Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Yanvar, 2025   |   15 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:37
Shom
17:22
Xufton
18:40
Bismillah
15 Yanvar, 2025, 15 Rajab, 1446

“Yaxshilik so‘rash” duosi (Istixora)

8.01.2018   8842   2 min.
“Yaxshilik so‘rash” duosi (Istixora)

“Istixora” so‘zi lug‘atda “yaxshilik so‘rash” ma’nosini bildiradi. Shar’iy istilohda bandaning namoz o‘qish yoki duo qilish bilan Alloh nazdida yaxshi sanalgan ishga yo‘llashini so‘rashi istixoradir. Ulamolar istixora sunnatligiga ittifoq qilishgan. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan naql qilingan rivoyatda: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarga har bir ishda, xuddi Qur’ondan sura o‘rgatgandek istixora qilishni ta’lim berardilar”, deyilgan. Unga ko‘ra, istixora qilmoqchi bo‘lgan odam ikki rakat nafl namozdan keyin duo qiladi.

Quyida istixora duosini keltiramiz.

اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْتَخِيرُكَ بِعِلْمِكَ وَأَسْتَقْدِرُكَ بِقُدْرَتِكَ وَأَسْأَلُكَ مِنْ فَضْلِكَ الْعَظِيمِ فَإِنَّكَ تَقْدِرُ وَلاَ أَقْدِرُ وَتَعْلَمُ وَلاَ أَعْلَمُ وَأَنْتَ عَلاَّمُ الْغُيُوبِ اللَّهُمَّ إِنْ كُنْتَ تَعْلَمُ أَنَّ هَذَا الأَمْرَ خَيْرٌ لِي فِي دِينِي وَمَعَاشِي وَعَاقِبَةِ أَمْرِي أَوْ قَالَ فِي عَاجِلِ أَمْرِي وَآجِلِهِ فَاقْدُرْهُ لِي وَإِنْ كُنْتَ تَعْلَمُ أَنَّ هَذَا الأَمْرَ شَرٌّ لِي فِي دِينِي وَمَعَاشِي وَعَاقِبَةِ أَمْرِي أَوْ قَالَ فِي عَاجِلِ أَمْرِي وَآجِلِهِ فَاصْرِفْهُ عَنِّي وَاصْرِفْنِي عَنْهُ وَاقْدُرْ لِي الْخَيْرَ حَيْثُ كَانَ ثُمَّ رَضِّنِي بِهِ.

O‘qilishi: “Allohumma inniy astaxiyruka bi’ilmik, va astaqdiruka biqudrotik, va as’aluka min fazlikal ’aziym, fainnaka taqdiru va laa aqdir, va ta’lamu va laa a’lam, va anta ’allaamul g‘uyuvb. Allohumma in kunta ta’lamu anna haazal amro xoyrul-liy fiy diyniy va ma’aashiy va ’aaqibati amriy vaqdurhu liy, va in kunta ta’lamu anna haazal amro sharrul-liy fiy diyniy va ma’aashiy va ’aaqibati amriy fasrifhu ’anniy vasrifniy ’anh, vaqdur liyal xoyro haysu kaana summa rozziniy bih”.

Ma’nosi: “Yo Alloh, ilming bilan Sendan yaxshilik so‘rayman. Qudrating bilan Sendan qodirlik va ulug‘ fazlingni so‘rayman. Zero, Sen qodirsan, men ojizman. Sen biluvchisan, men bilmayman. Sen g‘aybni biluvchisan. Yo Alloh, agar mana shu ishim dinimda, hayotimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yaxshi bo‘lsa, uni menga nasib et. Agar mana shu ishim dinimda, hayotimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yomon bo‘lsa, uni mendan va meni undan uzoqlashtir. Qayerda bo‘lsa ham, men uchun yaxshilikni taqdir qil va meni undan rozi qil”.

O‘MI Matbuot xizmati

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym” duosining fazilati

15.01.2025   368   3 min.
“Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym” duosining fazilati

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Mutorrif ibn Mus’ab aytadilar: “Men xalifa Mansurning huzuriga kirsam, u g‘amgin va xafa holatda ekan. Ayrim yaqin insonlaridan judo bo‘lgani sabab, hatto so‘zlashmay qo‘ygan ekan. U menga: “Ey Mutorrif! Men musibatga duchor bo‘ldim. Bu baloni Allohdan boshqa hech kim bartaraf qila olmas. Alloh bu musibatni daf qilishini so‘rashim uchun biron duo bormi? Men uni o‘qib yurardim”, dedi.

Men: “Ey mo‘minlarning amiri! Muhammad ibn Sobit menga Amr ibn Sobit al-Basriydan rivoyat qilib gapirib bergan. “Basralik bir kishining qulog‘iga pashsha kirib ketib, quloq pardasigacha yetib bordi. U og‘riqdan qiynalib, kechasiyu kunduzi uxlolmay qoldi. Shunda Hasanning yaqinlaridan bir kishi: “Sahoba Alo ibn Hazramiyning duolarini o‘qigin, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari ushbu duoni sahroda va dengizda so‘rab duo qilganlarida, Alloh taolo ularni mashaqqatdan xalos qilgan”, deb aytgan edi, u kishi: “Alloh rahm qilsin, u qanaqa duo?” dedi. Shunda men u kishiga quyidagi rivoyatni aytib berdim:

“Alo ibn Hazramiyni Bahraynga yuborildi. U kishi sahroni yurib borarkan, juda qattiq chanqoq va suvsizlikdan o‘lar holatga keldi. Shunda u zot ulovdan tushdi va  ikki rakat namoz o‘qidi. So‘ngra: “Ya Haliymu, ya Aliym, ya Aliyyu, ya Aziym, isqinaa” (Ey Halim, ey Biluvchi, ey Oliy va ey Buyuk Zot, bizni suv bilan sug‘or, tashnaligimizni qondir) deb duo qilgandi, birdan qushning qanotiga o‘xshab ketadigan bulutlar paydo bo‘lib, gumburlay boshladi. So‘ngra yomg‘ir yog‘a boshladi, biz idish va meshkoblarimizni to‘ldirib oldik. Yo‘limizda davom etib, dengiz qirg‘ogidagi kichik ko‘rfazga yetib keldik. U yerda hech qimirlashni iloji yo‘q edi. Suzib ketishimiz uchun kemalarimiz ham yo‘q edi. U kishi ikki rakat namoz o‘qib: “Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym, ajiznaa” (Ey Halim, ey Biluvchi, ey Oliy va ey Buyuk Zot, bizni bu yerdan o‘tkazib yubor), deb aytdilar. So‘ngra otning tizginidan ushlab: “Allohning ismini aytib bu yerdan kechib o‘tinglar”, dedilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhu: “Biz suvning ustidan yurib o‘tdik. Allohga qasamki, bizni na oyoqlarimiz, na mahsilarimiz va na oyoq kiyimlarimiz ho‘l bo‘lgan edi. O‘sha paytda qo‘shin to‘rt ming otliqdan iborat  edi”, deb aytdilar.

(Ibn Abu Dunyo, Lalkaiy va Ibn Abu Shayba musanniflarida ba’zi qisqartirish va qo‘shimchalar bilan rivoyat qilishgan).

Haligi qulog‘iga pashsha kirib ketgan kishi ham ushbu duoni o‘qigan edi, qulog‘idan pashsha chiqib, o‘z holiga keldi.

Xalifa Mansur ham qiblaga qarab, ushbu duo bilan so‘ray boshladi. Biroz fursat o‘tib, menga yuzlandi va: “Ey Mutorrif, Alloh mendagi g‘amni aritdi”,  deb ovqat keltirishlarini amr qildi va meni ham taklif etdi, birga o‘tirib tanovvul qildik.

“Yoqimsiz narsalarni bartaraf qilish va balo ofatdan qutulishda duoning ahamiyati” nomli kitobdan.

Biz ham hayotda qandaydir muammo va to‘siqlarga duch kelib: “Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym”, deb aytib, o‘sha muammoni ko‘tarishini Allohdan astoydil va chin ixlos bilan so‘rasak, insha Alloh U Zotning yordami bilan muammolardan xalos bo‘lamiz.

Maqolalar