So‘nggi vaqtlarda din ravnaqi, sof Islom ta’limotini aholiga yetkazish borasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh domla Turmatov hamda Pskent tumani imomlari ishtirokida “O‘smat Ota” jome masjidining yangi binosiga birinchi g‘isht qo‘yilgan edi.
Bugun, 2 yanvar kuni 2016 yilda qilingan xayrli duolarning ijobati sababli “O‘smat ota” jome masjidi zamonaviy va ko‘rkam holda qayta qurib foydalanishga topshirildi. Masjid binosida namozxonlar uchun barcha sharoitlar mujassam etilgan bo‘lib, kelgusida kutubxona, muzey tashkil etish va avtoturargoh qurish rejalashtirilgan. Masjidda bir vaqtning o‘zida 250-300 kishini sig‘dira oladi.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari masjidning ochilish marosimida ishtirok etib, masjid ahlini ushbu quvonchli va tarixiy voqea bilan muborakbod etdilar.
Tuman hokimi A.Akromov tashabbusi bilan mehmonlar va masjid ahli uchun bayramona dasturxon yozildi.
{gallery}//2018/01.01.2018/OsmatOTA{/gallery}
O‘MI matbuot xizmati
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV