Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

Rabi’us soniyda yuz bergan tarixiy voqealar

08.01.2018   27616   6 min.
Rabi’us soniyda yuz bergan tarixiy voqealar

Hijriy uchinchi yil, rabi’us soniy oyi (mil. 624 yil sentyabr-oktyabr) – Banu Sulaym qabilasi Madinaga hujum qilish uchun katta qo‘shin to‘playotgani haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xabar yetib kelgani zahoti (yoki Quraysh karvonini ko‘zlab), u zot uch yuz jangchidan tashkil topgan lashkar bilan Madinaning janubiy tarafidagi Buhron degan joyga bordilar (lekin jangsiz keyingi oyda Madinaga qaytib keldilar. Bu yurish tarixga “Buhron g‘azoti” nomi bilan kirgan).

Hijriy to‘rtinchi yil, rabi’us soniy oyi (mil. 625 yil sentyabr-oktyabr) – G‘atafon qabilasining Banu Muhorib va Banu Sa’laba urug‘laridan tashkil topgan sahroyi arablar bir joyga yig‘ilishayotgani haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xabar kelganida, bu toshbag‘ir va to‘pori badaviylarning dillariga qo‘rquv solish maqsadida Najd dashtlari osha ular ustiga tezlik bilan yurish qildilar (qaroqchilik va bosqinchilikni o‘zlariga kasb qilib olgan bu badaviylar musulmonlarning kelayotgani xabarini eshitib, qo‘rqib, tog‘ning tepasiga chiqib ketishdi. Shunday qilib, musulmonlar bu bosqinchi qabilalarning popuklarini pasaytirib, dillariga qo‘rquv solib qo‘ydi va jumodul avval oyida Madinaga sog‘-omon qaytib kelishdi. Bu yurishga “Najd g‘azoti” deyiladi);

Hijriy oltinchi yil, rabi’us soniy oyi (yoki rabi’ul avval oyi / mil. 627 yil iyul-avgust yoki avgust-sentyabr) – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ukkosha ibn Mihsan roziyallohu anhu boshchiligida qirq nafar sahobani G‘amr suvi atrofida joylashgan Banu Asad qabilasiga yubordilar (bu yurishga “Ukkosha ibn Mihsan sariyasi” deyiladi);

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhu boshchiligida o‘n kishilik sariyani Banu Sa’laba diyoridagi Zulqassa degan joyga yubordilar (u yerga yetib borganlarida dushman ular uchun yuz kishilik pistirma tayyorlab qo‘ygan ekan. Musulmonlar uyquga ketganda pistirmadagilar to‘satdan hamla qilib, ularni o‘ldirib ketishdi, faqat bitta Muhammad ibn Maslama yaralangan holda tirik qoldi. Bu yurishga “Muhammad ibn Maslama sariyasi” deyiladi);

Hijriy oltinchi yil, rabi’us soniy oyi (mil. 627 yil avgust-sentyabr) – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muhammad ibn Maslama sariyasida o‘ldirilgan sahobalarning qasosini olish uchun Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu boshchiligida qirq nafar sahobani yana Zulqassaga yubordilar (ular tunlari piyoda yo‘l yurib, tong payti Banu Sa’laba qabilasiga hujum qildilar. Dushman toqqa qochib chiqib ketdi. Musulmonlar faqat bir kishini qo‘lga oldi va u musulmon bo‘ldi. Bu yurishga “Abu Ubayda ibn Jarroh sariyasi” deyiladi);

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu boshchiligida bir sariyani Marruz-zahrondagi Jamum suvi atrofida joylashgan Banu Sulaym qabilasi ustiga yubordilar (bu yurishga “Zayd ibn Horisa sariyasi” deyiladi);

Hijriy to‘qqizinchi yil, rabi’us soniy oyi (mil. 630 yil iyul-avgust) – Rum shohi Qaysar Mu’ta jangidan bir yil ham o‘tmay, musulmonlar yengib bo‘lmas katta qudratga aylanmaslaridan turib, ularni batamom tor-mor qilishga ahd qildi hamda rumliklar, ularga tobe bo‘lgan G‘asson va boshqa arab qabilalari ishtirokida juda katta qo‘shin hozirlab, katta urushga tayyorlana boshladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bo‘lajak urushga tayyorgarlik qilish maqsadida ayollaridan bir oy davomida iylo qildilar (ya’ni ularga yaqinlashmaslikka qasam ichdilar) va ulardan chetlanib, bir hujrani maskan tutdilar.

O‘sha kunlarda munofiqlar o‘z fitna va makr-hiylalariga o‘choq bo‘lishi uchun masjid suratida bir markaz barpo qildilar (u masjidining nomi “Ziror” ya’ni, musulmonlarga zarar yetkazish masjidi edi. So‘ng ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ushbu masjidlarida namoz o‘qib berishlarini so‘rashdi, lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam urushga tayyorgarlik qilish bilan band bo‘lganlari uchun u yerda namoz o‘qishni keyinga surdilar).

Hijriy o‘n sakkizinchi yil, rabi’us soniy oyi (mil. 639 yil aprel) – hazrati Umar roziyallohu anhu xalifalik davrida Shom mamlakatidagi musulmonlarning ahvolidan xabar olib kelish maqsadida Madinadan sahobalar bilan yo‘lga chiqdilar (Shom chegarasidagi Sarg‘ qishlog‘iga yetganida, Shomda o‘lat tarqagani haqida xabar yetib keldi va Shomga kirmasdan ortlariga qaytishdi. O‘sha o‘lat sababli, Shomda 25-30 ming musulmon vafot etgan. O‘lganlar ichida Abu Ubayda ibn Jarroh, Muoz ibn Jabal, Yazid ibn Abu Sufyon va Suhayl ibn Amr singari mashhur sahobalar ham bor edi. Shunda hazrati Umar roziyallohu anhu Amr ibn Os roziyallohu anhuga maktub yozib, shahar aholisini tog‘li hududlarga ko‘chirishni buyuradi. Chunki o‘lat tog‘ aholisi orasida tarqalmas ekan. Shu sabab, qolgan xalq o‘limdan saqlanib qolgan. Alloh barchalaridan rozi bo‘lsin);

Hijriy 368 yil, rabi’us soniy oyi (mil. 978 yil noyabr) – sahobalar haqida yozilgan «Al-istiy’ob fi ma’rifatil as'hob» kitobi muallifi Abu Umar ibn Abdul Barr rahimahulloh juma kuni imom minbarda xutba o‘qiyotganida tug‘ildi;

Hijriy 491 yil, rabi’us soniy oyi (mil. 1098 yil mart) – salb urushlari boshlandi;

Hijriy 1252 yil, 21 rabi’us soniy (mil. 1836 yil 4 avgust) – mashhur «Raddul muxtor» kitobi muallifi hanafiy ulamolarining oxirgi muhaqqiqlaridan Ibn Obidin rahimahulloh vafot etgan;

Hijriy 1375 yil, rabi’us soniy oyi (mil. 1955 yil noyabr-dekabr) – Saudiya davlati o‘z tarixida Masjidi Haromni ilk bor kengaytirish ishlarini boshladi;

Hijriy 1420 yil, rabi’us soniy oyi (mil. 1999 yil iyul-avgust) – mashhur «Mabohis fi ulumil Qur’on» kitobi muallifi shayx Manno’ Qatton vafot etdi…

TII o‘qituvchisi

Abdul Azim Ziyouddin

 tayyorladi

 

Boshqa maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   29059   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV