Biror masalaning yechimini topish uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan yoki sahobalardan rivoyat qilingan dalil topilmasa, tobeinlarning tafsirlariga murojat qilib, ularning so‘zlarini qabul qilish mumkin yoki mumkin emasligi to‘g‘risida islom ulamolarining qarashlari turlicha. Jumladan:
Imom Ahmaddan ikki xil fikr keltirilgan. Birida qabul qilish, yana birida qabul qilmaslikni aytgan.
Ibn Uqayl, tobein so‘zini qabul qilmaslik taklifini bergan.
Shu’ba ibn Al-Hajjojning aytishicha: “Tobeinlarning so‘zlari qabul qilinmaydi, deganlar quyidagicha sabab ko‘rsatadilar: “Tobeinlar bevosita Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan eshitmaganlar. Shuning uchun ularning tafsirini sahobalar tafsiri darajasiga ko‘tarib bo‘lmaydi. Buning ustiga tobeinlar Qur’onning nozil bo‘lish holatiga, nuzul vaqtidagi alomatlarga shohid bo‘lmaganlar. Shunday ekan, ular murodni tushunishda xato qilgan bo‘lishlari, dalil bo‘lmaydigan narsa va holatni dalil deb anglashlari mumkin. Buning ustiga tobeinlarning adolati sahobalarning adolati bilan teng deb bo‘lmaydi”.
Bu haqda Abu Hanifa rahmatullohu alayh bunday degan:
“Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan kelgan xabarlarni bosh va ko‘zimiz ustiga qabul qilamiz. Sahobalardan kelgan xabarlarni qabul qilishda ixtiyorlimiz; xohlasak qabul qilamiz, xohlamasak yo‘q. Ammo tobeinlardan kelgan xabarga kelsak, ular ham, biz ham ulamolarmiz”.
Ba’zi mufassir ulamolar aksincha fikr bildirganlar:
“Tobeinlarning so‘zlari tafsirdan olinadi, chunki ular aksar tafsirlarini sahobalardan olganlar. Masalan, Mujohid bunday deydi: “Men Mus'hafni “Fotiha” surasidan oxirigacha Ibn Abbos huzurida uch marta o‘tkazdim. Har bir oyatdan so‘ng to‘xtab, uning ma’nosini so‘rar edim”.
Qatoda ham: “Qur’onda biror oyatni qoldirmasdan ma’nosini eshitdim”, degan. Shuning uchun ba’zi mufassirlar o‘z tafsirlarida tobeinlar rivoyatlaridan ham foydalanganlar.
Shu’ba ibn Al-Hajjoj shunday deydi:
“Tobeinlarning so‘zlari hujjat bo‘lolmaydi. Haqiqatda ham, bir tobeinning so‘zi unga muxolif bo‘lgan tobeinga hujjat bo‘lolmaydi, muxolifining so‘zini hech kim qabul qilmaydi. Shunday ekan, tobeinlar bir so‘zda ittifoq bo‘lsalar, boshqa hujjat qidirib yurmasdan o‘sha so‘z olinadi. Agar tobeinlar ixtilofda bo‘lsalar, ularning so‘zlari tark qilinadi va Qur’onning, sunnatning yoki umuman arabning lug‘atiga, sahobiylarning qavliga qaytiladi”.
Demak, tobeinlarning so‘zini tafsirda hujjat sifatida olish joiz emas. Xususan, ahli kitoblardan rivoyat qilingan bo‘lsa, unday so‘zlar tark qilinadi.
Ammo ularning so‘zlari ra’y bilan ham emas, ahli kitoblardan rivoyat qilingan ham emas, balki sahobiylardan rivoyat qilingan bo‘lsa uni olish mumkin. Tobeinlar ittifoq qilgan bo‘lsalar, uni olish vojibdir.
Tobeinlarning tafsiri bir necha alomatlar bilan ajralib turadi:
1.Tobeinlar tafsiriga yahudiylar va nasroniylardan qilingan juda ko‘p rivoyatlar kirib qolgan. Buning sababi ahli kitoblarning ko‘pchiligi islom diniga kirganligidir. Ularning zehniga shariat ahkomlariga aloqasi bo‘lmagan turli xabarlar, masalan, yaralishning boshlanishi, vujudning sirlari, koinotning yaratilishi va boshqa ko‘plab qissalar o‘rnashib qolgan. Bu xabarlarni Qur’oni karim mufassal emas, ijmolan bayonini yoki ishorasini qilib o‘tgan. Qur’ondagi bunday xabarlar, ayniqsa, yahudiylar va nasroniylar haqidagi ma’lumotlarni inson nafsi batafsilroq bilishga, tushunishga qiziqadi. Shuning uchun tobeinlar ahli kitoblardan eshitgan bunday “isroiliyotlar”ni tahrir va tanqid qilmasdan o‘quvchiga qiziqarli bo‘lsin, deb o‘z tafsirlariga qo‘shib yuborganlar. Isroiyliyotlarning aksari ahli kitoblardan musulmon bo‘lgan Abdulloh ibn Salom, Ka’bul-Ahbor, Vahb ibn Munabbah va Abdulmalik ibn Abdulaziz ibn Jurayjdan rivoyat qilingan.
2.Bu davrdagi tafsir tobeinlarning sahobalar bilan uchrashib, ulardan eshitib, qilgan rivoyatlari asosida yuzaga kelgan. Biroq Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonida sahobalar bilittifoq rivoyat qilganidek umumiy ma’noda emas, balki har bir tobein o‘z ustozi-imomidan eshitganini xossatan rivoyat qilgan. Masalan, makkaliklar Ibn Abbosdan, madinaliklar Ubay ibn Ka’bdan, iroqliklar esa Ibn Mas’uddan rivoyat qilib, o‘z rivoyatlarini boshqalarning rivoyatidan ustun qo‘yganlar.
Al-Hasan al-Basriy ham o‘z tafsirida qadarni isbotlashga urinib, unga unamagan kishini kofirga nisbat bergan. Buning natijasida Al-Hasanning tafsiridan qilingan rivoyat ham bazi olimlar nazdida qimmatga emas, deb sanaladi.
Azizxo‘ja INOYATOV,
Chor Bakr jome masjidi-imom xatibi
#Haj_2025
Yurtimizda davlatimiz va hukumatimiz tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli so‘nggi yillarda mo‘min-musulmonlar Islomning barcha ruknlari, xususan, haj amallarini to‘la-to‘kis ado etmoqdalar.
2016 yilda 5200 nafar vatandoshimiz haj amallarini ado etgan bo‘lsa, 2017 yildan bunday sharafga erishganlar soni yana ikki ming kishiga ko‘payib, 7200 nafarga yetdi. 2022 yilda 12 mingdan ziyod, 2023–2024 yillarda esa 15 mingdan ortiq mo‘min-musulmon hajni ado etdi.
Bu yil ham 15 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz Islomning beshinchi ruknini ado etadilar, inshoalloh.
Bugun Toshkent shahridagi «Shayx Zayniddin» jome masjidi majlislar zalida shu yil hajga boruvchi guruh rahbarlari ishtirokida ilk yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Haj va umra markazi bo‘limi boshlig‘i Maqsud Karimov qatnashgan yig‘ilishni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domda Yunusov kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
Tadbirda Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridan bu yil ellikboshi bo‘lib hajga boruvchi diniy soha xodimlari ishtirok etgan bo‘lsalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Surxondaryo viloyatlaridan boruvchi guruh rahbarlari ZOOM platformasi orqali onlayn qatnashdilar.
Yig‘ilishda guruh rahbarilariga haj mavsumidagi muhim vazifalar eslatilib, ularga guruhlar aniq bo‘lgach, ziyoratchilar bilan uchrashib, Islomning beshinchi rukni bo‘lgan hajga puxta tayyorgarlik ko‘rishlari, ehrom bog‘lash, hajning arkonlari, shartlari, farzlari, vojib va sunnatlarini atroflicha tushuntirishlari zarurligi qayd etildi.
Alloh taolo bu yilgi haj mavsumini yuqori saviyada o‘tkazishni nasib etsin. Har bir ziyoratchining haji mabrur bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati