"Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Nimaniki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir" (Oli Imron, 92).
Imom Nasafiy (rahimahulloh) oyatning tasfsirida: "Muhtojlarga qilayatgan infoq-ehsoningiz o‘zingiz yaxshi ko‘rib, uni boshqa narsalardan afzal deb bilgan mol-mulkingizdan bo‘lsin", degan.
Mazkur oyatning “Yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar" jumlasidan yaxshi bandalardan bo‘lolmaysiz yoki Alloning ajru savobiga erisholmaysiz, degan ma’nolar tushuniladi. Hasan Basriy (rahmatullohi alayh): "Banda Allohning roziligi uchun yaxshi ko‘rgan narsasini – garchi u bir dona xurmo bo‘lsa ham – sadaqa qilgan kishi mazkur oyatga amal qilgan bo‘ladi", degan. Imom Vositiy (rahimahulloh) esa: "Yaxshilik (jannat)ga erishish”, yaxshi ko‘rgan narsalarning ma’lum qismini infoq-ehson qilish bilan bo‘ladi", deydi. Muhammad ibn Husayn (rahmatullohi alayh)dan rivoyat qilinadi: “Imom Suddiy (rohimahulloh): “Oyatdagi "yaxshilik"dan murod jannatdir”, degan.
Banda o‘zi yaxshi ko‘rgan narsani muhtojlarga ehson qilsa, buyuk ajrga ega bo‘ladi. Umar ibn Abdulaziz shakar sotib olib, uni sadaqa qilar edi. U zotga "Nega shakarni pulini sadaqa qilib qo‘ya qolmaysiz?" deyildi. U zot "O‘zim yaxshi ko‘rgan narsani ehson qilishni xohlayman", degan.
Inson o‘zida bo‘lishini xohlagan narsani, birodariga ilinishi kishining imoni komil ekaniga ishoradir. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): "Inson yaxshi ko‘rgan narsasini birodariga ham ilinib, unda shu narsa bo‘lishini yaxshi ko‘rmaguncha komil mo‘min bo‘lolmaydi", dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Manbalarda aytilishicha Oysha (roziyallohu anho) Qur’oni karim tilovat qilayotib "Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar” oyatiga yetganlarida to‘xtab, tilla suvi yuritilgan Mus'haflarini sotib, pulini sadaqa qilib yuborganlar.
Mazkur oyatining “Nimaniki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir" qismini Imom Abu Ja’far (rahmatullohi alayh) bunday tafsir qilgan: "Ey mo‘minlar Allohga itoat etib, Ungagina ibodat qiling. Undan umid qilinayotgan yaxshilik, Alloh taolo sizlarni jannatga kiritib, do‘zax azobidan xalos etishidir.
Abu Talha (roziyallohu anhu) Madina shahridagi ansor sahobalarning mol-mulki ko‘plaridan biri edi. Uning Masjidi nabaviy ro‘parasida Bayraho nomli bog‘i bo‘lib, uni juda yaxshi ko‘rardi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ham bog‘ga kirib, undagi buloqning suvidan ichar edilar. Anas (roziyallohu anhu) aytadi: "Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar” oyati nozil bo‘lgan paytda, Abu Talha (roziyallohu anhu): "Yo Rasululloh, mening eng yaxshi ko‘rgan narsam Bayraho nomli bog‘im. Uni Alloh yo‘lida sadaqa qildim. Men uni oxiratga zaxira bo‘lishini umid qilaman. Bog‘ni, Alloh buyurgan joyga ishlating”, dedi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh senga baraka bersin! Bu juda foydali mol bo‘ldi, juda foydali mol bo‘ldi. Ey Abu Talha, so‘zingni eshitdim, uni o‘zingning muhtoj yaqinlaringga sarflashingni foydali deb o‘ylayman", dedilar. Abu Tolha (roziyallohu anhu): "Bog‘ni qarindoshlari va ammakilarining o‘g‘illariga bo‘lib berdi (Imom Buxoriy rivoyati).
Oyati karimada ixtiyoriy ehson-sadaqa qilishning me’yori bayon qilinmoqda. Unga ko‘ra, inson infoq qilishda qo‘lidagi arzimas, yaroqsiz narsani emas, balki, o‘ziga mahbub-sevimli, sifatlisining ma’lum qismini chin ko‘ngil bilan berishi lozim. Farz ehsonlar – zakot va ushr kabi sadaqalarni berishda o‘rtachasini berish lozim ekani manbalarda zikr qilingan. Zero, oyatning so‘ngida "Nimani infoq qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir", deb, sevimli va sifatli narsani infoq qilishga targ‘ib etilmoqda.
Alloma Sha’roviy (rahmatullohi alayh) aytadi: “Alloh taolo banda yaxshi ko‘rgan narsasini infoq qilgani evaziga yaxshilik – jannatni beradi. Inson haqiqatda yaxshi ko‘rganini infoq qilgani yoki yaroqsiz narsani bergani Alloh taologa ma’lum. Ey mo‘minlar, bu borada o‘zingizni aldashga urinmang! Zero, Alloh qalbning tubida hammadan yashirin bo‘lgan sirlarni ham bilur. Shuning uchun oyatning so‘ngida "Nimani infoq qilsansiz, Albatta Alloh uni bilguvchidir", deb ogoh etmoqda!
Inson dunyoda yaxshi ko‘rgan narsasini behuda sarflamaydi. Balki, uning ortidan yaxshiroq narsaga erishishga ishonsa, uni shunga sarflaydi. Demak, o‘zi uchun sevimli narsani do‘stiga ehson qilgan kishi oxiratda qayta tirilishi, hisob-kitob bo‘lishi, ajr-mukofot olishi va berganidan ko‘prog‘iga ega bo‘lishiga ishodi. Shuning uchun, har narsani yaxshisini hadiya qiladi.
Ehson qilinadigan narsa sifatli bo‘lishi lozim. Hadiyani olgan odam, o‘zini kamsitilgandek his qilmasligi kerak. Balki, sovg‘ani olib xursand bo‘lib, ochiq yuz bilan qabul qiladigan narsa bo‘lsin. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Ey, imon keltirganlar! O‘z qo‘l mehnatingiz va Biz sizlar uchun yerdan chiqargan narsalarning yaxshilaridan ehson qilingiz! O‘zingiz faqat ko‘zingizni chirt yumibgina oladigan darajadagi yomon narsalarni (ehson qilishga) tanlamangiz! Shuningdek, bilingizki, albatta, Alloh g‘aniy va maqtovga loyiq zotdir (Baqara, 267).
Ba’zi kishilar zakot yoki sadaqa beradigan bo‘lsalar, sifatli va marg‘ub mollaridan emas, balki nuqsonli va past navli narsalaridan beradilar. Vaholanki, o‘sha narsalar o‘zlariga berilsa olmagan yoki noilojlikdan olgan bo‘lur edilar. Bu oyati karimaning nozil bo‘lishiga sabab ba’zi musulmonlarning o‘sha davrda zakotga berish uchun eng past navli xurmolarni ajratganliklari bo‘lgan.
Allohning g‘aniyligi, ya’ni boy va behojat ekani to‘g‘risida qayd etilishining sababi Uning butun borliq va mulkka ega ekani hamda odamlarning beradigan ehson va sadaqalariga mutlaqo muhtoj emasligi, balki qilinadigan xayr-ehsonlar va zakotu ushrlar bandalardan olinib yana ularning muhtojlariga berilishidir. Shunga ko‘ra, xalq orasida “Bergan Allohga yoqibti” degan naql noo‘rindir.
Bilimdon ekanini eslatishidan murod bandalariga buyurgan yoki ularga taqiqlagan ishlarini U bilim va hikmat asosida qilishini, biror ishni behuda yoki besabab qilmasligini eslatishdan iboratdir (Shayx Abdulaziz mansur).
Tafsir kitoblari asosida
Toshkent islom instituti mudarrisi
Bahodir A’ZAMOV tayyorladi.
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi