Alloh taolo O‘zi xohlagan kunini, xohlagan narsasini, xohlagan kishisini ulug‘ qiladi. Aqlli bandalar Alloh ulug‘ deb tayinlagan kimsa va narsalarini ulug‘ deb bilishlari lozim.
Insonlar ichidan payg‘ambarlarni ulug‘ qildi. Shu o‘rinda nima uchun Alloh payg‘ambarlarni «Sayyid»lar, yani ulug‘ zotlar qilib tanlaganini ham bilib qo‘yishimiz kerak.
Alloh taolo lutfi karami bilan barcha payg‘ambarlarni gunohlardan saqlagan. Odam alayhissalomdan boshlab, oxiri Muhammad alayhissalomgacha o‘tgan barcha payg‘ambarlar Allohning diniga to‘la-to‘kis amal kilib, butun insoniyatga namuna va o‘rnak bo‘lganlari, qalblari musaffo g‘illu g‘ishlardan, gina-yu kuduratlardan xoli bo‘lib, katta-yu kichik, boyu-kambag‘al, yaxshi-yu yomon demasdan hammaga bir xil munosabatda bo‘lib, Allohning haq dinini insonlarga mukammal ravishda yetkazganlari sababidan ulug‘langanlar. Shu payg‘ambarlar ichida yanada ulug‘rog‘i Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamdirlar.
Imom Muslim Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida odam bolasini sayyidi menman. Barcha insonlar tiriladigan qiyomat kunida birinchi bo‘lib qabrdan bosh ko‘tarib chiquvchi, birinchi bo‘lib shafoat qiluvchi, birinchi bo‘lib shafoati qabul qilinuvchi ham menman. Bu bilan faxrlanish yo‘qdir”, deganlar.
Izoh: “Faxrlanish yo‘q” deyilgani. Alloh taolo Payg‘ambarimizni martabalarini dunyoyu oxiratda yuqori qilishiga qaramay, kibrlanmasdan va gerdaymasdan o‘zlarini kamtar tutib faxrlanish yo‘q, deganlari barcha insonlarga o‘rnak va namunadir. Bu so‘zlashuv uslubida aytiladigan “maqtanish emasku…, maqtanmoqchi emasman…”, degan iboraga to‘g‘ri keladi.
Imom Muslim rivoyat qilgan «Riyozus solihiyn» kitobining 345-raqamli hadisida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ey, musulmonlar! Xonadonim haqida Xudoni yodlaringizga solurman”, dedilar. Zayd ibn Arqamdan: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning xonadonlari kim?” deb so‘ralganda, “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan keyin sadaqadan mahrum etilganlar, ya’ni sadaqa yeyishi mumkin bo‘lmagan zotlar”. “Ular kimlar?” deyishganda: “Ali, Aqil, Ja’far va Abbosni avlodlari” deyildi.
Ushbu kitobdagi Imom Buxoriydan rivoyat qilingan 346-raqamli hadisda: Abu Bakr Siddiq: “Ey, musulmonlar! Ahli bayt haqida Rasulullohni hurmat qilinglar”, deganlar. Ya’ni ahli bayt bilan muomala qilishda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam rioyasini qilib, ularni ulug‘lab, hurmatlarini joyiga qo‘yinglar. Alloh taoloning Kitobi – Qur’oni karimning Ahzob surasi 33-oyatida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam xonadonlari haqida:
إِنَّمَا يُرِيدُ اللَّهُ لِيُذْهِبَ عَنْكُمُ الرِّجْسَ أَهْلَ الْبَيْتِ وَيُطَهِّرَكُمْ تَطْهِيرًا
“Ey, (Payg‘ambarning) xonadon ahli! Alloh sizlardan gunohni ketkazishni va sizlarni obdon poklashni istaydi, xolos”, deb marhamat qilgan, ya’ni Payg‘ambar xonadoni Alloh taologa ibodat qilib, Uni ko‘p zikr qilishlari natijasida gunohlardan poklanib, ulug‘lik darajasiga erishganlar.
Payg‘ambar avlodlari “sayyid” deyiladi. Sayyid – o‘zbek tilida xo‘ja, ulug‘, mustaqil, hukmdor, janob ma’nolarida keladi (“O‘zbek tilining izohli lug‘ati” 3-juz). Ayrim o‘zbeklar orasida sayyidlarni to‘ralar ham deyiladi. Sayyidlarga Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘zlari aytganlaridek, o‘zlariga sadaqani harom qilgan Ali, Aqil, Ja’far va Abbos avlodlari kiradi. Ayrim manbalarda Hazrati Ali raziyallohu anhuning xotinlari Fotima raziyallohu anhodan tug‘ilgan farzandlari “sayyid”, boshqa xotinlaridan tug‘ilganlari “Xo‘ja” deyiladi, deb yozilgan. Bu to‘g‘ri emas. Hazrati Alining boshqa xotinlaridan tug‘ilgan farzandlari ham sayyidlar deyiladi. Sayyidlar faqat Hazrati Ali zurriyodlari emas, yuqorida nomlari zikr qiligan Ali, Aqil, Ja’far va Abbos zurriyodlari ham sayyidlar hisoblanadi. Ushbu so‘z Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning muborak og‘izlaridan chiqqan hadis bilan tasdiqlangan.
Yuqorida zikr qilingan oyat va hadislardan Payg‘ambarimiz avlodlarini ya’ni “sayyid”larni hurmat kilishimiz lozim bo‘ladi. Ammo o‘zligini unutib, Yaratganni amrlariga bo‘ysunmasdan “aynigan”, “dindan uzoqlashgan” bo‘lsachi? Unda ularni aslo hurmat qilinmaydi. Zeroki, “sayyid”lik darajasi ularga din tufayli berilgandir. Dinini unutib, ibodat qilmasa, u kuniga yuz martabalab “Men sayyidlardanman!” deb jar solsa ham “sayyid”lik darajasidan tushib qoladi. Nega deyilganda, Payg‘ambar avlodi bo‘lgan kishi amaliy jihatdan Payg‘ambar merosxo‘ri bo‘lib, u zotning ishlarini davomchisi, din ko‘rsatmalarini mukammal bajarib, odob-axloq jihatidan insonlarga peshvo bo‘lishi kerak. Quruq “sayyid”lik da’vosi bilan uni nasabi unga zarracha ham naf bermaydi. Bu kabi soxta “sayyid”larni hurmat qilganlar esa gunohkor bo‘ladilar.
Imom Taboroniy Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kimki fosiqni hurmat qilib “Sayyidim” desa, shak-shubhasiz Robbisini g‘azablantiribdi”, deganlar. Binobarin “Fosiq xoh boy, xoh amaldor, xoh sayyid bo‘lsin barobardir”. Unga qiz ham berilmaydi, qizini ham olinmaydi!
Otamni Sayyid Burhon ismli tanishlari bo‘lib, ular bilan do‘stlik aloqamiz yaxshi edi.
Sayyid Burhon otani qizlaridan biri balog‘atga yetib, tolibi ilmlardan biri qizlariga sovchi yubordi. Sayyid Burhon ota johillik qilib qizlari boshiga qo‘ngan baxt qushini uchirib, qizlarini faqat sayyid avlodidan bo‘lganlarga berishlarini aytdilar. Oradan bir qancha vaqt o‘tib, qizlarini o‘zlariga o‘xshagan sayyid avlodiga uzatdilar. Ramazon oyida Sayid Burhon ota quda chaqiriq qilib, iftorga – biz tolibi ilmlarni ham chaqirdilar. Iftor paytida og‘iz ochilib, shom namozini o‘qiganimizda, “Kuyov bola” bizni ro‘za tutib, namoz o‘qiganimiz uchun masxara qildi. Biz, tolibi ilmlar bechora Sayyid Burhon ota johilligi tufayli qizini ikki qo‘llab jahannamga itarganiga achinib qoldik.
Darhaqiqat, inson quruq savlati, boyligi, molu dunyosi, nasabi-yu mansabi, oqu qoraligiga qarab emas, toat-ibodati, taqvosi, parhezkorligi bilan e’zozlanib, qilgan yaxshi amallariga yarasha mukofotlanadi.
Zeroki, Alloh taolo Hujurot surasining 13-oyatida:
يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ
“…Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir…» deb adolat mezonini qo‘ygan.
O‘z maqomida turgan, o‘zligini unutmagan aslzoda “sayyid”larni hurmat qilinganidek, ahli ilmlarni ham ehtirom qilmoqlik vojibdir. Alloh taolo Zumar surasining 9-oyatida:
قُلْ هَلْ يَسْتَوِي الَّذِينَ يَعْلَمُونَ وَالَّذِينَ لَا يَعْلَمُونَ إِنَّمَا يَتَذَكَّرُ أُولُو الْأَلْبَابِ
“Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!” Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar”, deb marhamat qilgan.
Ahli bayt, ya’ni sayyidlar va ulamolarni hurmat qilinishining sababi, ular Allohni tanib, Uning qil deganlariga amal qilib, qilma deganlaridan chetlanganlari uchundir. Agar ular Alloh bergan qadru qiymatiga, ulug‘ligiga yarasha amal qilmasdan kufroni ne’mat qilsalar, o‘zlarining kimligini unutib, aynigan, fosiq bo‘lishsa, ularning birontasini ham hurmat qilib bo‘lmaydi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam suyukli qizlari Fotimaga: “Ey, qizim! Otam payg‘ambar, deb nasabingga suyanma, amaliigni bilib qil, zero, har bir jon qilgan amaliga qarab mukofotlanadi”, deganlar.
Tarixga nazar solsak, turkiy qavmlarda podshohni “xon” deyishgan. xonni aka-ukalari bo‘lsa, hech kim ularni xon demagan. Xon aka-ukalarini biron shaharga, qo‘rg‘onga yoki ovulga bek qilib tayinlagan. Bek bo‘lgan kishi vafot etib, orqasida o‘g‘li qolgan bo‘lsa, otasining o‘rniga bek, bo‘lardi. Bekni aka-ukalari esa oddiy xalq qatorida bo‘lardi.
Uyg‘ur va uning atrofidagi ellarda podshohni “to‘ra” deyishgan. To‘raning aka-ukalari bo‘lsa, ularni o‘z qaromog‘idagi joylarga to‘ra emas, “bek” yoki “hokim” qilib tayinlagan. Hech kim ularni to‘ra avlodi deyishmagan.
Xorazm va Eronda podshohni “shoh” deyilgan. Shahzodalarni “sulton” deyilgan. Xon, Hoqon, To‘ra, Bek, Sulton, Shoh, Podshoh, Amirlar nasab emas.
Odamlarda tabiatan o‘zlarini boshqalardan yuqori olib maqtanish odati bor. Shu sababdan oldingi zamonda o‘tgan bobolaridan biri xon bo‘lgan bo‘lsa, biz xonlardanmiz, deb ismlariga xon qo‘shib aytishi, to‘ra o‘tgan bo‘lsa, biz to‘ralardanmiz, deb to‘ra qo‘shib aytishi, bek o‘tgan bo‘lsa, bek qo‘shib aytishi, shoh o‘tgan bo‘lsa, biz shohlardanmiz, deb shoh qo‘shib aytishi, amir o‘tgan bo‘lsa, biz mirlardanmiz, deb mir qo‘shib aytishi odat bo‘lgan. Aslida esa boshqalardan hech qanday ortiqligi yo‘q. Bir ota – Odam alayhissalom va bir ona – Momo Havvodan taralgan oddiy insondir. Aslida insonning boshqalardan ortiqligi faqat parhezkorligi va taqvosi bilan bo‘ladi.
Bu borada haqikat kuychisi, otashnafas Boborahim Mashrab hazratlari:
Sayyidsan, Hojasan zinhor,
Mag‘ruri nasab bo‘lma!
– deb haqiqatni bayon qilganlar.
Nasabiga qarab siylanadigan bo‘lsa, Nuh va Lut alayhissalomlarning ayollari siylanardi. Ammo bu ikkala ayol ulug‘ zotlarning juftlari bo‘lishlariga qaramay, kofir bo‘lganliklari uchun jahannamga lozim topildi. Shuningdek, Nuh alayhissalom payg‘ambar bo‘lishlariga qaramay, Yom ismli o‘g‘illari kofir bo‘lib, To‘fonda g‘arq bo‘lib o‘ldi. Ibrohim alayhissalom jami payg‘ambarlarning otasi bo‘lishiga qaramay, otalari Ozar kofir bo‘ldi. Buning aksi, xudolik da’vosini qilgan ashaddiy kofir Fir’avnning xotini Osiyo musulmon bo‘ldi. Demak, inson kimni o‘g‘il-qizi, kimni ota-onasi, kimni yaqini va dunyodagi martabasiga qarab emas, qilgan ishiga, amali solihiga qarab mukofot oladi.
Shuning uchun ilgarilari o‘tgan ulug‘larimiz nasablari sayyid avlodidan bo‘lsalar ham o‘zlarini past olib, kamtarlik bilan ismlariga qul qo‘shib aytishgan. Masalan, Qul Xoja Ahmad, Asrorqul, ya’ni Allohning quli, bandasi ekanliklariga iqror bo‘lishgan. Darhaqiqat, hammamiz Allohning bandasi, ya’ni qulimiz. Shuning uchun ham Payg‘ambarimizning nomlari zikr qilingan joyda Muhammad abduhu deb, u zotning banda ekanligini qo‘shib aytiladi. Bironta kitobda Payg‘ambarimizni Muhammadxon deyilgan emas.
Xalqimiz orasida eshonlarmiz, deb o‘zini yuqori oladiganlar ham bor. Xo‘sh eshon kim? Bizning diyorimizda tariqat ilmi rivojlangan bo‘lib, Bahouddin Naqshband, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Xo‘ja Ali Romitaniy, Boboi Sammosiy, Najmiddin Kubro, Ahmad Yassaviy, Xo‘ja Ahror Valiy, Shayx Xovandi Tahur, Zangi ota va boshqa bir qancha avliyolar yetishib chiqqan. Bular xalqimizni komillik sari yetaklab, komil inson bo‘lish yo‘l-yo‘riqlarini o‘rgatishgan. Bularni arab tilida shayx, fors va o‘zbek tillarida pir deyishgan. Shayx yoki pirning lug‘atdagi ma’nosi chol, qariyadir. Istilohda esa, ustoz ma’nosida ishlatiladi. Ya’ni tariqat ilmining ustozi. Bu yo‘lni xohlovchilarni murid, ya’ni shu yo‘lni xohlovchilar deyilgani bo‘ladi. Tariqat pirlari xoh katta, xoh kichik bo‘lishiga qaramay, xalqimiz ularni z’zozlab, hurmatlarini joyiga qo‘yish uchun beodoblik bo‘lmasin deb, ismlarini aytmasdan eshon deyishgan. Eshon fors, tojik tillaridan olingan bo‘lib, “ular” ma’nosida keladi.
Bu nasab emas, faqat hurmat uchun aytiladigan so‘z. Demak, bir kishi ko‘p ibodat-u zikrlar qilib, hurmatga sazovor bo‘lib, eshon bo‘lgan bo‘lsa, uning o‘g‘il-qizi ham eshon bo‘la olmaydi, ularni eshon avlodlari deyilmaydi. Eshon bo‘lish uchun otasidek dinga, shariatu tariqatga xizmat qilgan bo‘lishi kerak.
Sodda xalqimiz tushunmagan holda, unday da’vogarlarni halol-haromning farqiga bormay, cho‘chqa go‘shti yesa ham, harom ichkiliklarni iste’mol qilsa ham, namoz o‘qimasa xam, turli-tuman gunohlardan qaytmasa ham eshon deb yurishadi. Ular aslo eshon emas.
Ahmadjon BOBOMUROD,
Toshkent islom instituti
“Tahfizul Qur’on” kafedrasi
katta o‘qituvchisi.
- 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ
Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.
Nazmiy bayoni:
Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.
Lug‘atlar izohi:
لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.
دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.
تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.
بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.
وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.
قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.
يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.
Matn sharhi:
Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].
Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.
Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:
“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].
Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:
“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].
Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.
Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].
Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:
“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].
Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:
“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].
Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.
Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.
Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:
“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].
Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:
عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).
Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.
Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.
Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.
[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.
[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.
[3] Najm surasi, 39-oyat.
[4] Baqara surasi, 286-oyat.
[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.
[6] Muhammad surasi, 19-oyat.
[7] Hashr surasi, 10-oyat.
[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.
[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.
Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.
Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:
1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);
2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);
3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);
4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);
5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);
Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.