Kecha, 26 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida haj va umra safarlari bo‘yicha Saudiya Arabistonidagi hamkor “al-Hidoya” shirkati rahbari Shayx Solih Solim Bahvayniy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mehmonni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari kutib olishdi.

Muftiy hazratlari uchrashuv avvalida so‘z olib, “al-Hidoya” shirkati bilan ko‘p yillardan buyon hamkorlik qilib kelinayotgani, haj va umra safarlari muvaffaqiyatli o‘tayotganini bildirdilar. Shuningdek, kelgusi haj va umra safarlarida ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatishni yuqori darajaga ko‘tarish, mehmonxona, transport xizmati va taomlar sifatini yanada yaxshilash, Mino va Muzdalifa vodiylarida yetarli joy ajratishga erishish hamda ishchi, oshpazlar va tibbiyot guruhlarini barcha zarur shart-sharoitlar bilan ta’minlash kabi masalalarni alohida qayd etdilar.

Muloqotda Ortiqbek Yusupov haj va umra mavsumlarida Madina shahrida ham yangi mehmonxonani olish, umumiy ovqatlanish joyi bo‘lishiga e’tibor qilish, ishchi va tibbiyot guruhlariga alohida xizmat xonalari ajratish kabi masalalalrni hal etish zarurligini ta’kidladi.

Hamkor “al-Hidoya” shirkati rahbari Shayx Solih Solim Bahvayniy o‘zbekistonlik haj va umra ziyoratchilariga xizmat qilish sharaf ekani, shu kunga qadar bu borada katta yutuqlarga erishib kelinayotgani, natijada, ziyoratchilarga hamkor emas, balki bir oiladek xizmat qilinayotganini bildirdi. Solih Bahvayniy so‘zida davom etib, yuqorida qayd etilgan barcha masalalar va talablarni bajarishga imkoni borligini bildirib, ishonchni to‘la oqlash uchun bor kuch-quvvatini ishga solishini ta’kidladi. U so‘zining yakunida o‘zaro ishonchli hamkorlik uchun minnatdorlik izhor qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar “Umra–2018” mavsumi bo‘yicha shartnoma imzoladilar. Unga ko‘ra, bahor mavsumida 8500 nafar, ramazon mavsumida 1500 nafar yurtdoshlarimiz umra ziyoratini ado etishi belgilangan. "Umra – 2018" bahor mavsumi 2018 yil 1 fevraldan boshlanishini rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Toshkent islom instituti magistratura bosqichi hamda Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan talabgorlar uchun joriy yilning 11 avgust kuni ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
Talabgorlar tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi fanlardan imtihon topshiradilar:
Teologiya (Tafsir va Qur’on ilmlari): Qur’oni karim va tajvid, Tafsir;
Teologiya (Hanafiylik va fiqh ilmlari): Fiqh, Usulul-fiqh;
Hadis ilmi maktabi: Hadis va mustalahul hadis.
Imtihonlar 11 avgust kuni soat 8:00 da Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida boshlanadi. Talabgorlarni ro‘yxatga olish jarayoni soat 7:30 dan start oladi.
Muhim eslatma: Abituriyentlar imtihonga pasport (yoki ID-karta) asli hamda «Imtihon ruxsatnomasi» bilan kelishlari shart. Ushbu hujjatlardan biri bo‘lmagan talabgorlar imtihonga kiritilmaydi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47-uy.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati