Jinlarning mavjudligi Qur’oni karim, hadisi sharif va ijmoi ummat bilan sobit bo‘lgan. Ko‘pchilik odamlar jin deganda qandaydir g‘ayritabiiy, faqat yomonlik qiladigan mavjudotlarni nazarda tutadilar. Aslida ham shundaymi? Yo‘q! Jinlar ham alohida bir olam. Ularning ham insonlar kabi yaxshisi, yomoni, kofiri, musulmoni bo‘ladi. Bu notanish olam bilan tanishishdan oldin, avvalo, uning lug‘aviy va istilohiy ma’nolari, nimadan yaratilagani, shaklu shamoyili qanday shu va boshqa ularga tegishli ma’lumotlarni o‘rganib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
“Jin” so‘zi arab tilida اَلْجِنُّ ko‘pligi اَلْجَانُّ jaan, o‘zbek tilida “to‘silgan” ma’nosida “ajina” deyiladi. Ko‘zdan to‘silgani uchun “jin” deb atalgan. Onasi qornidagi bolani اَلْجَنِينُ “janin”- (o‘ralgan, to‘silgan), aqli boshidan uchgan, aqli to‘silgan odamni jinni yoki majnun deyish ham shundan olingan. Yana jangda himoya qilish va to‘sish vositasi hisoblangan qalqonni مِجَنٌّ deb nomlandi. Johiliyat vaqtida farishtalarni ham ko‘zga ko‘rinmagani uchun “jin” deb atashgan.
Badruddin ash-Shibliy rahmatullohi alayh aytadi: “Jinlar inson va hayvonlar suratiga kirib olishga qodirdirlar. Ilon, chayon, tuya, mol, qo‘y, ot, xachir, eshak, qush va odam bolalari suratiga kirib olishi mumkin. Qurayshliklar Badrga chiqib ketayotganda Suroqa ibn Molik ibn Jo‘shum suratida kelgani bunga dalil”.
Asrimizdagi va undan oldingi asrlarda yashagan ko‘pchilik insonlar jinlarni ko‘rmagan, eshitmagan yoki ular jin ekanini bilmaganm sababli ularni arvohlar, g‘ayb odamlari yoki sahro kishilari deb ataganlar.
Bu mavzuda kelgan rivoyatlarning eng ishonchlisi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning jinlarni ko‘rganlari, ular bilan gaplashganlari, ular Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan gaplashganlari, jinlarga ta’lim berganlari, Qur’on tilovat qilib berganlaridir.
Biz ularni ko‘rmasak-da ba’zi it, eshak kabi hayvonlar ularni ko‘radi.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ إِذَا سَمِعْتُمْ صِيَاحَ الدِّيَكَةِ فَاسْأَلُوا اللَّهَ مِنْ فَضْلِهِ فَإِنَّهَا رَأَتْ مَلَكًا وَإِذَا سَمِعْتُمْ نَهِيقَ الْحِمَارِ فَتَعَوَّذُوا بِاللَّهِ مِنْ الشَّيْطَانِ فَإِنَّهُ رَأَى شَيْطَانًارَوَاهُالْبُخَارِيُّ وَ مُسْلِمٌ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Xo‘roz qichqirig‘ini eshitganda Allohning fazlidan so‘ranglar. Chunki u farishtani ko‘rgan bo‘ladi. Eshak hangrashini eshitganda Allohdan shaytonning yomonligidan panoh so‘ranglar. Chunki u shaytonni ko‘rgan bo‘ladi», dedilar”.
Jinlar haqiqatda bor mavjudotlar bo‘lib, asli o‘tdan yaratilgan. “Jin” so‘zining lug‘aviy ma’nosi avval aytilganidek, “to‘silgan” degani, ya’ni odamlar ko‘zidan to‘silgan narsa. Shu sababli ham u insonlarga ko‘rinmaydi. Ular o‘zlari ko‘rinmay turib, odamlarni va boshqa narsalarni ko‘rishi mumkin. Shu bilan birga, turli shakllarga kirishi ham mumkin. Jinlar erkak va ayol jinsiga mansub, dashtu biyobonlar, tog‘ va o‘rmonlarda yashaydi. Ular bir necha toifadan iborat, g‘ul, ifrit, silot toifasidagilari mashhur. Shaytonlar jinlarning yovuzlaridir.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Alloh insonlarga ham, jinlarga ham payg‘ambar qilib yuborgan. Jinlarning bir qismi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ukoza bozoriga ketayotgan vaqtlarida Makka va Madina oralig‘idagi Nahla degan joyga yotganlarida, o‘sha joyda bomdod namozini o‘qishadi. Qur’on tilovatini eshitib, dinga kirgan va islomni targ‘ib qilgan. Ularning ichida ham xuddi odamlarga o‘xshab imonsiz-imonli, yaxshi-yomon, adashgan va hidoyatda yurganlari, firibgar va soddalari bor. Jinlardan ham Qur’onga, Payg‘ambar sollalloh alayhi vasallamga iymon keltirib yaxshi yo‘lda yurganlari jannatga, imonsiz bo‘lib yomon yo‘lda yurganlari do‘zaxga tushadilar. Ular odamlarga hech qachon yordam bera olmaydi va g‘ayb sirlarini bilmaydi. Chunki Qur’oni karim nozil bo‘lgandan so‘ng ular bu xislatlardan mahrum bo‘lgan.
Qur’oni karimda Alloh taolo marhamat qiladi:
“Albatta bizlar (farishtalarning so‘zlarini o‘g‘rincha eshitib olish uchun) osmonga taqilgan edik, uning kuchli qo‘riqchi (farishta)lar va (o‘g‘ri jinlarga otilguvchi uchar) yulduzlar bilan to‘la ekanligini ko‘rdik. Albatta bizlar (ilgari osmondan ayrim) joylarga (farishtalarning so‘zlarini o‘g‘rincha) eshitib olish uchun o‘tirib olar edik. Endi hozir (ya’ni, Muxammad alayhissalom payg‘ambar qilib yuborilganlaridan keyin) esa kim (ya’ni, qaysi jin o‘g‘rincha) eshitar bo‘lsa, o‘zini kuzatib turgan bir (uchar) yulduzni ko‘rar. Albatta bizlar yerdagi kishilarga (Alloh tomonidan) yomonlik iroda qilinganmi yoki Parvardigorlari ularga yaxshilikni iroda qilganmi, bilmasmiz” (Jin surasi, 8,9,10).
Islomdan avvalgi vaqtda jinlar osmonga chiqib maloikalarning o‘zaro suhbatlarini, jumladan, yaqin kunlarda sodir bo‘ladigan va bo‘lgan ba’zi ishlar haqidagi ma’lumotlarni yashirin eshitib, yerdagi folbinu munajjimlarga birga o‘nni qo‘shib yetkazar edi. Oradan ancha vaqt o‘tib, osmon xabariga quloq osgani chiqsalar, ularni yulduzlardan uzilib chiqqan uchqunlar urib haydaydigan bo‘lib qoldi. Ular yerga o‘z qavmlari huzuriga qaytib, “Nima bo‘ldi ekan, bizni uchqunlar quvadigan bo‘lib qoldi-ku?” deyishadi. Shunda ba’zilari, dunyoda ulkan, olamshumul o‘zgarish bo‘lgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylashadi. Mashriqu mag‘ribni kezib bizdan osmon xabarini to‘sgan narsani qidirish zarur, degan qarorga kelib, safarga otlanadilar. Rivoyatlarda naql qilinishicha, Nasiybin nomi bilan ataluvchi joyda yashovchi jinlardan yetti nafari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bomdod namozida qiroat qilayotganlarini eshitib to‘xtashgan, bizdan osmon xabarini to‘sgan narsa shu, deb o‘z qavmlariga qaytib, bo‘lgan hodisani aytadilar.
Johiliyat vaqtida arab qabilalari jinlarga maxfiy, noravshan xudolar deb e’tiqod qilardilar. Ular jinlarning nasabi Alloh taologa yetib boradi, uning jinlardan sheriklari bor, degan buzuq e’tiqodga ham bo‘ysunardi. Shuningdek, arablar jinlar g‘oyibdan xabardor, folbin va munajjimlarga osmon sirlarini aytib turadi, degan o‘yda edilar. Johiliyat arablarida jinlarning hukmi yer yuzida o‘tadi, degan xom xayol bo‘lib, agar ulardan birortasi biror joyga borib yotib qolmoqchi bo‘lsa, «Ushbu joyning xo‘jayin jinidan panoh so‘rayman», degan ma’nodagi duoni qilardi. Hozirgi vaqtgacha kishilarda yuqoridagi aytiladiganlarga o‘xshash turli-tuman buzuq, bid’at-xurofotdan iborat tushunchalar mavjud va ular bu yolg‘on e’tiqodga ishonadi.
Islom dini kelib, Qur’on nozil bo‘la boshlagach, jinlar uchun osmonning barcha yo‘llari berkilgan va yuqoridagi oyatda jinlarning o‘zlari e’tirof etganidek, ular Alloh yerdagi bandalari bo‘lmish insonlarga nimani iroda qilishidan mutlaqo bexabardir. Shunday ekan, jinlardan panoh tilash yoki ulardan najot kutish, folbinlarga borib ulardan yordam so‘rash shirk va bid’atdan o‘zga narsa emas. Alloh taolo ana shunday shirk va bid’at amallardan hamisha o‘z panohida asrasin.
Muhammadmuso NABIJONOV,
tayyorladi.
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati