Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu bozor-o‘char qilgani chiqqan edi, pulini o‘g‘irlatib qo‘ydi. Buni eshitgan odamlar o‘g‘rini qarg‘ay boshlashdi. Shunda ibn Mas’ud ularni bu ishdan qaytardi va duo qildi:
– Ey Alloh! Agar pulimni o‘g‘irlagan odam muhtojlikdan olgan bo‘lsa, olganiga baraka bergin. Agar muhtoj bo‘lmay turib olgan bo‘lsa, shu o‘g‘irlikni hayotidagi eng oxirgisi qilgin!
“Qabasotun min hayotir-Rasul” kitobidan
Shahobiddin PARPIYEV
tarjimasi
Savol: Besh vaqt namozda imomga iqtido qilganimizda, Fotiha va zam suralarni o‘qimaymiz. Janoza namozida qanday yo‘l tutamiz? Unda ham quloq qoqqandan keyin jim turamizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Janoza namozida besh vaqt namozdan farqli ravishda, imomga iqtido qilganlar to‘rt takbirni va sano, salavot hamda duolarni o‘qiydi. Ya’ni birinchi takbirdan keyin sanoni, ikkinchi takbirdan keyin salavotni, uchinchi takbirdan keyin janoza duosini o‘qiydi. To‘rt takbir janoza namozining rukni ya’ni farz, boshqa zikrlar esa, sunnat hisoblanadi. Agar iqtido qilganlar takbirni ham, boshqa zikrlarni ham aytmay, jim tursa, janoza o‘qigan hisoblanmaydi. Agar takbirlarni aytsa-yu, boshqa zikrlarni aytmasa, sunnatni tark etgan bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.