“Istixora” so‘zi lug‘atda “yaxshilik so‘rash” ma’nosini bildiradi. Shar’iy istilohda bandaning namoz o‘qish yoki duo qilish bilan Alloh nazdida yaxshi sanalgan ishga yo‘llashini so‘rashi istixoradir. Ulamolar istixora sunnatligiga ittifoq qilishgan. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan naql qilingan rivoyatda: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarga har bir ishda, xuddi Qur’ondan sura o‘rgatgandek istixora qilishni ta’lim berardilar”, deyilgan. Unga ko‘ra, istixora qilmoqchi bo‘lgan odam ikki rakat nafl namozdan keyin duo qiladi.
Quyida istixora duosini keltiramiz.
اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْتَخِيرُكَ بِعِلْمِكَ وَأَسْتَقْدِرُكَ بِقُدْرَتِكَ وَأَسْأَلُكَ مِنْ فَضْلِكَ الْعَظِيمِ فَإِنَّكَ تَقْدِرُ وَلاَ أَقْدِرُ وَتَعْلَمُ وَلاَ أَعْلَمُ وَأَنْتَ عَلاَّمُ الْغُيُوبِ اللَّهُمَّ إِنْ كُنْتَ تَعْلَمُ أَنَّ هَذَا الأَمْرَ خَيْرٌ لِي فِي دِينِي وَمَعَاشِي وَعَاقِبَةِ أَمْرِي أَوْ قَالَ فِي عَاجِلِ أَمْرِي وَآجِلِهِ فَاقْدُرْهُ لِي وَإِنْ كُنْتَ تَعْلَمُ أَنَّ هَذَا الأَمْرَ شَرٌّ لِي فِي دِينِي وَمَعَاشِي وَعَاقِبَةِ أَمْرِي أَوْ قَالَ فِي عَاجِلِ أَمْرِي وَآجِلِهِ فَاصْرِفْهُ عَنِّي وَاصْرِفْنِي عَنْهُ وَاقْدُرْ لِي الْخَيْرَ حَيْثُ كَانَ ثُمَّ رَضِّنِي بِهِ.
O‘qilishi: “Allohumma inniy astaxiyruka bi’ilmik, va astaqdiruka biqudrotik, va as’aluka min fazlikal ’aziym, fainnaka taqdiru va laa aqdir, va ta’lamu va laa a’lam, va anta ’allaamul g‘uyuvb. Allohumma in kunta ta’lamu anna haazal amro xoyrul-liy fiy diyniy va ma’aashiy va ’aaqibati amriy vaqdurhu liy, va in kunta ta’lamu anna haazal amro sharrul-liy fiy diyniy va ma’aashiy va ’aaqibati amriy fasrifhu ’anniy vasrifniy ’anh, vaqdur liyal xoyro haysu kaana summa rozziniy bih”.
Ma’nosi: “Yo Alloh, ilming bilan Sendan yaxshilik so‘rayman. Qudrating bilan Sendan qodirlik va ulug‘ fazlingni so‘rayman. Zero, Sen qodirsan, men ojizman. Sen biluvchisan, men bilmayman. Sen g‘aybni biluvchisan. Yo Alloh, agar mana shu ishim dinimda, hayotimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yaxshi bo‘lsa, uni menga nasib et. Agar mana shu ishim dinimda, hayotimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yomon bo‘lsa, uni mendan va meni undan uzoqlashtir. Qayerda bo‘lsa ham, men uchun yaxshilikni taqdir qil va meni undan rozi qil”.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati