بسم الله الرحمن الرحيم
Umrning qadri
Muhtaram birodarlar! Mana 2017 yil ham nihoyasiga yetib, umrimizdan yana bir yili ortda qoldi. Zero, Alloh taolo bu dunyo hayotini va undagi barcha narsalar, jumladan sizu biz insonlarni ham foniy qilib yaratdi. Alloh taolodan boshqa hech narsa boqiy emasligini Qur’oni karimda bayon qildi:
كُلُّ مَنْ عَلَيْهَا فَانٍ وَ يَبْقَى وَجْهُ رَبِّكَ ذُو الْجَلَالِ وَالْإِكْرَامِ (سُورَةُ الرّحمَنِ/26-27).
ya’ni: “(Yer) yuzidagi barcha mavjudot foniydir. Ulug‘lik va Ikrom sohibi bo‘lmish Rabbingizning “yuzi” boqiy qolur” (Ar-Rahmon surasi, 26-27-oyatlar). Darhaqiqat, umrimizning bir qismi bo‘lmish o‘tkazgan bu yilimizda qanchalik xayrli va savobli ishlarni qilganimiz yoki gunoh va xatolarga yo‘l qo‘yganligimiz endi, oxiratda o‘zimizga hujjat bo‘ladi. Yaxshilik bilan o‘tkazgan bo‘lsak, alhamdu lillah, ammo gunoh va xatolarni ko‘p qilgan bo‘lsak, ularni to‘g‘rilab olish uchun hali imkonimiz bor. Zero, insonning umri nihoyasiga yetgach kamchiliklarni to‘g‘rilashning imkoni qolmaydi. Qur’oni karimda shunday xabar berilgan:
وَهُمْ يَصْطَرِخُونَ فِيهَا رَبَّنَا أَخْرِجْنَا نَعْمَلْ صَالِحًا غَيْرَ الَّذِي كُنَّا نَعْمَلُ أَوَلَمْ نُعَمِّرْكُمْ مَا يَتَذَكَّرُ فِيهِ مَنْ تَذَكَّرَ وَجَاءَكُمُ النَّذِيرُ فَذُوقُوا فَمَا لِلظَّالِمِينَ مِنْ نَصِيرٍ (سُورَةُ الفاطر/37).
ya’ni: “Ular u joyda: “Parvardigoro, bizlarni (azobdan) chiqargin – bizlar qilib o‘tgan amallarimizdan boshqacha yaxshi (amallarni) qilaylik!” – deb faryod qilurlar. Axir, Biz sizlarga eslatma oladigan kishi eslatma olgudek uzun umr bermaganmidik?! Sizlarga ogohlantiruvchi (payg‘ambar) ham kelgan edi-ku! Bas, endi (jazolaringizni) totaveringiz! Zolimlar (kofirlar) uchun yordamchi bo‘lmas” (Fotir surasi, 37-oyat). Umrni g‘animat bilish haqida Payg‘ambarimiz s.a.v.dan ko‘plab hadislar, sahobalardan asarlar vorid bo‘lgan. Abdulloh ibn Umar r.a. aytadilar:
عَن عَبدِ الله بنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنهُمَا قَالَ، أَخَذَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِمَنْكِبِي، فَقَالَ: "كُنْ فِي الدُّنْيَا كَأَنَّكَ غَرِيبٌ أَوْ عَابِرُ سَبِيلٍ" وَ كَانَ ابْنُ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنهُمَا، يَقُولُ: "إِذَا أَمْسَيْتَ فَلاَ تَنْتَظِرِ الصَّبَاحَ، وَإِذَا أَصْبَحْتَ فَلاَ تَنْتَظِرِ المَسَاءَ، وَخُذْ مِنْ صِحَّتِكَ لِمَرَضِكَ وَمِنْ حَيَاتِكَ لِمَوتِكَ" (رواه الإمام البخاري).
ya’ni: Rasululloh s.a.v. mening yelkamdan tutib shunday dedilar: “Dunyoda go‘yo g‘aribdek yoki yo‘lovchidek bo‘l”. Shundan so‘ng Ibn Umar r.a. ham: “Kech kirsa tongni kutib o‘tirma, tong otsa kech kirishini kutib o‘tirma, sog‘lik vaqtingda bemorligingda qilaolmaydigan ishlaringni qilib qol, tirikligingda vafotingdan keyin asqotadigan amallarni qilib qol”, deb yurar edi (Imom Buxoriy rivoyati). Ibn Abbos r.a.dan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat qiladilar:
روي عن ابن عباس رضي الله عنهما أن النبي صلى الله عليه وسلم قال لرجل يعظه:” اغْتَنِمْ خَمْسًا قَبْلَ خَمْسٍ: شَبَابَكَ قَبْلَ هِرَمِكَ، وَصِحَّتَكَ قَبْلَ سَقَمِكَ، وَغِنَاءَكَ قَبْلَ فَقْرِكَ، وَفَرَاغَكَ قَبْلَ شُغْلِكَ،
وَحَيَاتَكَ قَبْلَ مَوْتِكَ“) رواه الإمام الحاكم.(
ya’ni: Rasululloh (s.a.v.) bir odamga nasihat qilib turib unga:
“Sen besh narsani besh narsadan avval g‘animat bilgin: yoshligingni qariligindan avval, salomatligingni kasal bo‘lishingdan avval, boyligingni faqirligingdan avval, bo‘sh vaqtingni bir ishga mashg‘ul bo‘lmasingdan avval va hayotligingni o‘limingdan avval g‘animat bilgin”, - dedilar (Imom Hokim rivoyati).
Ushbu hadisni birinchi va beshinchi nasihatlarini kengroq sharh qilamiz.
Birinchi: “Yoshlik, o‘spirinlik davrini keksayib, munkillab qolishdan avval g‘animat bilmoqlik”. Yoshlikda qilingan ishlar puxta, mustahkam bo‘ladi, ibodatlarning savobi ham ortiq bo‘ladi. Shuning uchun ham hamma zamonda mamlakatning kelajakdagi mustahkamligi, uning kuch-qudrati, taraqqiyoti usha mamlakat yoshlarining salohiyati bilan chambarchas bog‘langan. “Yoshlikda olingan ilm toshga o‘yilgan naqsh kabidir”, deyiladi hadisda.
Beshinchi: “Tiriklikni o‘lim kelishidan oldin g‘animat bilmoqlik”. Alloh taolo insonni dunyoga keltirib, unga Payg‘ambar yuborib, unga shariat ahkomlarni yetkazdi. O‘z navbatida shariat ko‘rsatmalariga amal qilgan kishilarga ulug‘ savoblarni va’da qildi. Shariat qoidalarga amal qilish – qilmaslik Alloh uchun hech qanday foyda yoki zarar keltirmaydi. Bas shunday ekan, inson hayotida Allohning amriga nechog‘lik itoat etsa, kelajakda oxirati ham obod bo‘ladi. Oqil inson - hayotiy dunyodan oxirati uchun foydalanib qolgan kishidir. Alloh taolo Qur’oni karimda:
الَّذِي خَلَقَ الْمَوْتَ وَالْحَيَاةَ لِيَبْلُوَكُمْ أَيُّكُمْ أَحْسَنُ عَمَلًا وَهُوَ الْعَزِيزُ الْغَفُورُ (سُورَةُ الملك/2).
ya’ni: “(U) sizlarning qaysi biringiz chiroyliroq (savobliroq) amal qiluvchi ekaningizni sinash uchun o‘lim va hayotni yaratgan zotdir. U Aziz (qudratli) va G‘afur (kechirimli)dir.”,- deb marhamat qiladi (Mulk surasi, 2-oyat).
Muhtaram azizlar! Mo‘min kishi dunyoning o‘tkinchiligini, oxirat hayotining abadiy ekanligini hech qachon esidan chiqarmasligi, ayni paytda Alloh bergan umrini dunyo va oxirati uchun foydali bo‘lgan amallar bilan o‘tkazishga harakat qilmog‘i, dunyoning yolg‘onchi hoyu-havaslariga aldanib, gunoh va ma’siyatlar bilan o‘tkazishdan ehtiyot bo‘lmog‘i lozim. Hozirgi kunda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning ko‘payib ketishiga sabab bo‘layotgan omillardan biri ularning oxirat kunida bo‘ladigan voqe’liklarni tafakkur qilmasliklari, qilayotgan jinoyatlarining oqibati dunyo-yu oxiratda ularga foyda bermasligi, aksincha bu amallar ularga xasrat va nadomat bo‘lishlini anglamayotganidandir.
Muhtaram jamoat! Ma’lumki, yosh avlodni barkamol voyaga yetkazish
va turli zararli odat va ta’sirlardan ehtiyotlab saqlash hozirgi zamonning eng dolzarb masalasidir. Zero, aql va tanani muhofaza qilib, uni ehtiyotlab saqlash har bir inson uchun ham farz, ham qarz amaldir. Shundagina inson Alloh va uning Rasuli hamda rahbarlari buyrug‘iga itoat qiladigan, irodali, iymonli, aqlli, sog‘lom, odob-axloqli, jismonan barkamol, o‘z diniga himmatli, xalqiga fidokor, yurt manfaatini ko‘zlovchi, Vatanni sevuvchi va ardoqlovchi, hammaga barobar yaxshilikni ravo ko‘ruvchi, mas’uliyatni to‘la his qiluvchi, inson bo‘lishi mumkin.
Ayni shu ma’no va mazmun Alloh taboka va taoloning qo‘yidagi oyati karimasida mujassamdir:
وَالَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ لَنُكَفِّرَنَّ عَنْهُمْ سَيِّئَاتِهِمْ وَلَنَجْزِيَنَّهُمْ أَحْسَنَ الَّذِي كَانُوا يَعْمَلُونَ
(سُورَةُ العنكبوت/7).
ya’ni, “Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarning gunohlarini, albatta, o‘chirurmiz va ularni qilib o‘tgan chiroyli amallari bilan mukofotlagaymiz” (Ankabut surasi, 7-oyat).
Ilova
Milodiy sana haqida
Muhtaram azizlar! Milodiy yil deganda quyoshning chiqib-botishi bilan hisoblanadigan shamsiy sanani anglamog‘imiz kerak. Mana shu quyosh nuri yil davomida qachon kuchayadi, qachon kamayadi, shunga qarab, dehqonlar bahor, yoz, kuz, qish fasllariga e’tibor berib, o‘z dehqonchiliklarini qachon boshlab, qachon yig‘ishtirib olish lozimligini belgilab keladilar. Shamsiy-milodiy sana hisobidagi 12 oyni har bir xalq o‘z tilida nomlagan. Masalan, biz ko‘proq arabcha, o‘zbekcha, ruscha nomlarini qo‘llaymiz: Hamal, Savr, Javzo, Saraton, Asad, Sunbula, Mezon, Aqrab, Qavs, Jadiy, Dalv va Hut kabi nomlar xalqimizga azaldan tanish. Yanvar, fevral, mart, aprel, may, iyun, iyul, avgust, sentyabr, oktyabr, noyabr va dekabr oylari keng istemolda ekani ham barchaga ma’lum. Mazkur oylar nomining xristian dini bilan bog‘liq joyi yo‘q.
Lekin xalqimiz ichida “Yangi yilni, ya’ni 1-yanvar kunini kutib olish, bayram qilish, bir-birini tabrik qilish musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydi, u xristianlarning bayrami” kabi gaplarni gapirib yuruvchilar ham bor. 1 yanvar xristianlarning bayrami emas, balki shamsiy-milodiy sana bilan yil hisobini yurituvchi xalqlarning hammasi uchun yil boshi sifatida qarshi olinadigan kun. Vaholanki, xristianlarning “Rodjestvo” kuni 25 dekabr yoki 7 yanvarga to‘g‘ri keladi. 1-yanvarni esa barcha dunyo xalqlari qatori biz ham yilning yangilanishi sifatida kutib olamiz va bir yil davomida qo‘lga kiritgan yutuq va kamchiliklarimizni birma-bir sarhisob qilib olamiz. Biz yangi yilni musulmoncha e’tiqod bilan kutib olamiz. Hatto dinimiz ta’limoti bo‘yicha har bir kunni qarshi olishda “Mana shu yorug‘ kunga salomat yetkizganingga shukr” – deb Alloh taologa hamdu sanolar aytishimiz lozim.
“Bayonun lin-nas” nomli kitobda bu xususda musulmonlar uchun ancha kenglik borligi qayd etilgan. Dalil sifatida “Rum” surasining
1-5 oyatlari va hadisi shariflardan keltirilib, ikki hayitdan boshqa ma’lum kunlarda barhaq payg‘ambarlar hayotida yuz bergan muhim voqea va sanalarni bayram qilish va bayramlar diniy hamda dunyoviy sabablar munosabati bilan nishonlash durustligi zikr etilgan.
Binobarin, yangi milodiy-shamsiy yilni diniy bayram sifatida emas, yilning yangilanishi, umrimizga umr qo‘shilishi, eski yilda qilib ulgurmagan xayrli ishlarimizni yangi yilda qilish uchun yaxshi niyatlar bilan kutib olishimiz aqlan va shar’an joizdir.
Alloh taolo kirib kelayotgan yangi 2018 yilni barchamizga xayrli va muborak aylab, yurtimizga tinchlik, xonadonlarimizga qut-baraka nasib aylasin!
Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.
Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.
Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.
Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.
Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.
Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.
Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati