Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2024   |   27 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2024, 27 Jumadul soni, 1446

Taqvimlar tarixiga bir nazar

8.01.2018   33053   15 min.
Taqvimlar tarixiga bir nazar

Yil, oy, hafta va kunlar hisobini yuritish tizimi arabchada taqvim (to‘g‘rilash, to‘xtatish, baholash so‘zlaridan olingan), lotinchada kalendar (aslida “qarz daftari”dan kelib chiqqan) deb ataladi. U quyosh, oy va sayyoralarning harakatiga, kun bilan tun almashinuviga, oy o‘zgarishi va yil fasllarining davriy ravishda takrorlanishiga asoslanadi.

O‘tmishda muhim voqea-hodisalarni bir ipga ketma-ket tizib chiqishda asqatadigan taqvimlar va taqvimboshilar ko‘p bo‘lgan. Har qaysi millat o‘z ijtimoiy-siyosiy faoliyatidagi eng jiddiy tarixiy evrilishlar davrini o‘zi uchun boshlang‘ich deb bilgan. Masalan, qadimgi turklar va ibroniylar xilqatni, ya’ni dunyoning yaratilishini, misrliklar samoda Sirius yulduzining ko‘rinishi yoki Nil daryosi tosha boshlashini, yunonlar olimpiada o‘yinlarini, rimliklar Rim shahri qurilishini, nasroniylar milodni, qadimgi arablar Fil sanasini, musulmonlar hijratni taqvimboshi sifatida tanlashgan. Lekin bu manbalar barcha millatlar uchun mushtarak bo‘lmagani tufayli vaqt o‘tishi bilan aksariyati unutilib, faqat milod va hijrat boshlang‘ichlari qolgan.

Taqvimning asosiy birligi yil bo‘lib, u oylarga, oylar esa kunlarga ajratiladi. Yil Yerning Quyosh atrofida, oy Oyning Yer atrofida, kun Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishiga qarab aniqlanadi. Tabiiyki, bu astronomik jarayonlar ancha murakkab kechadi. Shu bois yilni oylarga, oylarni kunlarga taqsimlash masalasi azaldan turli xalqlarda har xil yo‘sinda hal etilgan hamda shamsiy, qamariy va shamsiy-qamariy taqvimlar yaratilgan.

Shamsiy yil hisobi

Shamsiy (arabcha – “quyoshga oid”) yil hisobi dastlab qadimgi misrliklar tomonidan joriy qilingan. Unga tropik yil asos qilib olingan. Tropik yil esa Quyosh yassi doirasi markazining 21 martda ro‘y beradigan bahorgi teng kunlik nuqtasidan ketma-ket ikki marta o‘tishi oralig‘idagi vaqt bo‘lib, 365 kun 5 soat 48 daqiqa 46 soniyaga tengdir.

Ilk shamsiy taqvimda yil har biri 30 kunlik 12 ta oyga bo‘lingan va oxirida ularning yig‘indisiga 5 kun qo‘shilgan. Shu tariqa bir yil 365 kundan iborat bo‘lgan.  

Shamsiy yil o‘n ikki burjdan – Quyoshning osmon gumbazidagi yillik ko‘rinma harakat yo‘lidagi shuncha nuqta yoki o‘sha doirada joylashgan o‘n ikki yulduz turkumi va ulardan har birining hayvonlarga nisbat berilgan holda arabcha nomlangan va navbatma-navbat keladigan quyidagi oylardan iborat:

Hamal (Qo‘zichoq) – 22 martdan 21 aprelgacha; 

Savr (Ho‘kiz) – 22 apreldan 21 maygacha; 

Javzo (Egizaklar) – 22 maydan  21 iyungacha; 

Saraton (Qisqichbaqa) – 22 iyundan 21 iyulgacha; 

Asad (Arslon) – 22 iyuldan 21 avgustgacha; 

Sunbula (Boshoq) – 22 avgustdan  21 sentyabrgacha; 

Mezon (Tarozi) – 22 sentyabrdan 21 oktyabrgacha; 

Aqrab (Chayon) – 22 oktyabrdan 21 noyabrgacha; 

Qavs (O‘q-yoy) – 22 noyabrdan  21 dekabrdan; 

Jadiy (Tog‘taka) – 22 dekabrdan 21 yanvargacha;

Dalv (Suvchi) – 22 yanvardan 21 fevralgacha; 

Hut (Baliq, Nahang) – 22 fevraldan 21 martgacha.

Yana bir gap. Qadim turkiy xalqlarda ham oylar 12 burj nomi bilan yuritilgan. Shuningdek, hamal, savr, javzo oylaridan iborat bahor fasli; burji obiy, saraton, asad, sunbula oylarini qamrab olgan yoz fasli; burji noriy, mezon, aqrab, qavs oylari kiruvchi kuz fasli; burji bodiy, jadiy, dalv, hut oylaridan iborat qish fasli burji hokiy deb atalgan.

Hijriy taqvim

Uning qisqacha tarixi quyidagicha: Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam milodiy 632 yil 27 mayda  vafot etadi. O‘sha kuniyoq Madinada islom xalifaligi tuziladi. Keyinchalik turli nomlarda to 1923 yil 3 martgacha qariyb o‘n uch asr hukm surgan bu saltanatning Xulafoi Roshidin atalmish dastlabki bosqichida hazrati Umar o‘n yil ikkinchi xalifa vazifasini o‘taydi. Bir kuni mulozimlari unga sha’bon oyida to‘lanishi zarur qarzlar daftarini ko‘rsatadi. Xalifa: “Bu qaysi sha’bon oyi – bulturgimi yoki bu yilgimi?” deb so‘raydi, biroq jo‘yali javob ololmaydi. Negaki, o‘sha kezlar musulmon dunyosida hujjatlarga sana qo‘yilmasdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Jazira voliysi Abu Muso ikkita yozma buyruq oladi. Oladi-yu, boshi qotadi. Sababi, ular o‘zaro muvofiq kelmasdi. Ustiga- ustak, sanasi yo‘qligi tufayli qay biri oldin, qay biri keyin bitilganini ajratish mushkul edi. Abu Muso bu mavhumlikni bartaraf etish ilinjida xalifaga murojaat qiladi.

Bunday holatlar bot-bot takrorlanavergach, masala pishib yetiladi. Va nihoyat, muharram oyining dastlabki kuni – milodiy 638 yil 23 yanvarda ushbu muammo muhokamasiga bag‘ishlangan mashvarat chaqiriladi. Pirovardida 17 yil burungi sana, aniqrog‘i, payg‘ambarimiz Makkadan Madinaga ko‘chgan kun (milodiy 622 yil 23 sentyabr) yil boshi sifatida qabul qilinadi va yangi taqvim hijriy yil hisobi nomini oladi.

O‘z navbatida, hijriy hisob hijriy-qamariy va hijriy-shamsiy yilga bo‘linadi. “Qamariy” (“qamariya”) arabcha so‘z bo‘lib, o‘zbekchada “oyga taalluqli” degan ma’noni anglatadi. Qadimgi millatlar taqvimda qamariy yilni ko‘proq qo‘llashgan. Unga Oyning Quyosh atrofidagi harakatida ketma-ket kelgan ikkita bir xil fazasi, soddaroq qilib aytganda, muayyan oy paydo bo‘lgan kundan yangi oy tug‘ilgunga qadar o‘tgan vaqt – 29 kun 12 soat 44 daqiqa 3 soniya asos qilib olingan. Demak, 12 oydan iborat bir qamariy yil 354,36702 kunga tengdir. Shu bois oddiy qamariy yilning toq oylari 30 kundan, juftlari 29 kundan, jami esa butun holda 354 kundan iborat bo‘ladi. Ayni choqda, 354 kundan ortgan qoldiq (0,36702) uch yilda bir kecha-kunduzdan oshgani sababli o‘rtacha uch yilda bir marta qamariy yil uzunligi 355 kun qilib belgilanadi va arabchada kabisa yil (to‘liq yil) deb ataladi.

Hozir arab mamlakatlarida foydalaniladigan qamariy taqvim XX asrgacha asosiy aholisi musulmon bo‘lgan boshqa mamlakatlar qatori bizning o‘lkamizda ham qo‘llangan. Undagi oylar har yili shamsiy oylardan 11 kun erta keladi. Inchunun, faqat 33 yilda bir bor eski o‘rniga qaytib, o‘ziga xos davra quradi. Islom dunyosi ro‘za, hayit, haj kabi diniy ibodatlar vajidan hijratga oid shamsiy yil hisobini emas, balki qadimgi arablarning qamariy yil hisobini ishlatishgan va uni hijriy-qamariy deyishgan.

Endi har ikkala taqvimda arabcha nomlangan oylarning tartibi, o‘zbekcha ma’nosi va necha kundan iboratligi bilan tanishaylik.

Muharram (taqiqlangan, muqaddas) – birinchi oy, 30 kun. Islomdan avval ham arablarda tabarruk sanalgan bu oyda qabilalararo urush-janjallar va qon to‘kishlar man’ qilingan.

Safar  ikkinchi oy, 29 kun. Uning xususiyati boshqa oylarniki bilan bir xil. Islomga ko‘ra, bu vaqtda ham turli diniy marosimlarni va to‘ylarni o‘tkazish, safarga chiqish mumkin. Binobarin, safar oyining bexosiyatligi haqidagi mish-mishlar mutlaqo asossizdir.

Rabiul-avval (avvalbahor, bahor boshidagi) – uchinchi oy, 30 kun.

Rabius-soniy (ikkinchi bahor, bahorning so‘nggidagi) – to‘rtinchi oy, 29 kun.

Jumodul-avval – beshinchi oy, 30 kun.

Jumodus-soniy – oltinchi oy, 29 kun.

Rajab – yettinchi oy, 30 kun. Arabiston yarim orolida islomdan oldingi johiliya davrida urush taqiqlangan zulqa’da, zulhijja, muharram oylari qatorida turadi.

Sha’bon (ikkinchi nomi Barot, ya’ni imtiyoz yorlig‘i) – sakkizinchi oy, 29 kun.

Ramazon (ro‘za oyi) – to‘qqizinchi oy, 30 kun. U Muhammad solallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim vahiy qilina boshlangan muqaddas oy hisoblanadi va musulmonlarga ro‘za tutish buyuriladi. Ro‘za tutish esa hijratning ikkinchi yilidan boshlangan.

Shavvol (uncha katta yoki uncha ko‘p bo‘lmagan) – o‘ninchi oy, 29 kun.

Zulqa’da – o‘n birinchi oy, 30 kun.

Zulhijja – o‘n ikkinchi oy, 29 kun.

Markaziy Osiyoda milodiy yil hisobi ommaviylashgunga qadar qamariy va shamsiy taqvimlar ishlatib kelingan. Shamsiy yil boshida Navro‘z bayrami keng nishonlangan.

Milodiy yil hisobi

Ko‘hna Rim taqvimida ham bir yil qadimgi misrliklarning shamsiy taqvimidagidek 365 kun deb olingan va uning oylarga bo‘linishi yanada murakkablashgan. Ustiga-ustak, boya eslatganimizdek, ikkala taqvimda ham yil uzunligi tropik yildan taxminan 6 soat qisqaligi bilan ajralib turgan. Shu sabab bahorgi teng kunlik har to‘rt yilda bir kunga surilib, ayrim chalkashliklarga sabab bo‘lgan. Rim hukmdori Gay Yuliy Sezar ularga barham berish niyatida miloddan avvalgi 46-yilda yunon astronomi Sozigen taklifi bo‘yicha taqvimga o‘zgartirishlar kiritgan. Unga ko‘ra, har to‘rt yildan biri 366 kunlik (kabisa) yil sifatida qabul qilingan. Yil 12 oyga bo‘linib, toqlari 31 kun, juftlari 30 kun, fevral oyi esa oddiy yillarda 28 kun, kabisa yilda 29 kun qilib belgilangan.

Bu taqvim Yuliy kalendari nomini olgan. Ammo unda bir yil tropik yildan 11 daqiqa-yu 14 soniya ortiq bo‘lgani tufayli o‘rtadagi farq har 400 yilda taxminan uch kunni tashkil qiladi. U yig‘ilib-yig‘ilib, XVI asrda o‘n kunga yetadi va bahorgi teng kunlik 21 martga emas, 11 martga to‘g‘ri kelib qoladi. Qarabsizki, xristian bayramlarini aniqlashda muammolar paydo bo‘ladi. Rim papasi Grigoriy XIII shuni nazarda tutib, 1582 yil 24 fevralda italiyalik shifokor va matematik Luiji Lullio loyihasi asosida o‘ziga xos islohot o‘tkazadi.

Keyinchalik “Grigorian kalendari” va “G‘arb kalendari” nomini olgan ushbu taqvimda, avvalo, o‘sha yilning 4 oktyabridan keyingi sana 15 oktyabrga aylantirilib, bahorgi teng kunlik 21 martga qaytariladi. Ikkinchidan, to‘rtga bo‘linadigan yillar Yuliy taqvimidagi singari 366 kun qilib olinadi. Uchinchidan, har 400 yildan 3 kun chiqarib tashlanib, 400 ga bo‘linmaydigan yillar 365 kunlik oddiy, fevral oyi bir kunga qo‘shilishi tufayli 366 kunni tashkil etadigan va to‘rtga qoldiqsiz bo‘linadigan yil esa kabisa yil sifatida e’tirof etiladi (Ikkita nol bilan tugab, 400 ga bo‘linmaydigan yillar bundan mustasno).

Grigoriy taqvimiga binoan, Iso alayhissalom tug‘ilgan kun ilk milodiy yilning 1 yanvari hisoblanadi. Tarixning mana shu sanaga qadar bo‘lgan davri eski era (miloddan avvalgi), keyingi bosqichi esa yangi era (milodiy) sanaladi.

Yangi taqvim zamonlar osha dunyoning ko‘plab mamlakatlariga tarqaldi. O‘zbekistonda esa 1918 yil 14 fevraldan qo‘llanila boshladi. Modomiki, shunday ekan, endi undagi lotincha nomlangan, kelish tartibi sizu bizga yaxshi ma’lum oylar ma’nosi bilan tanishaylik:

Yanvar (Januarius/Janus) – 31 kundan iborat. Qadimgi rimliklarning quyosh ma’budi Yanus ismidan olingan.

Fevral (februarius – halollanish oyi) – 28 kunga, kabisa yilida 29 kunga teng. Bu nom qadimgi rimliklarning har yili 15 fevralda o‘tkazilgan poklanish marosimiga daxldor.

Mart (Martius/Mars) – 31 kun. Rim mifologiyasida urush xudosi Mars nomiga qo‘yilgan.

Aprel (aprilis/apricus) – 30 kunlik. Quyosh isitadigan oy ma’nosida.  

May (Maius) – 31 kun. Yunon afsonalari bo‘yicha Merkuriy xudosining onasi Mayya sharafiga Mayus deyilgan.

Iyun (Junius) – 30 kunlik. Qadimgi Rim ma’budasi Yunonaning ismi qo‘yilgan.

Iyul (Julius – Yuliy oyi) – 31 kunlik. Miloddan avvalgi 45-yilda Rim hukmdori Yuliy Sezar nomi berilgan.

Avgust (Augustus – oliy, muqaddas, ulug‘) – 31 kunlik. Rim hoqoni Oktavian mutlaq hokimga aylangach, Senat unga Avgust (xudolar tomonidan sharaflangan) faxriy maqomini bergan. Bu so‘z oldin oy nomi, bora-bora hukmdorlar unvonini anglatuvchi atama bo‘lib qolgan.

Sentyabr (september – yettinchi) – 30 kunga teng. Ko‘hna Rimda 1 martdan boshlanuvchi o‘n oydan iborat taqvimning yettinchi, Grigoriy taqvimining to‘qqizinchi oyi.

Oktyabr (octo – sakkiz) – 31 kunlik. Qadimgi Rim taqvimining sakkizinchi, Grigoriy taqvimining o‘ninchi oyi.

Noyabr (november – to‘qqiz) – 30 kundan iborat. Eski Rim taqvimidagi to‘qqizinchi, Grigoriy taqvimidagi o‘n birinchi oy.

Dekabr (yunoncha deka, lotincha decem/dekember – o‘n/o‘ninchi) – 31 kunga teng. Grigoriy taqvimining o‘n ikkinchi oyi, Yuliy taqvimi isloh qilinguncha o‘ninchi oy hisoblangan.

Albatta, boshqa kalendarlar singari milodiy taqvimi ham kamchiliklardan xoli emas. Birinchidan, u bo‘yicha hisoblansa, Iso payg‘ambar tavallud topgan sana milodning to‘rtinchi yiliga to‘g‘ri keladi. Ikkinchidan, bu taqvimning yilboshisi hisoblanmish yanvar oyi har o‘n ming yilda jiddiy farqqa uchraydi. XI asrda Umar Xayyom quyosh sanasiga tayanib yaratgan va Erondagi saljuqiylar sultoni Jaloliddin Malikshoh tomonidan hayotga joriy etilgan taqvim esa ilmiy jihatdan yondashganda, o‘n ming yilda atigi ikki kunga o‘zgaradigan darajada puxta bo‘lgan. Afsuski, sulton vafotidan keyin u e’tibordan chetda qolib ketgan…

Taqvimlarga oid bunday dalillar moziy daftarlarida juda ko‘p.

Abdunabi HAYDAROV

tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Juma salomi - Amallar sarhisobi

27.12.2024   1977   1 min.

No‘monxon Yahyoxon
Toshkent islom instituti talabasi