Bugun Farg‘ona xalqaro aeroportida muqaddas haj amallarini ado etish uchun taraddud ko‘rayotgan ziyoratchilarning dastlabki guruhini kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. Farg‘ona–Madina yo‘nalishi bo‘yicha Saudiya Arabistoniga yo‘l olgan yurtdoshlarimiz yuksak ko‘tarinkilik va mamnuniyat bilan safarga kuzatildi.
Ziyoratchilar uchun safar oldidan barcha zarur shart-sharoitlar tizimli ravishda tashkil etildi. Xususan, fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi hamda tashkiliy masalalar to‘liq hal etildi. Shuningdek, muqaddas ziyorat davomida amal qilinishi lozim bo‘lgan tartib-qoidalar va ibodatlarni mukammal ado etish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha mas’ullar ziyoratchilar bilan bevosita suhbatlashib, ularga oq yo‘l tiladilar. Safarning har bir bosqichi nazoratga olingan bo‘lib, ziyoratchilarning xavfsizligi va qulayligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Farg‘ona viloyatidan ziyoratchilarni muqaddas zaminga kuzatish jarayonlari joriy yilning 10 may kuniga qadar davom etadi. Yurtimizdan borayotgan barcha ziyoratchilarning haj amallari maqbul bo‘lishini tilab qolamiz.
Alhidoya.uz