2017 yilda mamlakatimizda o‘nlab yangi masjidlar ochildi. Bu esa o‘tgan yilning muhim ahamiyatga ega bo‘lganini hamda yangi 2018 yilda ham yanada ko‘proq mas’uliyat bilan ishlash lozimligini ko‘rsatdi.
Milodiy 2018 yilning ilk kunlaridanoq xayrli ishlar amalga oshirildi.
Bugun, 2 yanvar kuni Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi Ko‘ksaroy mahallasida yangi masjid qayta faoliyat boshladi. Qamchiq dovonidagi yagona masjid, avtomagistral yo‘lning shundoqqina yuzida joylashgan “Islom nuri” jome masjidining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Masjidning ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari hamda Toshkent viloyati vakilligi mas’ullari ishtirok etdilar. Tadbirni Muftiy hazratlari ochib berdilar.
Masjidning dovon yo‘lida joylashgani ibodat qilishni istaganlar uchun qulaylik yaratdi.
Ma’lumot uchun, 2013 yilda masjidni qayta qurish va ta’mirlash ishlari boshlangan edi. Masjid sahovatpesha homiylar hamda aholi tomonidan hashar yo‘li bilan qurilgan. Masjidda namozxonlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, tahoratxona el xizmatiga tayyor holda qurilgan.
{gallery}//2018/01.01.2018/Islom_nuri{/gallery}
O‘MI matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Toshkent viloyati Toshkent tumani “Ramadon” jome masjidi imom-xatibi Abdurahmon domla Astanoyevning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Din rivoji, xalq ma’rifati va Vatan ravnaqi yo‘lida qilgan barcha xizmatlarini Alloh qabul aylasin!
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari, safdoshlari, shogirdlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Abdurahmon domla Astanoyevning oila a’zolari, yor-birodarlari, safdoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz