Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

“Sarhisob – 2017” g‘oliblari aniqlandi

30.12.2017   10340   5 min.
“Sarhisob – 2017” g‘oliblari aniqlandi

Mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targ‘ib etish, tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, Islom dini ta’limotlarini tarqatish va turli tahdidlardan himoya qilish, xalqimiz, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodni to‘g‘ri tarbiya qilishda faollik ko‘rsatgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va munosib rag‘batlantirish maqsadida «Sarhisob» tanlovi har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinmoqda.

Ushbu an’anaga muvofiq bugun, 30 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida tanlovning Respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Toshkent islom universiteti hamkorligida tashkil etildi.

Bu yilgi tanlov har yilgidan o‘zgacha tarzda tashkil etildi, ya’ni uning hududiy bosqichlari ham o‘tkazildi. 2017 yilning 1 yanvaridan 2017 yilning 
1 oktyabrgacha gazeta va jurnallarda bosil­gan, radio orqali efirga uzatilgan, televideniyeda ko‘r­sa­­­tilgan va Internet tarmog‘ida e’lon qilingan material­lar tanlovda ishtirok etdi. Hu­­­dudiy bosqich g‘oliblari respublika bosqichida qat­na­shish huquqini qo‘lga kiritdi.

Tanlovning respublika bosqichi «Jaholatga qarshi – ma’rifat» shiori ostida o‘tkazildi. Respublika bosqichi g‘o­liblari hududiy bosqichda g‘olib chiqqan ishtirokchilar ora­­sidan saralandi.

G‘oliblarni taqdirlash marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari nutq so‘zladilar. Muftiy hazratlari, bugungi kunda yurtimizdagi shiddat bilan amalga oshirilayotgan islohotlarni va dinimiz ravnaqi yo‘lida qilinayotgan ishlarni ijodkor xodimlar kechayu kunduz, tinim bilmay keng xalq ommasiga namoyish etishda jonbozlik ko‘rsatayotganini alohida qayd etdilar. Mo‘min-musulmonlar manfaati, din g‘ami va Vatan taqdirini yuragidan o‘tkazib ishlaydigan ijod ahlining da’vatkor so‘zi, ibratli faoliyatiga tahsinlar aytdilar. Ijod ahli Alloh taoloning «(Ey Muhammad,) Rabbingiz yo‘li (dini)ga hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat qiling! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling!..» (Nahl, 125) degan xitobiga amal qilgan holda islom ma’rifatini tarqatishda yanada sobitqadam bo‘lib, berilgan imkoniyatlardan to‘la foydalanish davri kelganini alohida ta’kidladilar. Tanlov g‘oliblariga taqdim etilgan sovg‘alar ramziy ekani, eng oliy mukofot esa Yaratgan Parvardigorning huzurida bo‘lishini qayd etib o‘tdilar.

Shundan so‘ng, televideniye, radio, matbuot va Internet yo‘nalishlarida eng yaxshi deb topilgan ijodiy ishlarning mualliflari hamda ushbu yo‘nalishda alohida namuna ko‘rsatgan targ‘ibotchilar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus diplom va qimmatbaho mukofotlar bilan taqdirlandilar.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov so‘zga chiqib, g‘oliblarni qutlar ekan, tanlovning bugungi kundagi ahamiyati, ijod ahlining samarali mehnati va ularni rag‘batlantirishning foydali jihatlari haqida gapirdi. Shuningdek, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi direktori Laziz Tangriyev so‘zga chiqib, har bir mavzuni o‘zining professonal mutaxassislari yoritishi haqida gapirib, bu borada diniy soha xodimlari, ulamolar va imom-xatiblar juda faol ishtirok etayotganiga alohida urg‘u berdi. Shuningdek, u Prezidentimiz raisligida 29 dekabr kuni milliy kino san’atini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va bu borada mavjud muammolarni hal etishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tganini bildirib, Prezidentimiz  buyuk bobolarimiz Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Imom Nasafiy hayoti haqida ham filmlar olish kerakligini aytganiga alohida to‘xtaldi.

 

“Sarhisob – 2017” g‘oliblari bilan tanishing:

Matbuot yo‘nalishi bo‘yicha:

1-o‘rin Odilxon Ismoilov (Toshkent shahar «Shayx Zayniddin» masjidi imom-xatibi);

2-o‘rin Muhtarama Ulug‘ova (“Movarounnahr” nashriyoti muharriri);

3-o‘rin Jahongir Jo‘rayev (Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xodimi).

 

Televideniye yo‘nalishi bo‘yicha:

1-o‘rin Hayitov Shuhrat (“O‘zbekiston” telekanali “Madaniy-ma’rifiy va badiiy dam olish dasturlar” bosh muharririyatining bosh muharriri);

2-o‘rin Uyg‘un G‘ofurov (Toshkent islom instituti rektori);

3-o‘rin  Ilhom Ma’rupov (“Movarounnahr” nashriyoti muharriri);

 

Internet yo‘nalishi bo‘yicha:

1-o‘rin Rahmatulla Sayfuddinov (Toshkent shahridagi “Mirza Yusuf” jome masjidi imom-xatibi);

2-o‘rin Olimxon Yusupov (Samarqand viloyati “Maxdumi A’zam” jome masjidi imom-xatibi);

3-o‘rin Zoirjon Sodiqov (Toshkent shahar vakilligi xodimi).

 

Radio yo‘nalishi bo‘yicha:

1-o‘rin Shamsiddin Bauatdinov (Qoraqalpog‘iston Respublikasi musulmonlari qoziyoti qozisi);

2-o‘rin Xayrullo Turmatov (Toshkent viloyati bosh imom-xatibi);

3-o‘rin Farhod Abdullayev («Ziyo» media markazi vakili).

 

Yilning eng faol targ‘ibotchisi:

1-o‘rin Rahimberdi Rahmonov (diniy idora Masjidlar bo‘limi mudiri);

2-o‘rin Nozima Ibragimova (“Xadichai Kubro” bilim yurti mudirasi);

3-o‘rin Damin Jumaqulov (“Movarounnahr” nashriyoti muharriri).

 

{gallery}//2017/SARHISOB2018{/gallery}

 

 

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

12.08.2026   16467   3 min.
Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.

Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:

«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».

Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.

Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari