamdan har qachongidan ham ko‘ra hushyorroq, ziyrakroq va donoroq bo‘lishni talab etmoqda. Chunki ilm-fan, texnikaning bunday taraqqiyoti o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritilayotgani yo‘q. Har bir erishilgan taraqqiyot ma’lum yo‘qotishlar evaziga qo‘lga kiritilishi ilmiy isbotlangan haqiqat ekanini esimizdan chiqarmasligimiz shart. Qolaversa, bugun dunyoda kechayotgan beqaror siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy holatlar har bir millat uchun o‘z kelajagiga befarq bo‘lmaslikni qat’i talab etmoqda. 

“Bugun XX asrdagi kabi global boshqaruv tizimi mavjud emas. Munosabatlar jadvali noaniq. Biz na ko‘p qutbli va na bir qutbli dunyoda yashayapmiz, boshboshdoqliklar tobora avj olmoqda. Oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan vaziyat tobora kuchliroq rol o‘ynamoqda”, – deydi BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari A. Guterresh vaziyatni yaqqol tasvirlar ekan. 

Tashkilotning ma’lum qilishicha, ayrim davlatlardagi bolalar ota-onalar yoki boshqa yoshi katta yaqin hamrohlarsiz xorijga chiqib ketishmoqda. 2015 yilda 100 ming yolg‘iz bola 78 mamlakatdan boshpana so‘radi. Bu 2014 yildagi ko‘rsatkichdan uch barobar ko‘pdir. Ulug‘lar himoyasidan mosuvo bunday bolalar odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi guruhlarning yengil o‘ljasiga aylanib qolishyapti. 

O‘zbekistondagi mahalla, oila institutlarining rolini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar zamirida odamlar orasidagi mehr-oqibatni oshirish, oilalar mustahkamligini saqlash, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, oilaviy mojarolar, kelishmovchiliklar, oilalar buzilishi singari muammolarni oldini olish, jamiyatda farovonlikni ta’minlash kabi ezgu maqsadlar asosiy e’tiborga olingan. 

Oila buzildimi farzandlar hayoti, ularning hali ota-ona mehriga to‘ymagan qalblari birinchi bo‘lib shikastlanadi, o‘zi xohlamay turib tirik yetim degan nomni o‘ziga olishga, shu nomni bir umr ko‘tarib yurishga majbur bo‘ladi. Oila buzilishi bilan bog‘liq barcha muammolar, albatta, bolaning tarbiyasiga, odobiga qaysidir ma’noda ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi. Agar statistik ma’lumotlarga nazar tashlansa bizdagi ahvolning ham quvonarli emasligini ko‘rish mumkin. Bu ma’lumotlar oxirgi yillarda O‘zbekistonda nikohlar soni kamayib, ajrashishlar soni ko‘payganidan darak bermoqda. Nega bunday holatlar tez-tez ro‘y bermoqda, farzand oldidagi burch va mas’uliyat degan tushunchalar nima sababdan o‘zlarini ota-ona deb biluvchi insonlarda o‘z qadrini yo‘qotib bormoqda?  

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasining oxirgi ma’lumotlariga ko‘ra, 2016 yilning yanvar-iyun (olti oyda) oylarida FHDYO idoralari tomonidan 92,4 mingta nikoh va 14,8 mingta ajrashish qayd etilgan. Agar o‘tgan yillar bilan taqqoslansa, nikohlar soni birmuncha kamaygan, ajralishlar esa ko‘paygan. 2014 yil yanvar-iyunida 107,8 mingta yangi oila tuzilgan, 14,4 mingtasi esa tarqab ketgan.  

2015 yilda hammasi bo‘lib 287 mingta nikoh qayd etilgan bo‘lsa,  2014 yilda esa 295,6 mingta yangi oila paydo bo‘lib, 28,7 mingtasi tarqab ketgan edi. 2013 yilda 303 mingta yangi oila paydo bo‘lib, 24 mingtasi tarqab ketgan. 

Kundalik hayotimizda ro‘y berayotgan bu voqealar har birimizni befarq qoldirmasligi kerak. Chunki oila, farzand tushunchalari eng oliy qadriyat bo‘lgan bizning diyorlarimizda bu boradagi salbiy holatlarga befarq munosbatda bo‘lishga hech qaysi birimizning haqqimiz yo‘q deb hisoblaymiz. 

Bugun oila mustahkamligi, farzand tarbiyasi kabi muhim vazifalarga har qachongidan ham jiddiy qarab, bu borada davlat miqyosida olib borilayotgan xayrli ishlarga yaqindan ko‘makdosh bo‘lib, mas’uliyatni chuqur his etgan holda harakat qilishga to‘g‘ri kelmoqda.  

Hech bir narsa bu dunyoda abadiy bo‘lmaganidek, inson ham bu foniy dunyoda abadiy qolib ketmaydi. Faqat insonning bu dunyoda qoldirib ketadigan farzandlari uning naslini davom ettirib boradi. Shu bilan insonning bir umrlik orzusi mana shu nasli orqali haqiqatga aylanadi. Bas shunday ekan, kelajagimiz davomchisi bo‘lgan farzandlarimizga jiddiy e’tibor berishimiz, ularning oldidagi vazifa va majburiyatlarimizni to‘la ado qilishimiz lozim. Shundagina ular biz ota-onalar oldidagi burchlarini to‘la-to‘kis bajarib, roziliklarimizni olib, ikki dunyo saodatiga musharraf bo‘ladilar. 

Alloh taolo Qur’oni karimda ota-onalarni farzandlariga nisbatan bir ne’mat va omonat sifatida qarab, munosbatda bo‘lishga o‘rgatadi.

Alloh taolo aytadi:

 “Ey iymon keltirganlar! O‘zingizni va ahli ayolingizni yoqilg‘isi odamlaru toshdan bo‘lgan o‘tdan saqlang” ( “Tahrim” surasi, 6-oyat) 

Mufassirlar ushbu oyati karimadagi “o‘tdan saqlanish”ni tarbiya yo‘li bilan amalga oshirilishini ma’lum qilganlar. 

Boshqa oyati karimalarda esa ahli oilasiga kerakli ta’lim-tarbiyani bermagan oila rahbarlarining oxiratda baxtiqaro bo‘lib qolishlari haqida ogohlantirish beradi.

Alloh taolo aytadi: 

“Bas, sizlar undan o‘zga nimani xohlasangiz, o‘shanga ibodat qilaveringlar”, deb ayt. Sen: “Albatta, ziyonkorlar qiyomat kuni o‘zlariga va ahllariga ziyon qilguvchilardir. Ogoh bo‘lingkim, ana o‘sha ochiq-oydin ziyonkorlikdir”, deb ayt.” (“Zumar” surasi, 15-oyat)

“Ular uchun tepalaridan ham olovdan “soyabonlar” bor, ostlaridan ham olovdan “soyabonlar” bor. Bu bilan Alloh O‘z bandalarini qo‘rqitur: “Ey bandalarim, menga taqvo qilinglar!” (“Zumar” surasi, 16-oyat) 

Hadisi shariflarda ham aynan shu masala juda ham qat’i ogohlantirish tarzida bayon etiladi. 

Hadis. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

“Barchangiz bir podaning cho‘poni kabisiz! Cho‘pon podasiga qanday g‘amxo‘rlik qiladigan bo‘lsa, suruvni yirtqichlardan qanday qo‘riqlaydigan bo‘lsa, siz ham uy xalqingizni va qo‘lingiz, ya’ni amringiz ostida bo‘lganlarni jahannam otashidan xuddi shunday himoya qilishingiz zarur! Ularga musulmonlikni o‘rgatishingiz kerak, o‘rgatmasangiz javobgar bo‘lasizlar”. (Buxoriy, Muslim)        

Ushbu oyati karimalar va hadisi sharifda farzandlar ota-onaga berilgan Allohning omonati ekani qayta-qayta tushuntirilmoqda. Bu omonatni qanday saqlash va unga qanday munosbatda bo‘lish ham oyati karima va hadisi shariflarda chiroyli tarzda bayon etilgan. Eng muhimi bu omonat ota-ona zimmasiga juda ham katta javobgarlik hissini ortmoqda. Zero, xabardan ko‘rinib turganidek, ota-onalar mana shu omonatga nisbatan qanday munosabatda bo‘lganliklari bilan oxirat kunida Alloh nazdida savolga tortiladilar.          

Dinimizda oilaga, ahlu ayol va farzandlarga bo‘lgan munosabatni eng chiroyli tarzda yo‘lga qo‘yilishiga chaqiriladi. Otalar uchun farzandlarning nafaqasi va yeyish-ichishlarini ta’minlashga qat’i buyurilar ekan, buning naqadar katta savob ekani hadislarda xabar beriladi. Jumladan, otalarning bozordan har xil shirin mevalardan sotib olib, farzandlariga berishlari yaxshi odatlar ekanini esdan chiqarmasligimiz lozim. Chunki hadisi shariflarda oilasi, bolalari uchun bozorlardan yeguliklar sotib olib kelgan otalarning gunohlari to‘kilishi xabar beriladi. Xuddi shunga o‘xshash ertalabdan oilasini halol rizq bilan boqaman deb chiqib ketgan otalar uchun katta-katta ajr-savoblar va va’dalar turganini yodimizda tutib, bu ishlarni mamnuniyat bilan bajarsak, albatta, ko‘zlagan maqsadlarimizga erishamiz. Agar aksi bo‘ladigan bo‘lsa, biz otalarning ishimiz yaxshi bo‘lmaydi. Zero tarbiya kitoblarimizda: “Yedirib, ichirishga (boqishga) zarurat bo‘la turib, shuni zoye qilgan insonga bu gunoh sifatida yetadi” deb marhamat qilinadi.   

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam farzandning otasi ustidagi haqi uchta ekanini marhamat qilganlar:

  1. Farzand dunyoga kelganida unga chiroyli ism qo‘ymoq.
  2. Qur’onni o‘rgatmoq.
  3. Uylanish vaqti yetganda uylantirmoq. (Daylamiy, Isfahoniy) 

Islom dini ulamolari oyati karima va hadisi shariflardan kelib chiqib, farzandlarning ota-onalari ustidan bir qancha shar’iy haqlari mavjudligini ma’lum qilganlar. Ushbu haqlar shulardan iborat:

Ulug‘bek Sultonovning 
"Ota-onaga xizmat qilish 
odoblari" kitobidan olindi

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

"Allohdan boshqa iloh yo‘q” yozuvi tushirilgan ko‘za

18.06.2025   7035   1 min.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan yuzasi arab yozuvidagi oyat, hadis va hikmatlar bilan ziynatlangan buyumlar mulyaji ham o‘rin olishi rejalashtirilgan. Jumladan, Markaz ekspozitsiyasidan joy olishi kutilayotgan X asrga oid "Allohdan boshqa iloh yo‘q” yozuvi tushirilgan ko‘za Somoniylar sulolasi davriga mansub artefakt hisoblanadi.

Islom dini Markaziy Osiyoga tarqalgandan keyin  xattotlik san’ati shakllanib rivojlandi.  Rassomlik o‘rniga xattotlik san’atiga ko‘proq e’tibor berildi. Buyumlar yuzasiga hikmatli so‘zlarni yozish urfga aylandi va arab yozuvi boshqa omillar qatorida Islom sivilizatsiyasi shakllanishiga turtki berdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi
Axborot xizmati