Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

Bir oyatning to'g'ri talqini

28.04.2023   3196   3 min.
Bir oyatning to'g'ri talqini

 

 

Islom ummatini zalolat yo'liga boshlayotgan “Hizb ut-tahrir” siyosiy guruhining rahnamolari o'zlarining botil g'oyalarini dalil bilan qo'llab-quvvatlash uchun Qur'oni karim va hadisi shariflarni noto'g'ri talqin qilishadi.

Jumladan, “Hizb ut-tahrir” nashrlaridan biri bo'lgan “Siyosiy fikrlar” kitobida, “Hizb ut-tahrir”ni tashkil etish, aslida, Islom ummatiga Qur'oni karimning Oli Imron surasi 104-oyatining qat'iy talabi bilan farz deb, da'vo qilishadi.

وَلْتَكُن مِّنكُمْ أُمَّةٌ يَدْعُونَ إِلَى الْخَيْرِ وَيَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنكَرِ وَأُولَٰئِكَ هُمُ الْمُفْلِحُونَ

“Sizlardan yaxshilikka da'vat etadigan, amri ma'ruf va nahiy munkar ishlarini olib boradigan (bir) ummat bo'lsin!”

       Mazkur oyatda kelgan “Ummat” lafzi, jamoat ma'nosida kelgan bo'lib, “Hizb ut-tahrir” rahnamolari o'zlariga nisbat berishadi. Oyatda majhul (noma'lum) siyg'ada “bir ummat” deyilgan, usha ummat bizmiz deyishadi. Vaholanki, Hizb ut-tahrir firqasi hammaga ma'lum bo'lgan siyosiy radikal jamoa. Ushbu oyat nozil bo'lganiga 1400 yil bo'lgan, bu adashgan firqaning tashkil etilganiga hali 100 yil ham bo'lgani yo'q. Ular bu oyat aynan bizga nozil bo'lgan, deya nohaq da'vo qilishadi. 

        Demak, ularning da'vosi rost bo'lsa 1400 yil davomida Islom ummati bu oyatga amal qilmay “Hizb ut-tahrir” jamoasini tashkil topishini kutib yotgan ekanda! Qolaversa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrida ham, sahobalar davrida ham, keyinroq, ummaviylaru abbosiylar davrida ham, qo'yingki, usmoniylar davrida ham, hech bir zamonda musulmon olimlar tarafidan ushbu oyatga amal qilish maqsadida, alohida bir jamoa tuzilib, unga amir saylash masalasi ko'tarilmagan.

        Tafsir kitoblariga nazar tashlar ekanmiz, mufassirlar bu oyatni quyidagicha tafsir qilishgan:

Imom Tabariy o'zining “Tafsiri Tabariy” asarida mazkur oyat xususida Zahhokdan: “Ular (usha oyada zikri kelgan jamoa) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xos sahobalari, xos roviylaridir” deb rivoyat qilgan. 

Bu oyat, roviylar tomonidan rivoyat qilingan sahih hadislar orqali tafsir qilingan. Oyat tafsirlarini jamlab umumiy tahlil qilib aytish mumkinki, sahoba va roviylardan iborat bo'lgan, Islom ummatining ilm ahlidan bo'lgan xos da'vatchilari, hamda ularning davomchisi bo'lgan ulamolar jamoasi.  Ko'rinib turibdiki, o'tmishda o'tgan salafi solihlarimiz oyatdagi “Ummat” lafzini kelajakda paydo bo'lishi mumkin bo'lgan botil firqalarning birortasiga nisbat bermagan. 

Hulosa qilib aytish mumkinki, “Hizb ut-tahrir” kabi adashgan firqalar o'zlarining jirkanch g'oyalarini keng yoyish maqsadida Qur'oni karim va hadisi shariflarni noto'g'ri talqin qilish orqali yolg'on da'vo bilan chiqmoqdalar. Ularning botil da'volariga qarshi chiqib, Islom ummatini bu xavfdan ogohlantirish, har bir ilm ahli zimmasidagi dolzarb vazifadir.   

O'ljayev Umarali - Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Xo‘jamulki" mahallasida obodlik va mehr-saxovat

16.08.2026   36036   1 min.

Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Xo‘jamulki" mahallasida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida qizg‘in obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu tashabbus mahalla hayotiga yangicha ruh baxsh etib, hamjihatlik va ezgulik muhitini yanada mustahkamlamoqda.

Azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar an’anasi asosida mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z hududini yanada obod, fayzli va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Har bir fuqaroning qalbida Vatanga muhabbat, mahallaga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urib, ular bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.

Xususan, mahalla hududidagi muqaddas qadamjolardan biri – "Xo‘jamulki ota" qabristonida keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hashar ishtirokchilari tomonidan qabriston hududi begona o‘tlar va chiqindilardan puxta tozalanib, qabr ustilari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilib, ajdodlar xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.

Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallada obodlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash bilan birga, ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etadi. Ayni paytda, yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularni Vatanga muhabbat va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Bugungi hashar – kelajak avlod uchun namuna, ertangi kun uchun mustahkam poydevordir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Surxondaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari