2007 yil Toshkent shahri Islom hamkorlik tashkilotining (ISESCO) “Fan, ta’lim va madaniyat” tuzilmasi tomonidan Islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilingan edi.
Islom hamkorlik tashkiloti har yili musulmon mamlakatlaridagi 3 ta shaharni Islom madaniyati poytaxti deb e’lon qiladi. Ularning biri arab mamlakatlaridan, boshqasi Osiyo va uchinchisi Afrikadagi musulmon mamlakatlardagi shaharlardir.
Tashkilotdagi madaniyat vazirlari IX Islom konferensiyasi tomonidan 2020 yilda Buxoro, Qohira (Misr) va Bamako (Mali) shaharlari Islom madaniyati poytaxti sifatida tasdiqlangan.
Aslida Buxoroi sharif bir necha asrlar davomida Islom madaniyati poytaxti bo‘lib kelgan. Uning “Qubbatul Islom”, ya’ni “Islom gumbazi” deb nomlangani ham bejiz emas. Tashkilot tomonidan ushbu shaharning Islom madaniyati poytaxti deb e’tirof etilishi asrlar davomida ushbu shahar va undan chiqqan olimlarning Islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini yana bir bor tasdig‘i hisoblanadi.
A’zamjon ABDURAHMONOV
Toshkent islom universiteti “Islom sivilizatsiyasini o‘rganish ISESCO” kafedrasi o‘qituvchisi
O‘MI Matbuot xizmati
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati