Hazrat Junayd Bag‘dodiy rahmatullohi alayh aytadi: Allohning yo‘lida yurish uchun shu narsa zarurki, bir qo‘lda Allohning kitobi bo‘lsin va ikkinchi qo‘lda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bo‘lsin. Shu ikkisi qo‘lida bo‘lgan banda, albatta, Alloh taologa yetishadi.
Boyazid Bistomiy rahmatullohi alayh aytadi: “Allohga yetishishning yo‘llari xaloyiqning nafaslari adadichadir“. Biroq, Allohga yetishishning barcha eshiklari yopilgandir. Faqat bir eshik ochiq va u Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashish eshigidir. Ya’ni, kimki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashsa, aynan o‘sha Allohga yetishadi.
Hazrat Mavlono Shoh Fazlurrohman rahmatullohi alayh aytadi: “Keling, biz sizga bir noyob usulni aytib beraylik. U shuki, biz nima ish qilsak ham, unda sunnatga diqqat qilaylik. Masalan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari deb bilib, qachonki, taom yesak, u holda cho‘kkalab o‘tirib yoki bir oyoqni ko‘tarib (tizzani bukib) yeylik. Xuddi shundoq uxlash uchun yotsak, o‘ng yongbosh tarafga qarab yotaylik, bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir. Ayni shunday har ishni qalbda bu Allohning Habibining sunnati deb hozir qilib qilaylik. Bir necha kun shunday qilib olsin, shunda u komil valiy bo‘lib ketishiga, men mas’ulman. “Bas, menga ergashing”ning ma’nosi aynan shudir.
Manbalar asosida
“Hazrati Ali” jome masjidi imom noibi
Abdulqayyum KOMIL
tayyorladi.
Joriy yilning 13–16 sentyabr kunlari Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi hamda uning doirasidagi bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Yig‘inlarda turkiy dunyoning yetakchi din peshvolari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov, Turkmaniston muftiyci Rahmon Qurbonmurodov kabilar boshchiligidagi turkiy davlatlar ulamolaridan iborat delegatsiyalar ishtirok etadi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi safidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi, Fatvo markazi, hududiy vakilliklar hamda oliy diniy ta’lim muassasalaridan vakillar joy olgan.
Tadbirlar doirasida ulamolar musulmon ummati uchun muhim bo‘lgan shar’iy masalalar, zamonaviy fatvolar va mushtarak tashabbuslarni muhokama qilib, yakuniy hujjatlarni imzolaydilar. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjuman, ikki tomonlama muzokaralar hamda tabarruk qadamjolar ziyorati ham rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati