Qur’oni karimda xurmo mevasi jannat ne’matlari qatorida zikr etilgan. «Mevalar, xurmo va anorlar bordir» (Rahmon, 68).
Xurmo mevasi shirin ta’mi va o‘ziga xos oziqlik xususiyatlari bois doim suyib yeyilgan. Mutaxassislarning fikricha, bir dona xurmo va bir piyola sut insonning oziq moddalarga bo‘lgan bir kunlik ehtiyojini qondirar ekan.
Xurmoda inson salomatligi uchun zarur o‘ndan ortiq modda borligi aniqlangan. Ulardan biri hazmi yengil va tez singiydigan shakar – fruktoza tanamizga quvvat manbaidir. U shakar, glyukoza kabi qonda qand mikdorini ko‘paytirib yubormaydi. Xurmoda, shuningdek, A, B1, B2, B3 va B6 darmondorilar, natriy, magniy, temir, sera, kaliy, fosfor kabi minerallar, yog‘ va oqsillar ko‘p.
Xurmoning ikki foizdan ko‘p qismini oqsil tashkil etadi. Oqsil tananing kasalliklarga qarshi immunitetini mustahkamlaydi. A darmondorisi ko‘z mushaklari, immun tizimi, suyak, to‘qima va tishlar uchun kerakli, B1 asab tizimi ishini yaxshilaydi, B2 esa oqsil, uglevod va yog‘larni parchalash, hujayralar yangilanishida xizmat qiladi.
Shifokorlar homilali, yosh bolali ayollarga fruktozasi ko‘p oziqlar yeyishni tavsiya etadi. Chunki fruktoza holdan toygan tanaga kuch bag‘ishlaydi, sutni ko‘paytiradi. Bu vaqtda onaning kaliyga ehtiyoji keskin ortadi. Xurmoda kaliy ko‘p. Kaliy ayol tanasida suv muvozanatini saqlab turadi. Kaliy miyaga kislorod yetkazishga yordamlashadi. Kaliy buyraklarni chiqitlar va zaharli moddalardan tozalashda, qon bosimini me’yorida saqlab turishda juda foydalidir.
Xurmo yoyish kamqonlikning oldini oladi. Suyaklar sog‘lom shakllanishida xurmodagi kalsiy va fosfat katta foyda beradi. Muntazam xurmo yeb turish suyaklar zaiflashuvi, mo‘rtlashuvidan himoya kiladi.
Asabiylik va ruhiy zo‘riqish (stress) hollarida xurmo samarali ta’sir qilishi isbotlangan. Chunki xurmoda B6 darmondorisi ko‘p.
Mo‘minjon SAYDALIYEV tayyorladi.
Tumandagi “Mulla Jumaboy” jome masjidida o‘tkazilgan tashkiliy yig‘ilishda qoziyot mas’ullari, bosh imom-xatiblar, hojilar va mahalla raislari jam bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan iyul oyining “Obodonlashtirish va mehr-saxovat oyligi” deb e’lon qilinishi munosabati bilan tumanda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, imom-xatiblar va masjid qavmi boshchiligida ko‘chalar, masjid atroflari tozalandi. Shuningdek, imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning hovli-joylarida hashar yo‘li bilan obodonlashtirish ishlari olib borildi.
Ishchi guruh a’zolari To‘rtko‘l tumanidagi 10 ta masjid va 20 ta mahallaga biriktirilib, quyidagi xayrli amallar bajarildi:
Hojilarni jalb etgan holda mahallalardagi muammoli oilalar holidan xabar olindi;
Homiylar ko‘magida 120 ta ehtiyojmand xonadonga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi;
Ko‘makka muhtoj oilalarning farzandlariga yangi o‘quv yili uchun maktab formalari tarqatildi;
Imom-xatiblarning faoliyati o‘rganilib, masjid boshqaruvi va ma’rifiy ishlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, hududda diniy-ma’rifiy muhitni sog‘lomlashtirish va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati