Finlandiyalik yosh pedagog qanday qilib Islomni qabul qilgani haqida so‘zlab berdi. Islomni yangi qabul qilgan va o‘ziga Rizo nomini olgan musulmon yigit avval Islomga qiziqmasdi va dinini o‘zgartirish haqida o‘ylamasdi.
«Men Islomni juda yuzaki tushunardim, u haqida kam narsa bilardim, – deydi u. – Kasbim o‘qituvchi va o‘quvchilarim orasida turli din vakllari bor. Maktabimdagi diniy rang-baranglik Islomni tushunishimga yo‘l ochib berdi. Avvaliga bu dinga alohida muhabbat qo‘ymadim, ammo uning asoslari bilan tanishganimdan so‘ng qiziqish tufayli barcha savollarimga javob topish istagida uni o‘rganishni boshladim».
Rizoning so‘zlariga ko‘ra, u Qur’onning o‘z ona tiliga o‘girilganini o‘qiganida, ruhiy kashfiyotning teranligidan lol qoldi, deb xabar beradi IslamNews sayti Abna24 ga tayanib.
«Endi juda xotirjam va sokinman, din haqida yanada ko‘proq narsalar o‘rganishga harakat qilaman, kitoblar va maqolalar o‘qiyapman, atoqli musulmon rahnamolarining ta’limotlari bilan tanishmoqdaman».
Rizo vatandoshlariga ham Islom haqida ko‘p narsalarni aytib berish niyatida.
O‘MI Matbuot xizmati
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV