Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Oktabr, 2025   |   23 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:16
Quyosh
06:35
Peshin
12:14
Asr
15:59
Shom
17:46
Xufton
18:58
Bismillah
15 Oktabr, 2025, 23 Rabi`us soni, 1447

Rabi’us soniyda yuz bergan tarixiy voqealar

08.01.2018   17433   6 min.
Rabi’us soniyda yuz bergan tarixiy voqealar

Hijriy uchinchi yil, rabi’us soniy oyi (mil. 624 yil sentyabr-oktyabr) – Banu Sulaym qabilasi Madinaga hujum qilish uchun katta qo‘shin to‘playotgani haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xabar yetib kelgani zahoti (yoki Quraysh karvonini ko‘zlab), u zot uch yuz jangchidan tashkil topgan lashkar bilan Madinaning janubiy tarafidagi Buhron degan joyga bordilar (lekin jangsiz keyingi oyda Madinaga qaytib keldilar. Bu yurish tarixga “Buhron g‘azoti” nomi bilan kirgan).

Hijriy to‘rtinchi yil, rabi’us soniy oyi (mil. 625 yil sentyabr-oktyabr) – G‘atafon qabilasining Banu Muhorib va Banu Sa’laba urug‘laridan tashkil topgan sahroyi arablar bir joyga yig‘ilishayotgani haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xabar kelganida, bu toshbag‘ir va to‘pori badaviylarning dillariga qo‘rquv solish maqsadida Najd dashtlari osha ular ustiga tezlik bilan yurish qildilar (qaroqchilik va bosqinchilikni o‘zlariga kasb qilib olgan bu badaviylar musulmonlarning kelayotgani xabarini eshitib, qo‘rqib, tog‘ning tepasiga chiqib ketishdi. Shunday qilib, musulmonlar bu bosqinchi qabilalarning popuklarini pasaytirib, dillariga qo‘rquv solib qo‘ydi va jumodul avval oyida Madinaga sog‘-omon qaytib kelishdi. Bu yurishga “Najd g‘azoti” deyiladi);

Hijriy oltinchi yil, rabi’us soniy oyi (yoki rabi’ul avval oyi / mil. 627 yil iyul-avgust yoki avgust-sentyabr) – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ukkosha ibn Mihsan roziyallohu anhu boshchiligida qirq nafar sahobani G‘amr suvi atrofida joylashgan Banu Asad qabilasiga yubordilar (bu yurishga “Ukkosha ibn Mihsan sariyasi” deyiladi);

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhu boshchiligida o‘n kishilik sariyani Banu Sa’laba diyoridagi Zulqassa degan joyga yubordilar (u yerga yetib borganlarida dushman ular uchun yuz kishilik pistirma tayyorlab qo‘ygan ekan. Musulmonlar uyquga ketganda pistirmadagilar to‘satdan hamla qilib, ularni o‘ldirib ketishdi, faqat bitta Muhammad ibn Maslama yaralangan holda tirik qoldi. Bu yurishga “Muhammad ibn Maslama sariyasi” deyiladi);

Hijriy oltinchi yil, rabi’us soniy oyi (mil. 627 yil avgust-sentyabr) – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muhammad ibn Maslama sariyasida o‘ldirilgan sahobalarning qasosini olish uchun Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu boshchiligida qirq nafar sahobani yana Zulqassaga yubordilar (ular tunlari piyoda yo‘l yurib, tong payti Banu Sa’laba qabilasiga hujum qildilar. Dushman toqqa qochib chiqib ketdi. Musulmonlar faqat bir kishini qo‘lga oldi va u musulmon bo‘ldi. Bu yurishga “Abu Ubayda ibn Jarroh sariyasi” deyiladi);

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu boshchiligida bir sariyani Marruz-zahrondagi Jamum suvi atrofida joylashgan Banu Sulaym qabilasi ustiga yubordilar (bu yurishga “Zayd ibn Horisa sariyasi” deyiladi);

Hijriy to‘qqizinchi yil, rabi’us soniy oyi (mil. 630 yil iyul-avgust) – Rum shohi Qaysar Mu’ta jangidan bir yil ham o‘tmay, musulmonlar yengib bo‘lmas katta qudratga aylanmaslaridan turib, ularni batamom tor-mor qilishga ahd qildi hamda rumliklar, ularga tobe bo‘lgan G‘asson va boshqa arab qabilalari ishtirokida juda katta qo‘shin hozirlab, katta urushga tayyorlana boshladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bo‘lajak urushga tayyorgarlik qilish maqsadida ayollaridan bir oy davomida iylo qildilar (ya’ni ularga yaqinlashmaslikka qasam ichdilar) va ulardan chetlanib, bir hujrani maskan tutdilar.

O‘sha kunlarda munofiqlar o‘z fitna va makr-hiylalariga o‘choq bo‘lishi uchun masjid suratida bir markaz barpo qildilar (u masjidining nomi “Ziror” ya’ni, musulmonlarga zarar yetkazish masjidi edi. So‘ng ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ushbu masjidlarida namoz o‘qib berishlarini so‘rashdi, lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam urushga tayyorgarlik qilish bilan band bo‘lganlari uchun u yerda namoz o‘qishni keyinga surdilar).

Hijriy o‘n sakkizinchi yil, rabi’us soniy oyi (mil. 639 yil aprel) – hazrati Umar roziyallohu anhu xalifalik davrida Shom mamlakatidagi musulmonlarning ahvolidan xabar olib kelish maqsadida Madinadan sahobalar bilan yo‘lga chiqdilar (Shom chegarasidagi Sarg‘ qishlog‘iga yetganida, Shomda o‘lat tarqagani haqida xabar yetib keldi va Shomga kirmasdan ortlariga qaytishdi. O‘sha o‘lat sababli, Shomda 25-30 ming musulmon vafot etgan. O‘lganlar ichida Abu Ubayda ibn Jarroh, Muoz ibn Jabal, Yazid ibn Abu Sufyon va Suhayl ibn Amr singari mashhur sahobalar ham bor edi. Shunda hazrati Umar roziyallohu anhu Amr ibn Os roziyallohu anhuga maktub yozib, shahar aholisini tog‘li hududlarga ko‘chirishni buyuradi. Chunki o‘lat tog‘ aholisi orasida tarqalmas ekan. Shu sabab, qolgan xalq o‘limdan saqlanib qolgan. Alloh barchalaridan rozi bo‘lsin);

Hijriy 368 yil, rabi’us soniy oyi (mil. 978 yil noyabr) – sahobalar haqida yozilgan «Al-istiy’ob fi ma’rifatil as'hob» kitobi muallifi Abu Umar ibn Abdul Barr rahimahulloh juma kuni imom minbarda xutba o‘qiyotganida tug‘ildi;

Hijriy 491 yil, rabi’us soniy oyi (mil. 1098 yil mart) – salb urushlari boshlandi;

Hijriy 1252 yil, 21 rabi’us soniy (mil. 1836 yil 4 avgust) – mashhur «Raddul muxtor» kitobi muallifi hanafiy ulamolarining oxirgi muhaqqiqlaridan Ibn Obidin rahimahulloh vafot etgan;

Hijriy 1375 yil, rabi’us soniy oyi (mil. 1955 yil noyabr-dekabr) – Saudiya davlati o‘z tarixida Masjidi Haromni ilk bor kengaytirish ishlarini boshladi;

Hijriy 1420 yil, rabi’us soniy oyi (mil. 1999 yil iyul-avgust) – mashhur «Mabohis fi ulumil Qur’on» kitobi muallifi shayx Manno’ Qatton vafot etdi…

TII o‘qituvchisi

Abdul Azim Ziyouddin

 tayyorladi

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Sayyor yig‘ilish – xalq bilan muloqot, qalb bilan yaqinlik

15.10.2025   1105   3 min.
Sayyor yig‘ilish – xalq bilan muloqot, qalb bilan yaqinlik

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi tashabbusi hamda yillik ish rejasi doirasida Samarqand tumanida ma’naviyat, mehr-shafqat va xayr-saxovat ruhi bilan yodda qolarli sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilish avvalida viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov ishchi guruh a’zolari bilan uchrashib, sayyor tadbirlarni mazmunli va samarali o‘tkazish bo‘yicha muhim ko‘rsatma va tavsiyalar berdi. U kishi har bir imom-xatib va mas’ul shaxslarga aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ularning dardi va ehtiyojlarini eshitish hamda imkoniyatdan kelib chiqib joyida hal etish zarurligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng Xayrullo domla “Xo‘ja Ahrori Vali” jome masjidi imom-noibi Umar domla Najmiddinov hamrohligida tumanning Mirzo Ulug‘bek mahallasidagi og‘ir ijtimoiy ahvoldagi, bemor va nogironligi bor oilalar xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Tashriflar davomida har bir xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilib berildi, samimiy muloqot va ezgu duolar orqali muhabbat va minnatdorlik ruhi hukm surdi.

Shuningdek, viloyat ishchi guruhi Samarqand tumanidagi 6 ta masjidda peshin namozini jamoat bilan ado etib, quyidagi yo‘nalishlarda ta’sirli ma’ruzalar qildi:

  • Tinchlik va osoyishtalikning beqiyos qadri
  • Farzand tarbiyasi – buyuk burch va mas’uliyat
  • Yoshlar – kelajak timsoli va umid sutuni
  • Berilgan ne’matlarga shukrona qilish fazilati
  • Oilaviy totuvlik va birdamlikni asrash
  • Chetdan kirib kelayotgan yot g‘oyalarga aldanmaslik
  • Qo‘shnichilik munosabatlari va ularning odoblari

Shu kuni Xayrullo domla Sattarov “Xo‘ja Ahrori Vali” jome masjidida “Eng yaxshi inson kim?” mavzusida yuraklarga nur va ruhlarga ilhom bag‘ishlagan ma’naviy-ma’rifiy ma’ruza qildi.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov ham ishtirok etdi.
Zayniddin domla o‘z so‘zida imom-xatiblar va mahalla faollariga xalq bilan yaqin muloqotni kuchaytirish, masjidlarni xalq hayotining ma’naviy markaziga aylantirish hamda xayr-ehson va saxovat ishlarini izchil davom ettirish zarurligini alohida ta’kidladi.
U kishi:

“Xalq bilan birdam bo‘lish, ularning dardiga sherik bo‘lish — bu faqat imomning burchi emas, balki butun jamoatning ma’naviy mas’uliyatidir,” — deya fikr bildirdi.

Shuningdek, Zayniddin domla tomonidan Samarqand tumanidagi 16 mahallaning ijtimoiy ahvoli, aholining ehtiyojlari va muammolarini chuqur o‘rganish, masjid hujjatlarini namunaviy yuritish, obodonchilik ishlarini kuchaytirish hamda jamoat bilan muloqot samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilab berildi.

Yig‘ilish so‘ngida rahbarlar va ishtirokchilar yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi va yurtboshimiz boshchiligida olib borilayotgan xayrli ishlarga zafarlar tilab, birgalikda duo qildilar.

Bu sayyor yig‘ilish nafaqat amaliy yordam, balki Samarqand ahli uchun ma’naviy ko‘tarinkilik, birdamlik va kelajakka ishonch ruhini uyg‘otgan yodda qolarli kun bo‘ldi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakillgi Matbuot xizmati

 

 

O'zbekiston yangiliklari