«Ey imon keltirganlar, taqvoli bo‘lishlaring uchun sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham sanoqli kunlarda ro‘za tutish farz qilindi. Bas, sizlardan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir. Madori yetmaydiganlar bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi miqdorida fidya (evaz) to‘lashlari lozim. Kim ixtiyoriy ravishda ko‘proq yaxshiliklar qilsa (lozim bo‘lganidan ortiq fidya bersa), o‘ziga yaxshi. Agar bilsalaring, ro‘za tutishlaring (fidya berib, tutmaganlaringdan) yaxshiroqdir» (Baqara, 183-184).
Hayotning lazzatini, irodaning qiymatini anglab yetishga xizmat qiladigan Ramazon ro‘zasi ilohiy amrlar ichida nafsga eng og‘ir keladigan amaldir.
Ramazon arabcha «ar-ramad» so‘zidan olingan, quyosh haroratining juda isib, ko‘tarilganini anglatadi. Oyning «Ramazon» deyilishiga sabab, bu oyda tavba, solih amal qilganlarning gunohlari kuydiriladi, yo‘q qilib yuboriladi.
O‘zbek tilida ro‘za ma’nosini anglatadigan arabcha «savm», «siyam» so‘zi lug‘atda nafs istaklaridan o‘zini tiyishni bildiradi. Atama o‘laroq esa, niyat qilib, nafsning eng katta istaklari bo‘lgan yeyishichish va jinsiy aloqadan kun bo‘yi tiyilishdir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng oyda uch kun va ashuro kunida nafl ro‘za tutardilar. Hijratdan bir yil o‘tib, qibla o‘zgarganidan keyin sha’bon oyida Ramazon ro‘zasi farz qilindi.
Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan oldin o‘tgan payg‘ambarlarning ummatlariga ham ro‘zani farz qilgan. Masalan, Odam alayhissalomga biyz kunlari (oyning 13-14-15 kunlari), Muso alayhissalomning qavmiga ashuro kunlari, nasorolarga ham ramazon oyida ro‘za tutish buyurilgan.
Ro‘za shahvatni kesadi, nafsning hoyu havaslarini mag‘lub qiladi, turli yomonliklardan, tug‘yonga ketishdan saqlaydi.
Ro‘zaning badan salomatligiga foydalari bugun barchaga yaxshi ma’lum. Ammo bu foydalar ro‘zaning farz bo‘lishi sababi va hikmati hisoblanmaydi. Ro‘za farz bo‘lishining asl hikmati Alloh taoloning amriga bo‘yinsunib, bandalikning zavqini totish, ruhni riyo asoratlaridan poklab, quvvat va ixlosni oshirish, nafsni yengib, komillikka erishishdir.
«...sanoqli kunlarda». Ya’ni, sizga farz qilingan ro‘za yilning sanoqli kunlarida – o‘n ikki oydan faqat bir oydadir hamda sizning salomatligingizga ziyon keltirmaydigan, toqatingizni toq qilmaydigan shaklda, uzrli bo‘lsangiz, ma’zur ko‘rilib, yengillik berishni ko‘zda tutilgan holatda buyurilgandir.
«Bas, sizlardan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir». Agar ro‘za tutish sihatingizga jiddiy zarar yetkazadigan darajada bemor yoki safarda bo‘lsangiz, ro‘za tutmaslikka ruxsat beriladi. Sog‘aygach yoki safardan qaytganingizdan keyin, necha kun ro‘za tutolmagan bo‘lsangiz, shuncha kun tutib, zimmangizdagi farz qazosini ado etasiz.
«Madori yetmaydiganlar bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi miqdorida fidya (evaz) to‘lashlari lozim». Bu borada Ibn Abu Laylodan quyidagilar rivoyat qilinadi: «Ramazon ro‘zasi farz qilingan dastlabki paytda odamlar hali unga ko‘nikmagan edilar. Ularga kun bo‘yi och yurish juda og‘ir kelardi. Shuning uchun ro‘za tutolmaganlar oyati karimaning: «Madori yetmaydiganlar...» hukmiga asoslanib, bir kambag‘alni to‘ydirish bilan o‘zlarini farzni ado etgan hisoblaganlar. «Sizlardan har kim u oyga shohid bo‘lsa, ro‘za tutsin» mazmunli oyati karima tushgach, ro‘za tutmay, fidya berishga ruxsat faqat bemorlar va musofirlargagina tegishli bo‘lib qoldi. Qolgan barchamiz ro‘za tutishga buyurildik».
«Madori yetmaydiganlar» qatoriga juda ham qartayib, ochlikka toqati yetmaydigan qariyalar ham kirishiga mufassirlar ittifoq qilishgan.
«Kim ixtiyoriy ravishda ko‘proq yaxshiliklar qilsa (lozim bo‘lganidan ortiq fidya bersa), o‘ziga yaxshi». Ya’ni, kim buyurilganidan ortiqroq fidya bersa, o‘zi uchun yanada yaxshidir.
«Agar bilsalaring, ro‘za tutishlaring (fidya berib, tutmaganlaringdan) yaxshiroqdir». Fidya berganidan yoki qazoni tutganidan ko‘ra, qiyin bo‘lsa ham, vaqtida ro‘za tutganlaring o‘zlaring uchun afzaldir. Agar ro‘zaning fazilatini bilganlaringda, albatta, ro‘za tutmaslik joiz bo‘lgan holatlarda ham ro‘za tutgan bo‘lardilaring.
Qurtubiy va Hamdiy tafsirlari asosida
No‘mon ABDULMAJID
tayyorladi.
Bugungi tez o‘zgarayotgan mehnat bozorida to‘g‘ri kasb tanlash moddiy farovonlik, shu bilan birga ikki dunyo saodatiga erishish yo‘lidir. Islom dinida halol kasb bilan shug‘ullanish yuqori baholanadi. Muqaddas dinimizda kasb-hunar egallashga katta e’tibor qaratilgan.
Qur’oni Karimda shunday marhamat qilinadi: “Namoz tugagandan so‘ng yer yuziga tarqaling va Allohning fazlidan (rizq) izlang...” (Juma surasi, 10-oyat).
Bu oyat musulmon kishi ibodatda hamda rizq izlashda, kasb-hunar bilan jamiyatga foyda keltirishda ham faol bo‘lishi kerakligini ko‘rsatadi.
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom dedilar: “Hech bir inson o‘z qo‘li bilan mehnat qilib topgan taomidan ko‘ra yaxshiroq taom yemagan” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bugungi kunda yoshlar IT, muhandislik, tibbiyot va hunarmandchilik kabi sohalarni puxta egallashlari lozim. Zero, kuchli mutaxassis bo‘lish millatning yuksalishiga xizmat qilish demakdir.
Misol uchun, axborot texnologiyalari sohasini egallash yuqori daromadli kasb hamda ulkan ajr-savoblarga sabab bo‘luvchi vositasi hamdir. Yoshlarni bu sohaga yo‘naltirish jamiyatga ko‘p manfaat keltiradi.
Bugungi kunda millionlab insonlar islom haqidagi ma’lumotlarni internetdan izlamoqda. Dasturchilar tomonidan yaratilgan sifatli veb-saytlar, mobil ilovalar (Qur’on qiroatlari, hadis to‘plamlari, namoz vaqtlari) insonlarning ibodatlarini osonlashtirishga va to‘g‘ri bilim olishiga xizmat qiladi. Internetdagi noto‘g‘ri ma’lumotlarga qarshi faqat kuchli bilim va zamonaviy media-texnologiyalar bilan kurashish mumkin.
Avvallari bir hadisni o‘rganish uchun oylab yo‘l yurilgan bo‘lsa, bugungi kunda dasturchilar yaratgan elektron kutubxonalar va qidiruv tizimlari soniyalar ichida kerakli ma’lumotni topish imkonini beradi. Bu esa “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir” degan hadisga amal qilishni yengillashtiradi.
Onlayn xayriya platformalari, zakot hisoblagichlar va ijtimoiy yordam ilovalari orqali muhtojlarga yordam berish jarayoni shaffof va tezkor bo‘ldi. Bu sohada xizmat qilgan dasturchi ham xayriya qiluvchi kabi savobga sherik bo‘ladi.
Yosh dasturchining klaviaturadagi har bir bosgan tugmasi, agar u ezgu maqsadda bo‘lsa, ajr-savob yoziladigan xayrli amalga aylanishi mumkin. "Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq" deyilgan naql zamirida ham davrning ilg‘or ilmlarini egallab, uni ezgulikka xizmat qildirish g‘oyasi yotadi.
T.Azimov