Tog‘rayhon tog‘ yonbag‘irlari, o‘tloqlar va o‘rmonlarda o‘sadi. Bir yuz ellikka yaqin turi bor. Uni tog‘ qora rayhoni, o‘rmon yalpizi, sebinak ham deyishadi. Xushbo‘y, manzarali gul sifatida ham ekiladi. Tabobatda uning shoxchalari, yaprog‘i, urug‘i ishlatiladi. Tarkibida efir moyi, geranil atsetat, askorbin kislota, timol, karvakral, oshlovchi moddalar, urug‘ida o‘ttiz foizgacha moy bor. Tog‘rayhonning bargi, guli, shoxchalari pazandalikda, jumladan, bodring, qo‘ziqorin, pomidor tuzlab yopishda qo‘llaniladi. Quritib maydalangan tog‘rayhon o‘simligi quruq mevalarga, guruchga, kiyimlarga sepib qo‘yilsa, zararkunandalar kelmaydi.
Tog‘rayhon damlamasi ishtahani ochadi, ovqat hazmini yaxshilaydi. Yuqori nafas yo‘llari shamollaganida, asab kasalliklarida yaxshi davodir. O‘simlikning damlama va qaynatmasi turli yaralarni tuzatishda ishlatiladi. Raxit kasaliga uchragan bolalarni cho‘miltirishda, o‘tkir va surunkali me’daichak kasalligida, yarali qulanj, o‘tkir va surunkali yo‘tal, o‘t pufagi tosh xastaligida, safro haydovchi sifatida, qorin dam bo‘lganida foyda beradi. Tomoq og‘rig‘ida damlamasi ajoyib doridir.
Tog‘rayhondan qon bosimi oshganida paysatiruvchi, parishonxotirlik, buyrak va jigar, nafas yo‘li, o‘pka kasaliklarini davolash vositalari tayyorlanadi. Tog‘rayhon damlamasi jig‘ildon qaynashi, hiqichoq, ko‘ngil aynashini to‘xtatadi.
O‘ttiz gramm tog‘rayhonni bir litr qaynagan suvga solib, ikki soat damlab qo‘ying. So‘ng ellik gram asal qo‘shib, yaxshilab aralashtiring. Har kuni ovqatdan keyin chorak, yarim stakondan ichib tursangiz, bu moddalar almanishuvini yaxshilaydi, qon hosil bo‘lishiga ijobiy ta’sir qiladi.
Damlama tayyorlashning yana bir usuli: ikki osh qoshiq maydalangan tog‘rayhonni ikki piyola qaynoq suvga solib, og‘zi berk idishda yarim soat damlanadi. So‘ng dokadan o‘tkaziladi. Ikki-uch osh qoshiqda kuniga uch-to‘rt marta ovqatdan o‘n besh daqiqa oldin ichiladi.
Cho‘miltirishda: uch yuz gramm tog‘rayhon uch litr suvga solinadi. Past olovda yarim soatcha qaynatiladi. Dokadan o‘tkazilib, katta idishdagi suvga solinadi.
Homilador ayollarga, me’dasi yo o‘n ikki barmoq ichagida yarasi bor hamda qon bosimi past kishilarga tog‘rayhon muolajalari tavsiya qilinmaydi.
Mirzamir MIRZASHARIPOV
tayyorladi
Hanafiy mazhabida imomga iqtido qiluvchi imom orqasida xoh jahriy namozda, xohi maxfiy namozda qiroat qilmaydi.
Bunga dalil Payg‘ambarimiz alayhissalomning so‘zlaridir: «Kimning imomi bo‘lsa, bas, imomning qiroati uning ham qiroatidir», deb aytganlar.
Mana shunga sahobai kiromlar ham ijmo’ qilishgan. Yana bir hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom dedilar: «Qachon qiroat qilinsa, bas, jim turing!» Imom Muslim rivoyati.
Abu Hanifa va Abu Yusuf roziyalohu anhumlar nazdida: Imomga iqtido qilgan kishining qiroat qilishi makruh bo‘ladi, bundan murod makruhi tahrimiydir.
Chunonchi, Hazrati Ali karramallohu vajhahu bunday deganlar: «Kimki imom orqasida qiroat qilsa, batahqiq, sunnatni xato bajaribdi!»
Shunday ekan imomga ergashuvchi har bir namozxon imomga iqtido qilib ergashdimi, imomni qiroatini eshitishi va sukut saqlab jim turishi kerak bo‘ladi. Shunda ado etiladigan ibodatlar mukammal, bexato bo‘ladi.
Hanafiy mazhabining masalasiga binoan, fiqhiy matn kitoblari ko‘rsatmasiga amal qilgan holda barcha namozlarda imom orqasida muqtadiy jim turishi talab etiladi. Aks holda, makruhi tahrimiy ishni qilib qo‘yish mumkin.
Abdug‘affor Nishonov,
Pop tumani "Soy" jome masjidi imom-xatibi
Manba: @Softalimotlar